Oliy Majlis Senatining yigirma uchinchi yalpi majlisi davom etmoqda
2019-yil 12-oktyabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma uchinchi yalpi majlisi ishi davom ettirildi. Bu haqida O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining rasmiy veb-saytida ma’lum qilingan.
Majlisda hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, mamlakatimiz va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etmoqda.
Majlisni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva olib bormoqda.
Senatorlar Namangan viloyatining Namangan shahri, To‘raqo‘rg‘on, Kosonsoy, Namangan va Yangiqo‘rg‘on tumanlari, Andijon viloyatining Xonobod shahri va Qo‘rg‘ontepa tumani chegaralarini o‘zgartirish, shuningdek Andijon viloyati Bo‘z tumanining nomini o‘zgartirish to‘g‘risidagi masalalarni ko‘rib chiqdilar.
Qayd etilganidek, taklif etilayotgan o‘zgartishlar natijasida Namangan va Andijon viloyatlarining ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini yanada oshirish, aholi uchun eng qulay shart-sharoitlar yaratish imkoniyati paydo bo‘ladi.
Bu masalaning ijobiy hal etilishi mazkur hududlar uchun dolzarb bo‘lgan vazifalarni hal etishda, shu jumladan hududlarning o‘ziga xos jihatlaridan kelib chiqib tuziladigan tasdiqlangan mahalliy dasturlarni to‘liq amalga oshirishda muhim omil bo‘lishi ta’kidlandi.
Muhokama yakunlari bo‘yicha Oliy Majlis Senatining tegishli qarorlari qabul qilindi.