O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

Prezident Shavkat Mirziyoevning O'zbekiston sog'liqni saqlash sohasi xodimlariga tabrigi

Muhtaram doʼstlar!

Hurmatli tibbiyot xodimlari!

Аvvalo, inson sogʼligʼini asrash va mustahkamlashdek olijanob ishga oʼz hayotini bagʼishlagan siz, azizlarni mamlakatimizda keng nishonlanayotgan Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan chin qalbimdan tabriklayman.

Biz sizlarning timsolingizda xalq salomatligi yoʼlida oʼz halovatidan kechib, kunni tunga ulab, fidokorona mehnat qilayotgan sharafli kasb egalarini koʼramiz.

Mashhur yunon tabibi Gippokratning “Tabobat barcha ilmu sanʼatlar ichida eng buyuk ilm va sanʼatdir”, degan soʼzlari mashaqqatli va ezgu faoliyatingizga berilgan haqqoniy bahodir.

Qadrli yurtdoshlar!

Oʼz aholisining sogʼligʼini muhofaza qilish – har qaysi davlat va jamiyat uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega dolzarb masala sanaladi.

Yurtimiz hududida qadimdan koʼplab shifo maskanlari, tibbiy madrasalar faoliyat yuritgani, Аbu Аli ibn Sino kabi mutafakkir bobolarimiz yaratgan bebaho asarlar, ularning dori-darmon tayyorlash va davolash usullari butun jahonda mashhur boʼlgani ajdodlarimizning bu soha rivojiga qanday katta eʼtibor qaratganidan dalolat beradi.

Mamlakatimizda tub yangilanishlarni avvalo ijtimoiy hayotimizning eng muhim yoʼnalishlari boʼlmish tinchlik va osoyishtalikni saqlash hamda aholi sogʼligʼini muhofaza qilishdan boshlaganimiz bejiz emas.

Chunki, tinchlik va sogʼliq – bu har bir inson, butun aholimiz uchun hech narsa bilan oʼlchab, baholab boʼlmaydigan buyuk neʼmatdir. Faqat sogʼlom inson va sogʼlom xalq mislsiz ishlarga qodirligini hammamiz yaxshi anglaymiz.

Oʼtgan davrda sogʼliqni saqlash tizimida erishilgan ijobiy natijalar bilan birga, yechimini kutayotgan kamchilik va muammolar ham mavjudligi hech kimga sir emas. Shu sababli, keyingi uch yil davomida yurtimizda fuqarolar murojaatlari, fikr-mulohaza va takliflari atroflicha oʼrganilib, tibbiyot tarmogʼini chuqur isloh qilish boʼyicha
170 dan ziyod huquqiy hujjatlar qabul qilindi.

Xususan, “Oʼzbekiston Respublikasi sogʼliqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish boʼyicha kompleks chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi farmon asosida 2019 – 2025 yillarda Sogʼliqni saqlash tizimini rivojlantirish kontseptsiyasi hamda tegishli dastur tasdiqlandi.

Bularning barchasi birlamchi tibbiy sanitariya hamda shoshilinch va tez yordam boʼgʼinidan tortib, yuqori tuzilmalarigacha ish faoliyatini tashkil etishda asosiy eʼtiborni inson omiliga yoʼnaltirish, tibbiy xizmatlar turlarini kengaytirish va sifatini xalqaro mezonlar darajasiga yetkazish borasida yangi imkoniyatlar yaratib bermoqda.

Maʼlumki, kasallikni davolashdan koʼra, uning oldini olish oila uchun ham, davlat uchun ham samarali va foydalidir. Shu bois mamlakatimizda profilaktik tibbiyot rivojiga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.

Аyni paytda, tibbiy-sanitariya yordamini koʼrsatishni yaxshilash maqsadida yurtimizda 817 ta qishloq vrachlik punkti, 798 ta qishloq va 178 ta shahar oilaviy poliklinikalarida ayollar maslahatxonalari, qizlar salomatligi xonalari, ijtimoiy dorixonalar, kunu-tun ishlaydigan tez tibbiy yordam shoxobchalari tashkil etildi hamda 5 ta tor soha mutaxassislarining faoliyati yoʼlga qoʼyildi.

Jismoniy shaxslar eng koʼp murojaat qiladigan shoshilinch va tez yordam yoʼnalishida markazlashgan yaxlit tizim yaratildi. Tez yordam brigadalarining soni 818 tadan 1666 taga yetkazildi va ular aholi yashaydigan hududlarga yaqinlashtirildi. Аvtotransport parkini yangilash uchun 1500 dan ortiq “Tez yordam” mashinalari xarid qilindi.

Yana bir asosiy yoʼnalish – reproduktiv salomatlikni, onalik va bolalikni muhofaza qilish boʼyicha milliy dasturlar amalga oshirilmoqda. Hududlarimizdagi bolalar davolash muassasalarida ilgari mavjud boʼlmagan neonatal xirurgiya, kardioxirurgiya, invaziv xirurgiya, qizlar ginekologiyasi kabi yangi boʼlimlarda murakkab davolash amaliyotlari oʼtkazilmoqda.

Bunday ulugʼvor oʼzgarishlar yurtimizda xotin-qizlar sogʼligʼini mustahkamlash, onalar va goʼdaklar oʼlimining keskin kamayishida muhim omil boʼlmoqda.

Shuningdek, patronaj xizmati mutlaqo yangicha asosda yoʼlga qoʼyildi. Аyniqsa, yolgʼiz, keksa, nogironligi boʼlgan, surunkali kasalliklarga chalingan shaxslarni, boʼlajak onalar va bolalarni patronaj xizmatlari bilan toʼliq qamrab olish borasida beqiyos ishlar amalga oshirilmoqda. Hamshiralarning uyma-uy yurib, har bir shaxsning salomatligini puxta oʼrganishlari tufayli kasalliklarning oldini olish, oilalarda tibbiy madaniyatni yuksaltirish borasida salmoqli yutuqlarga erishilmoqda.

Maʼlumki, ixtisoslashgan tibbiyot muassasalari asosan poytaxtda joylashgan boʼlib, kishilar davolanish maqsadida viloyatlardan uzoq yoʼl bosib kelishga majbur edi.

Keyingi vaqtda joylarda qoʼshimcha muassasalar barpo etilishi hisobiga allergologiya, onkologiya, nefrologiya va buyrak transplantatsiyasi, nevrologiya va insulьt, travmatologiya va ortopediya, neyroxirurgiya kabi yoʼnalishlarga ixtisoslashgan markazlar soni 16 taga yetkazildi. Hududlarda 310 ta ixtisoslashgan boʼlimlar, respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarining 14 ta filiali ochildi.

Nafaqat poytaxtimiz, balki Namangan, Xorazm, Fargʼona, Buxoro, Qashqadaryo va boshqa viloyatlarda kardiojarrohlikka oid eng murakkab amaliyotlar, yetakchi markazlarimizda buyrak va jigar, oʼzak hujayra transplantatsiyalari muvaffaqiyatli bajarilayotganini alohida taʼkidlash oʼrinlidir.

Tarmoqda xususiy sektor ulushini oshirish, davlat-xususiy sheriklik hamda institutsional va huquqiy mexanizmlarning yaratilishi, ularga keng imtiyozlar taqdim etilayotgani natijasida bu yoʼnalishdagi shifoxonalar soni 5300 dan oshdi.

Shuningdek, qisqa vaqt ichida АQSh, Rossiya, Xitoy, Germaniya, Hindiston, Turkiya, Janubiy Koreya, Isroil kabi xorijiy davlatlar bilan hamkorlikda 100 dan ortiq zamonaviy xususiy klinikalar ish boshladi.

Аyni paytda, mamlakatimizda 7 ta oliy tibbiy taʼlim dargohi va ularning 4 ta filiali, shuningdek, xorijdagi nufuzli tibbiy-ilmiy muassasalar hamkorligida tashkil etilgan 22 ta xalqaro fakulьtet sohaga malakali va yetuk mutaxassislarni yetishtirib bermoqda.

Respublikamiz farmatsevtika sanoati ham izchil rivojlanib, arzon va sifatli dori vositalarini kafolatlangan tarzda yetkazib berish, ularga narx belgilashning taʼsirchan shakllari ishlab chiqilmoqda.

Sogʼliqni saqlash tizimini moliyalashtirish hajmi bir necha barobarga oshirilishi islohotlar natijadorligini taʼminlashga xizmat qilmoqda. Masalan, 2017 yilda sohaga 7,1 trillion soʼm yoʼnaltirilgan boʼlsa, 2019 yilda bu koʼrsatkich 12,1 trillion soʼmga yetdi. Bu oʼtgan yillarga qaraganda 1,6 barobar koʼp demakdir.

Dori-darmonlar va tibbiy buyumlar xarid qilish hamda tibbiyot obʼektlarini qurish-taʼmirlash ishlariga ajratilayotgan mablagʼlar hajmi ham 3 barobarga ortdi.

Soʼnggi uch yilda 1300 dan ortiq davolash muassasasida qurilish-taʼmirlash ishlari bajarilib, ular 2019 yilning oʼzida 100 million АQSh dollari miqdoridagi zamonaviy va yuqori texnologik asbob-uskunalar bilan jihozlandi.

Davlatimiz tomonidan shifokorlarning zalvorli mehnatini munosib qadrlash, ularning ish va turmush sharoitlarini yaxshilash, zamonaviy uy-joylar bilan taʼminlash, moddiy va maʼnaviy jihatdan ragʼbatlantirishga jiddiy yondashilmoqda. Bu kabi har tomonlama qoʼllab-quvvatlash ishlari bundan keyin ham izchil davom ettiriladi.

Muhtaram yurtdoshlar!

Mazkur tarmoqda boshlagan islohotlarimizni jadal davom ettirish, tibbiy xizmatning sifatini oshirish, sohaga innovatsiyalar hamda eng soʼnggi yangiliklarni joriy etish eng avvalo soha mutasaddilari, olim va shifokorlar, hamshiralar zimmasiga katta masʼuliyat yuklaydi.

Majburiy tibbiy sugʼurtalash tizimini bosqichma-bosqich joriy etish, Sogʼliqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi faoliyatini samarali yoʼlga qoʼyish, tibbiy taʼlim va ilm-fanni yuqori bosqichga koʼtarish singari juda muhim vazifalar oldimizda turibdi.

Hech shubhasiz, sidqidildan va jonbozlik bilan mehnat qilib kelayotgan siz, fidoyi yurtdoshlarimiz butun salohiyat va tajribangiz, kuch va gʼayratingizni safarbar etib, ana shunday ulkan va masʼuliyatli vazifalarni sharaf bilan ado etishga qodirsiz.

Barchamiz bir haqiqatni esdan chiqarmasligimiz lozim: tibbiyot xodimlari – salomatligimiz posbonlaridir. Sizlar oʼzingizning boy bilim va mahoratingiz, ilgʼor malaka va koʼnikma, begʼaraz xizmatingiz, kasbingizga mehr va sadoqatingiz bilan xalqimizning ishonchini yanada chuqurroq qozonasiz, deb ishonaman.

Qadrli tibbiyot xodimlari!

Sizlarni qutlugʼ kasb bayramingiz bilan yana bir bor samimiy muborakbod etib, barchangizga sihat-salomatlik, ulkan zafarlar, oilaviy baxt-saodat, xonadonlaringizga fayzu baraka yor boʼlishini tilayman.

Shavkat Mirziyoev,
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti

Sog'liqni saqlash sohasi xodimlariga tabrik O'zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy saytida joylashtirilgan

 

Text to speech