O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

Vakolati oshayotgan ombudsman, tartibga solinadigan er qa’ri, muhofazalanadigan shaxsiy ma’lumotlar

2018 yil 25 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar mamlakatda ijtimoiy, iqtisodiy, sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan ta’minlashga qaratilgan bir qator qonun loyihalarini ko‘rib chiqdilar. Bu haqida O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining rasmiy veb-saytida ma’lum qilingan.

Deputatlar ishni «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonuni loyihasini muhokama etishdan boshladilar.

Qayd etilganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda inson huquq va erkinlarini ta’minlashga katta e’tibor berilmoqda. Parlament quyi palatasi deputatlari tomonidan tayyorlangan mazkur qonun loyihasi ham ana shu yo‘ldagi chora-tadbirlardan bo‘lib, Prezidentimizning 2018 yil 5 maydagi “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 70 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosi yuzasidan ishlab chiqilgan.

Deputatlar fikricha, bu O‘zbekistonda “milliy preventiv mexanizm” institutining joriy etilishini, ya’ni qamoqda saqlash joylariga Ombudsmanning kirib turishi orqali qiynoq va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala va jazo turlarining oldini olish choralari ko‘rilishini anglatadi.

Loyihada Ombudsman qamoqda saqlash joylariga kirganida u erda saqlanayotgan shaxslar soni haqida ma’lumot olishi, ularni saqlash sharoitini o‘rganishi, shaxslar bilan xoli uchrashishi, bunday joylarda shaxsni saqlashning qonuniyligini tasdiqlovchi hujjatlar bilan tanishib chiqishi mumkinligi kabi normalar o‘z aksini topmoqda. Shuningdek, qamoqda bo‘lib turgan shaxsni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishni talab qilishi, qamoqda saqlash joylari ma’muriyatining qonunga zid harakati (harakatsizligi)ning oldini olish bo‘yicha shoshilinch choralar ko‘rishi, shaxslarni qamoqda saqlashning sharoiti haqida o‘z xulosasini tayyorlashi va uni tegishli organlarga yuborishi, bu kabi faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan takliflar ishlab chiqishi ko‘zda tutilmoqda.

Qamoqda saqlash joylaridan tashqari, shaxs o‘z xohish-irodasi bilan tark etish imkoni bo‘lmagan boshqa joylarga ham Ombudsmanning kirib borishi nazarda tutilmoqda. Bunday joylar sirasiga shaxsni sud yoki boshqa vakolatli organ qarori bilan joylashtiriladigan turli internat muassasalari, ijtimoiy xavfli kasalliklarga chalingan shaxslarni davolash va saqlash muassasalari, psixiatriya muassasalari va boshqalar kiradi.

Eng asosiysi, qonun loyihasida Ombudsmanning ushbu faoliyatiga amaliy ko‘mak berish uchun nodavlat notijorat tashkilotlari vakillaridan iborat ekspertlar guruhi tuzilishi lozimligi haqidagi normani kiritish, Ombudsman Kotibiyatida unga ko‘maklashish sho‘‘basini tuzish nazarda tutilmoqda. Bundan tashqari, mansabdor shaxslarning Ombudsman oldidagi mas’uliyatini oshirish maqsadida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga yangi 1974-modda kiritish va unda Ombdusmanning qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun ma’muriy javobgarlik o‘rnatish taklif etilmoqda.

Deputatlarning ta’kidlashicha, ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi yurtimizda “milliy preventiv mexanizmi”ni joriy etish, shu asnoda demokratik islohotlar jarayonida adolatlilik, insonparvarlik va qonun ustuvorligi kabi tamoyillarni samarali amalga oshirishda yanada qulay sharoit yaratadi.

Majlisda ko‘rilgan masalalar orasida Davlat geologiya qo‘mitasi, uning tasarrufidagi tashkilotlar va joylardagi davlat hokimiyati organlarining er osti boyliklaridan foydalanish sohasidagi roli, mas’uliyatini oshirish, mazkur sohada faol investitsiyaviy siyosatni yuritish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida «Er osti boyliklari to‘g‘risida»gi va «Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida»gi qonunlarga hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga tegishli o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi muhokamasi ham qizg‘in kechdi.

Deputatlar fikricha, ushbu qonun loyihasi qabul qilinishi natijasida faoliyatini qonunchilikka muvofiq amalga oshiruvchi er qa’ridan foydalanuvchilar sonining ko‘payishi va soliq tushumlarining ortishiga, qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlarni qazib olishni qonuniylashtirish, foydali qazilmalarni ruxsatsiz qazib olish hollariga chek qo‘yishga xizmat qiladi. Ayni paytning o‘zida qonunning qabul qilinishi yuridik va jismoniy shaxslarning ushbu sohadagi noqonuniy faoliyatlari uchun javobgarligini kuchaytirishga, davlat nazorati samaradorligini oshirishga, shuningdek, erosti boyliklarini saqlash hamda ulardan oqilona foydalanishni ta’minlashga yordam beradi.

Qayd etish joizki, bugungi globallashuv tobora shiddatli tus olayotgan bir paytda fuqarolarning shaxsiy ma’lumot va axborotlari xavfsizligini ta’minlash dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Mamlakatimiz Konstitutsiyasiga muvofiq, har bir shaxs shaxsiy hayot daxlsizligi, shaxsiy va oilaviy sir, o‘z qadri va g‘ururini himoya qilish huquqiga ega. Qolaversa, “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi qonunga asosan, jismoniy shaxslarning shaxsiy ma’lumotlari haqidagi axborot konfidensial ma’lumotlar sirasiga kiradi.

Mazkur normalar shundan dalolat beradiki, davlatda insonning shaxsiy hayoti haqidagi axborotlarni himoyalash davlat siri tarkibiga kiruvchi ma’lumotlarni muhofazalash darajasida amalga oshiriladi.

Majlisda deputatlarning bahs-munozarasiga sabab bo‘lgan masalalardan yana biri — «Shaxsiy ma’lumotlar to‘g‘risida»gi qonuni loyihasi ham ana shunday hayotiy zarurat tufayli tayyorlangani bilan ahamiyatlidir. Raqamli texnologiyalar davrida fuqarolarning asosiy huquqlarini qo‘shimcha mustahkamlashga qaratilgan muhim huquqlarni ta’minlashni nazarda tutuvchi ushbu qonun loyihasi shaxsiy ma’lumotlar bilan ishlash ishtirokchilarining o‘rnatilgan me’yor va qoidalarga rioya etishini ta’minlash, fuqarolarga o‘z shaxsiy ma’lumotlari ustidan nazorat qilish bo‘yicha keng imkoniyatlar yaratishga yordam beradi. Shuningdek, shaxsiy ma’lumotlarni xalqaro uzatishini soddalashtiradi hamda qaerda qayta ishlanishidan qat’i nazar, fuqarolar ma’lumotlari himoyasini ta’minlash kafolatlarini yaratadi. Fuqarolarga zarar keltirishi mumkin bo‘lgan, shu jumladan, ularning shaxsiy hayoti daxlsizligi bo‘yicha huquqlari hamda qonuniy manfaatlari buzilishining oldini olishga ko‘maklashadi.

Muhokamalar chog‘ida deputatlar O‘zbekiston tarixida insonning shaxsiy hayot daxlsizligini muhofazalash borasida yangi bosqichni boshlab beradigan ushbu qonun loyihasi muhim va zarur hujjat bo‘lishini ta’kidladilar. Ammo u so‘z va fikr erkinligi cheklanishiga olib kelmasligi zarurligini qayd etdilar.

Majlisda parlament quyi palatasi huzuridagi Sud hokimiyati mustaqilligini ta’minlashga ko‘maklashuvchi komissiya tomonidan tavsiya etilgan masala — sudlarning binolar, moddiy-texnik ta’minoti borasida Samarqand, Toshkent, Qashqadaryo viloyatlari va Toshkent shahar hokimlariga parlament so‘rovini yuborish haqidagi masala ham ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot vaziri B.Xodjaevga yuborilgan “O‘zbekistonda energiya resurslaridan samarali foydalanish va energiya tejovchi innovatsion texnologiyalarni qo‘llash istiqbollari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining parlament so‘roviga javobi o‘qib eshittirildi.

Shuningdek, majlisda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi vakolatiga kiradigan boshqa masalalar ham muhokama etilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.

Text to speech