Ekspert-kriminalistika sohasidagi xalqaro hamkorlik
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligida Ekspert-kriminalistika bosh markazi boshlig‘i polkovnik Nail Galipshin Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasidagi XXR Jamoat xavfsizligi vazirligining rasmiy vakillari Lyu Tunpin va Van Syuan bilan uchrashdi.
Uchrashuv davomida ekspert-kriminalistika faoliyatida hodisa joylaridan olingan ashyoviy dalillarning ekspertlik tadqiqotlari samaradorligini oshirish, avtomatlashtirilgan kriminalistik identifikatsiya tizimlarini joriy etish hamda soha mutaxaassislari malakasini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Kelgusida ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi IIV Ekspert-kriminalistika bosh markazi tomonidan Xitoy Xalq Respublikasi Jamoat xavfsizligi vazirligining Ashyoviy dalillar markazi bilan pulegilzateka, raqamli ekspertizalar va DNK laboratoriyalari faoliyatiga oid ikki tomonlama memorandum imzolanishi imkoniyatlari yuzasidan takliflar bildirildi.
Shuningdek, mazkur tadbir jarayonida tomonlarni qiziqtiruvchi boshqa masalalar ham ko‘rib chiqilib, hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari belgilab olindi.