Samarqand viloyat IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi va uning quyi tizimlari xodimlari Imom al-Buxoriy majmuasiga tashrif buyurishdi
Joriy yilning 21 sentyabr kuni Samarqand viloyat IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi va uning quyi tizimlari xodimlari Imom al-Buxoriy majmuasiga tashrif buyurib, ziyorat qilishdi.
Tashrif davomida ziyoratgox vakili xodimlarga Imom al-Buxoriyning hayot yo’li haqida ma’lumot berdi.
Ma’lumki, Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriy Buxoroda tavallud topgan. Otasi shayx Ismoil ibn Ibrohim ahli hadislardan bo‘lib, bir oz tijorat ishlari bilan ham shug‘ullangan.
Imom Buxoriy yoshligida otadan yetim qoldi. 10 yoshlarida arab tili va Hadis ilmini qunt bilan o‘rganishga kirishdi. Buxorolik muhaddislar Muhammad ibn Salom al-Poykandiy (777–839), Abdulloh ibn Muhammad Masnadiy Ju’fiy (vafoti 843) lardan Hadis ilmini o‘rganib, ko‘p hadislarni yod oldi. 16 yoshida akasi Ahmad va onasi bilan haj safarida bo‘ldi. Ziyorat asnosida Balx, Bag‘dod, Kufa, Basra, Damashq, Makkayu Madina shaharlarida ham bo‘ldi.
Imom Buxoriy o‘ta iste’dodli, muhofazasi o‘tkir olim edi. Rivoyat qilishlaricha, qaysi bir kitobni qo‘lga olib, bir martaba mutolaa qilsalar, hammasi yod bo‘lib qolaverardi.
Imom Buxoriyning o‘z so‘ziga ko‘ra, yuz ming sahih (ishonchli) va ikki yuz ming g‘ayri sahih (ishonchsiz) Hadisni yod bilar ekan. Uning shogirdlaridan Amr ibn Fallos: “Muhammad ibn Ismoil Buxoriyga ma’lum bo‘lmagan Hadis, albatta, ishonchli Hadis emastur” degan. Ustozlaridan Imom Ahmad ibn Hanbal Marvaziy (780–855)ning aytishicha, “butun Xurosondan Muhammad ibn Ismoil kabi olim chiqqan emas”.
Buxoriy 20 yoshidayoq bir necha kitoblar muallifi sifatida mashhur bo‘ldi. Allomaning “Al-adab al-mufrad” («Adab durdonalari»), “Al-Jome’ as-Sahih”dan tashqari yana yigirmaga yaqin kitoblari bo‘lib, ko‘plari bizgacha yetib kelmagan.
Imom Buxoriy o‘z vatani Buxoroga qaytgach, bir muncha vaqt tolibi ilmlarga hadisdan dars bergan. 871 yili vafot etgach, Samarqand yaqinidagi Xartang qishlog‘ida dafn etilgan.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, bu kabi ziyoratlar xodimlarning ma’naviy-madaniy bilimlarini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
O’zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti