O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

Senatorlar “Mudofaa to‘g‘risida”gi Qonunni ko‘rib chiqdilar

Senatorlar yalpi majlis kun tartibidagi sakkizinchi masalani, ya’ni “Mudofaa to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqdilar. Bu haqida O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining rasmiy veb-saytida ma’lum qilingan.

Ta’kidlanganidek, ushbu Qonunning maqsadi mudofaa sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat. Qonunning asosiy vazifalari mudofaani tashkil etishning va O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarini boshqarishning huquqiy asoslarini belgilashdan, mamlakat mudofaasini ta’minlashda davlat organlarining vakolatlarini, shuningdek fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining, tashkilotlar va fuqarolarning ishtirok etishini aniqlashdan iborat.

Qonunga ko‘ra mudofaa - bu O‘zbekiston Respublikasining suverenitetini, hududiy yaxlitligini, aholining tinch hayoti va xavfsizligini himoya qilishni ta’minlash borasidagi siyosiy, iqtisodiy, harbiy, ijtimoiy-huquqiy, axborotga oid, tashkiliy va boshqa tusdagi chora-tadbirlar tizimidir. Mustaqillikni, suverenitetni, hududiy yaxlitlikni va konstitutsiyaviy tuzumni himoya qilish, davlatning harbiy xavfsizligini ta’minlash, Markaziy Osiyoda xalqaro va mintaqaviy hamkorlikni, xavfsizlikni, barqarorlikni va yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlash, davlatning harbiy tashkilotini muntazam ravishda rivojlantirish, uni O‘zbekiston Respublikasini qurolli himoya qilishga shay holatda saqlab turish mudofaa sohasidagi davlat siyosatining asosiy maqsadlari sifatida belgilanmoqda.

Senatorlar qayd etganidek, ushbu normativ-huquqiy hujjatning qabul qilinishi O‘zbekiston Respublikasining mudofaa sohasidagi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirishga, undan kelib chiqadigan va mamlakatni mudofaaga tayyorlash masalalarini tartibga soladigan normativ-huquqiy hujjatlar, ustav hujjatlarini ishlab chiqishni davom ettirish uchun asoslar yaratishga, O‘zbekiston Respublikasining mudofaa sohasidagi tashqi siyosati ochiqligini keng namoyish etishga ko‘maklashadi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Text to speech