O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

Senatorlar kreditorlarni huquqiy jihatdan himoya qilish kuchaytirilishi hamda tadbirkorlik faoliyatini moliyalashtirish mexanizmlari takomillashtirilishi bilan bog‘liq qonunni ko‘rib chiqdi

Senat a’zolari “Kreditorlarni huquqiy jihatdan himoya qilish kuchaytirilishi hamda tadbirkorlik faoliyatini moliyalashtirish mexanizmlari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqdilar. Bu haqida O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining rasmiy veb-saytida ma’lum qilingan.

Ta’kidlanganidek, Qonun O‘zbekiston Respublikasining 5 ta qonuni va 6 ta kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutadi. Jumladan, Jinoyat-protsessual kodeksiga kiritilayogan normaga ko‘ra mol-mulkni xatlash to‘g‘risida qaror chiqarilgandan keyin surishtiruvchi yoki tergovchi garov reyestriga bir kun ichida tegishli yozuvni kiritadi, mol-mulkni xatlash haqida sud ajrimi chiqarilgandan keyin esa qonun hujjatlariga muvofiq vakolatli bo‘lgan organlar tomonidan uch sutka ichida shunday yozuv kiritiladi.

Fuqarolik kodeksi kreditorlarning talablarini qarzdorning majburiyatlar bajarilishining ta’minoti sifatida berilgan mol-mulki hisobidan qanoatlantirish, garov predmetini identifikatsiya qilish, garovga qo‘yilgan, suddan tashqari tartibda undiruv qaratilgan mol-mulkni sotish to‘g‘risidagi normalar bilan to‘ldirilmoqda.

Iqtisodiy protsessual kodeksga kiritilayotgan o‘zgartishga ko‘ra, agar undiruvni qarzdorning majburiyatlari bajarilishining ta’minoti bo‘lgan ko‘char mol-mulkka qaratish to‘g‘risida talab bildirilgan bo‘lsa, sud buyrug‘i sudya tomonidan yakka tartibda beriladi.

Fuqarolik protsessual kodeksga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga ko‘ra sud buyrug‘i, agar undiruvni qarzdorning majburiyatlari bajarilishining ta’minoti bo‘lgan ko‘char mol-mulkka qaratish to‘g‘risida talab arz qilingan bo‘lsa beriladi. Sud buyrug‘ini berish to‘g‘risidagi arizada to‘lanmagan to‘lovlar summasining hisob-kitobi va undiruv qaratilayotgan, qarzdorning majburiyatlari bajarilishining ta’minoti sifatida turgan ko‘char mol-mulkning tavsifi keltirilishi kerak. Sud buyrug‘ida undirilishi lozim bo‘lgan pul summalarining miqdori yoki undiruv qaratilayotgan, qarzdorning majburiyatlari bajarilishining ta’minoti sifatida turgan ko‘char mol-mulk uning tavsifi va bahosi ko‘rsatilgan holda bo‘lishi kerak.

Qonun qabul qilinishi aholi va kichik biznesni moliyalashtirish imkoniyatini oshirishga, O‘zbekistonning xalqaro reytingini oshirishga, kechiktirilgan kreditlar darajasini pasaytirishga va moliya tizimi barqarorligini oshirishga ko‘maklashishi ta’kidlandi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Text to speech