Senatorlar “To‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risida”gi Qonunni ma’qulladi
“To‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni senatorlar tomonidan muhokama etilgan kun tartibidagi yana bir masala bo‘ldi. Bu haqida O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining rasmiy veb-saytida ma’lum qilingan.
Qonun to‘lov xizmatlarini yetkazib beruvchi va to‘lov xizmatlaridan foydalanuvchi bo‘lgan jismoniy va yuridiq shaxslar o‘rtasida to‘lovlarni amalga oshirish hamda to‘lov xizmatlari ko‘rsatish chog‘ida yuzaga keladigan munosabatlarga nisbatan tatbiq etiladi. Qonunning amal qilishi kripto-aktivlarga doir operatsiyalarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Bundan tashqari, to‘lov xizmatlarini yetkazib beruvchilarning va to‘lov xizmatlaridan foydalanuvchilarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, to‘lov xizmatlari tizimini rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish, shuningdek, naqd pulsiz hisob-kitoblar tizimi rivojlantirilishini qo‘llab-quvvatlash to‘lovlar va to‘lov tizimlari sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari hisoblanadi.
Qonunga asosiy tushunchalar kiritilib, to‘lov tizimi va uning ishtirokchilari, operatorlarga ta’rif berilmoqda, ularning funktsiyalari, shuningdek to‘lov tizimlari turlari va ularning muhimligini aniqlash mezonlari, ularni saqlab turish qoidalari ochib berilmoqda, tavakkalchiliklarni boshqarish tizimiga, muhim to‘lov tizimining ishlashini o‘zini o‘zi baholashdan o‘tkazishga, to‘lov tizimidagi to‘lovlarning yakunlanganligiga doir normalar belgilanmoqda.
Parlament a’zolari qayd etganidek, Qonunning qabul qilinishi to‘lovlar va to‘lov tizimlari sohasida yagona axborot va huquqiy makon yaratilishini, Markaziy bank tomonidan to‘lov xizmatlari bozori samarali tartibga solinishini, to‘lov tizimlari faoliyatini, to‘lov tizimlari operatorlari faoliyatini ta’minlash, to‘lov xizmatlaridan foydalanish, shu jumladan qishloq joylarda va olis joylarda foydalanish imkoniyatini va shaffofligini oshirish, elektron pullar sohasidagi munosabatlarni tartibga solish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rilishiga ko‘maklashadi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.