O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

Shavkat Mirziyoyev iqtisodiyotning tayanch nuqtalarini ko‘rsatib o‘tdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Muzrabot tumanidagi «Yangiobod invest servis» xususiy korxonasi faoliyati bilan tanishdi. Bu haqida O’zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-saytida ma’lum qilingan.

Parranda yetti xazinaning biri, aholining kundalik iste’mol tovarlari bo‘lgan go‘sht va tuxum ta’minoti manbai. Ushbu mahsulotlarni mo‘l va arzon qilish maqsadida joylarda parrandachilik korxonalari tashkil etilmoqda. 

Yaqinda Muzrabot tumanida ham ana shunday kompleks ishga tushirildi. 10 gektar maydonda yettita tovuqxona,  ikkita jo‘jaxona va ma’muriy binolar qurilib, 220 gektar yer ozuqa yetishtirish yo‘lga qo‘yildi. Natijada 500 ming bosh tovuq boqish, 1 million 735 ming dona jo‘ja parvarishlash imkoniyati yaratildi. 150 kishi ish bilan ta’minlandi. Shu kunlarda 1000 tonna sig‘imga ega muzlatkich omborxona foydalanishga topshiriladi.Kelgusida tovuq go‘shtidan sosiska, par yostiq va ko‘rpalar, ozuqa mahsulotlari ishlab chiqarish rejalashtirilgan. 

Davlatimiz rahbari korxona faoliyatini kengaytirish, viloyatning boshqa tumanlarida ham shunday majmualar tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Korxonada xitoylik mutaxassislar bilan hamkorlikda biogaz va bioo‘g‘it ishlab chiqarish ham rejalashtirilgan. Uning natijasida majmua o‘zini gaz bilan ta’minlash imkoniga ega bo‘lib, 50 ta qo‘shimcha ish o‘rni yaratiladi.

Shu yerda Surxondaryo viloyatida ertapishar mahsulotlar yetishtirish va eksportga chiqarish, aholi tomorqalaridan samarali foydalanish va qishloq xo‘jaligiga oid boshqa loyihalar taqdimoti ham o‘tkazildi. 

Prezidentimiz tomorqachilik bo‘yicha olib borilayotgan ishlarga alohida e’tibor qaratdi. 

Surxondaryo viloyatida 400 mingta xonadonda 48 ming gektar yer bor. Joriy yilda birinchi ekinlardan 644 ming tonna hosil olindi. Viloyat iqlim sharoitida, kichik issiqxonalar tashkil etish orqali bemalol uch marta hosil olish, eksport qilish mumkin. Bu qariyb 150 ming gektar yerdan foydalanish bilan barobar.

Masalan, bu yil mamlakatimiz tarixida birinchi marta kartoshka eksport qilish yo‘lga qo‘yildi. Surxondaryo viloyatida 270 ming tonnadan ziyod kartoshka  yetishtirildi. Uning 100 ming tonnasini eksport qilish rejalashtirilgan. 

- Tomorqachilik oziq-ovqat mahsulotlarini arzon qilish, inflyatsiya darajasini pasaytirishda tayanch nuqtalardan biri. Bu orqali qancha odam ishli bo‘ladi, oilalarga daromad, baraka kiradi. Tomorqadan samarali foydalangan odam boqimanda bo‘lmaydi, boy bo‘ladi. Buning uchun tizim yaratilgan, - dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Davlatimiz rahbari «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ tomonidan taqdim etilgan, joylarga borib, arpa, bug‘doy, suli va makajo‘xori donidan yem ishlab chiqaradigan mobil zavodni ham ko‘zdan kechirdi.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech