Shavkat Mirziyoev Jahon bojxona tashkiloti bosh kotibini qabul qildi
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 14 noyabr kuni Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik dasturining vazirlar darajasidagi konferentsiyasida ishtirok etish uchun Toshkent shahrida boʼlib turgan Jahon bojxona tashkiloti bosh kotibi Kunio Mikuriyani qabul qildi. Bu haqda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy saytida ma'lum qilingan.
Uchrashuvda Prezident Shavkat Mirziyoev mamlakatimizning Jahon bojxona tashkiloti bilan konstruktiv hamkorligi tobora mustahkamlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Oʼzbekiston 1992 yildan buyon ushbu nufuzli xalqaro tuzilma aʼzosidir. Oʼtgan davrda yurtimiz bojxona organlarining huquqiy bazasini shakllantirish, infratuzilmasini modernizatsiya qilish va samaradorligini oshirish boʼyicha qoʼshma tadbir va loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirildi.
Keyingi yillarda, avvalo, bojxona maʼmuriyatchiligini takomillashtirish, malakali kadrlarni, jumladan, tashkilotning Bryusseldagi bosh qarorgohi negizida tayyorlash kabi yoʼnalishlarda oʼzaro almashinuvlar sezilarli faollashgani kuzatilmoqda.
Uchrashuvda xalqaro standartlarni joriy etish asosida bojxona organlari salohiyatini oshirish, bojxona maskanlarini zamonaviy kompleks va uskunalar bilan jihozlash, huquqbuzarliklarga qarshi kurashni kuchaytirish, xorijdagi yetakchi markazlarda mutaxassislar tayyorlash borasidagi hamkorlikni kengaytirishning amaliy jihatlari muhokama qilindi.
Oʼzaro hamkorlikni mustahkamlash boʼyicha "yoʼl xaritasi"ni birgalikda ishlab chiqish va tez fursatda qabul qilishga kelishib olindi.
Jahon bojxona tashkiloti bosh kotibi samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Oʼzbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy yangilanishlarning natijadorligini, shuningdek, Markaziy Osiyoda yaxshi qoʼshnichilik va sheriklikni mustahkamlashga qaratilgan siyosatni yuksak baholadi.
Kunio Mikuriya mamlakatimiz bojxona organlarini isloh qilishni davom ettirishda va mintaqaviy savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishda tashkilot bundan buyon ham koʼmaklashishga tayyor ekanini bildirdi.