Shavkat Mirziyoyev Nursulton Nazarboyev bilan uchrashdi
Bokuda o‘tayotgan Turkiy kengash sammiti doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Respublikasining Birinchi Prezidenti - Elboshi Nursulton Nazarboyev bilan uchrashdi. Bu haqida O’zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-saytida ma’lum qilingan.
Davlatimiz rahbari Nursulton Nazarboyevni Turkiy kengashning faxrli raisi etib saylangani hamda Turkiy dunyoning oliy ordeniga sazovor bo‘lgani bilan tabrikladi.
Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti Kengashga asos solinishi va uning rivojlanishiga, tashkilot doirasida o‘zaro manfaatli hamkorlikning kengayishiga katta hissa qo‘shgani alohida ta’kidlandi.
Elboshi Nursulton Nazarboyev, o‘z navbatida, O‘zbekistonning Turkiy kengashga qo‘shilishi ushbu tuzilmaning xalqaro nufuzini va hamkorlik samaradorligini oshirishga xizmat qilishini qayd etdi.
Uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlarga oid, shuningdek, global va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar muhokama qilindi.