O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

O‘zbekiston va Ozarbayjon Prezidentlarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Bokuga kelgach, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev bilan uchrashdi. Bu haqida O’zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-saytida ma’lum qilingan.

Davlat rahbarlari o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalarini muhokama qilib, bu borada birinchi galdagi vazifalarni belgilab oldilar.

Mamlakatlarimiz yetakchi kompaniyalari va tadbirkorlari darajasida ishbilarmonlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, sanoat, qishloq xo‘jaligi, transport va boshqa ustuvor tarmoqlarda kooperatsiyani rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.

Ikki tomonlama hukumatlararo komissiya faoliyatini jonlantirish hamda O‘zbekiston va Ozarbayjon hududlari delegatsiyalarining o‘zaro tashriflarini tashkil etishga kelishib olindi.

Ilhom Aliyev Shavkat Mirziyoyevni mamlakatimiz Turkiy tilli davlatlar kengashiga qo‘shilgani bilan tabriklab, bu, shubhasiz, ikki tomonlama munosabatlarni, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlashga yangi sur’at bag‘ishlashini qayd etdi.

Davlatimiz rahbari sammit yuksak darajada tashkil etilganini alohida ta’kidladi va Ozarbayjonning tashkilotda muvaffaqiyatli raislik qilishini tiladi.

Uchrashuv yakunida Prezidentlar ko‘p asrlik do‘stlik va strategik sheriklikka asoslangan O‘zbekiston-Ozarbayjon munosabatlarini yanada mustahkamlash borasida intilishlari qat’iy ekanini tasdiqladilar.

Text to speech