O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

Surxondaryo viloyati IIBda to‘qqiz oylik faoliyat tanqidiy tahlil asosida sarhisob qilinib, aniq vazifalar belgilab olindi.

Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasida Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, Ramazon Ashropov hamda viloyat IIB boshlig‘i, Baxtiyor Inoqov ishtirokida 2026-yilning 9 oyi yakunlariga bag‘ishlangan kengaytirilgan hisobot yig‘ilishi o‘tkazildi.

Videoselektor tarzida tashkil etilgan yig‘ilishda boshqarma rahbariyati, sohaviy xizmatlar, shahar-tuman ichki ishlar organlari rahbarlari va shaxsiy tarkib ishtirok etdi. Unda jinoyatchilikni “mahallabay” jilovlash, aholi muammolarini “fuqarobay” hal etish, kiberjinoyatchilik, huquqbuzarliklar profilaktikasi, jamoat tartibini saqlash, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash hamda hududlarda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish borasida amalga oshirilgan ishlar tanqidiy ruhda tahlil qilindi.

Yig‘ilishda Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i o‘rinbosari, Jo‘rabek Avazov tomonidan 2026-yilning to‘qqiz oyi davomida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot taqdim etildi.

Tadbirda so‘z olgan Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Ramazon Ashropov Prezident qarorlari ijrosi, murojaatlar bilan ishlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligi, xizmat intizomi va qonuniylik masalalarini atroflicha tahlil qilib, kiberjinoyatlarning oldini olish, korrupsiya va tamagirlikning har qanday ko‘rinishiga mutlaqo murosasiz munosabatda bo‘lish, xodimlarning kasbiy va jangovar tayyorgarligini yanada oshirish bo‘yicha aniq vazifalarni belgilab berdi.

Yig‘ilish yakunida xizmat faoliyatida sustkashlik va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan ayrim rahbar va xodimlar faoliyati tanqidiy ko‘rib chiqildi, mas’uliyatni yanada oshirish hamda aholi tinchligi va xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab berildi.

Huquq-tartibotni ta’minlashda intizom, mas’uliyat va halollik - har bir xodimning eng asosiy burchidir.

Tergov departamenti

Text to speech