Tanzila Narbayeva: O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi munosabatlar aniq yo‘nalishlarda yangicha mazmun bilan boyimoqda
2019-yil 5-noyabr, O‘zbekiston parlamenti delegatsiyasining Qozog‘istonga rasmiy tashrifining ikkinchi kuni “Otan Qorg‘aushilar” haykali poyiga gul qo‘yish marosimidan boshlandi. Bu majmua ko‘p millatli Qozog‘istonning barcha xalqlari birligini nazarda tutadi. Bu haqda Oliy Majlis Senatining rasmiy saytida ma'lum qilingan.
So‘ngra O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayevaning Qozog‘iston Respublikasi Parlamenti Senati Raisi Dariga Nazarbayeva bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda keng ko‘lamli masalalar muhokama etildi.
O‘zaro samarali hamkorlik va ishonch printsiplari asosida Qozog‘iston hamda O‘zbekiston o‘rtasida rivojlanayotgan do‘stona munosabatlarni tilga olib, Tanzila Narbayeva O‘zbekiston rahbariyati barcha sohalarda ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga alohida e’tibor berayotganligini ta’kidladi.
“2017-2019-yillarda O‘zbekiston va Qozog‘iston iqtisodiy hamkorligi strategiyasining izchil bajarilishi ikki mamlakat strategik manfaatlarining umumiyligiga asoslangan o‘zaro foydali va samarali hamkorlikni boyitishga xizmat qildi. O‘zbekistonda Qozog‘iston kapitali ishtirokida 733 ta korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. 2019-yil yanvar-sentyabr oylari davomida o‘zaro savdo hajmi 2,6 mlrd. AQSh dollarini tashkil etdi va 23,2 foizga oshdi, shuningdek transport va tranzit tashish sohasi sezilarli rivojlanmoqda”.
Parlamentlararo munosabatlar haqida so‘z borganda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi ikki tomonlama hamkorlikni qonunchilik nuqtai nazaridan ta’minlash bo‘yicha birgalikda olib boriladigan bo‘lajak ishlar muhimligiga urg‘u berdi. Bunda qonun ijodkorligi yuzasidan tajriba almashish uchun hamkorlik bo‘yicha parlament guruhlarining va parlamentlar tegishli qo‘mitalarining salohiyatidan amaliy foydalanish taklif etildi. Uchrashuv davomida xalqaro parlament tuzilmalari doirasida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama etildi.
Qozog‘iston Respublikasi Parlamenti Senati Raisi Dariga Nazarbayeva o‘z nutqida O‘zbekiston Markaziy Osiyoda Qozog‘istonning muhim strategik hamkori ekanligini ta’kidladi. “Bugun Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar barcha sohalarda ildam rivojlanmoqda. Bunda Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti - Elboshi N.A.Nazarboyev va O‘zbekiston Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev xizmati asosiy o‘rin tutadi”, - dedi Qozog‘iston Senati Raisi.
Qozog‘iston Respublikasi Senati Rahbari qayd etganidek, K.K.Tokayev Davlat rahbari sifatida o‘zining ikkinchi xorijiy tashrifini aynan O‘zbekistonga amalga oshirdi va bu munosabatlarni o‘zaro anglashuv hamda yaqin qo‘shnichilik ruhida mustahkamlashni davom ettirishga sodiqlikning yana bir isbotidir.
Uchrashuv doirasida “2019-2020-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qozog‘iston Respublikasi Parlamenti Senati o‘rtasida parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha amaliy tadbirlar rejasi (“Yo‘l xaritasi”) imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.