Toshkent xalqaro investitsiya forumi yuqori saviyada oʼtadi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 27 yanvar kuni Toshkent xalqaro investitsiya forumini yuqori saviyada tashkil etish masalasi boʼyicha yigʼilish oʼtkazdi. Bu haqda Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy saytida maʼlum qilingan.
Oxirgi yillarda mamlakatimizda investitsiya muhiti yanada yaxshilandi. Bu boradagi qonunchilik yangilanib, investorlar uchun huquqiy kafolatlar mustahkamlandi.
Oʼtgan Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yilida investitsiyalar hajmi sezilarli darajada oshdi. Аyniqsa, toʼgʼridan-toʼgʼri xorijiy sarmoyalar 4,2 milliard dollarni tashkil etib, 2018 yilgiga nisbatan 3,1 milliard dollarga yoki 3,7 barobar oʼsdi.
Davlatimiz rahbari kuni kecha Oliy Majlisga yoʼllagan Murojaatnomasida iqtisodiyotni yuqori surʼatlar bilan rivojlantirish uchun faol investitsiya siyosati izchil davom ettirilishi, joriy yilda oʼzlashtiriladigan investitsiyalarning salmoqli qismi toʼgʼridan-toʼgʼri xorijiy sarmoyalar va kreditlar boʼlishini alohida qayd etdi.
Xususan, 2020 yilda mamlakatimiz iqtisodiyotiga 5,8 milliard dollar toʼgʼridan-toʼgʼri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish belgilangan. Shu maqsadda mart oyida Toshkent xalqaro investitsiya forumi oʼtkazilishi rejalashtirilgan.
Forumning asosiy maqsadi iqtisodiyot drayverlari hisoblangan energetika, mashinasozlik, elektrotexnika, axborot texnologiyalari, toʼqimachilik, qishloq hoʼjaligi va oziq-ovqat sanoati, qurilish sohalari hamda hududlarga toʼgʼridan-toʼgʼri xorijiy investitsiyalarni jalb qilishni kengaytirishdir.
Yigʼilishda ushbu anjumanni yuqori saviyada tashkil etish uchun aniq tashkiliy vazifalar belgilab berildi.
Xususan, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga tarmoq va hududlar rahbarlari bilan birga xorijiy investorlarga taklif etiladigan istiqbolli loyihalar boʼyicha taqdimot materiallari tayyorlash vazifasi qoʼyildi.
Hududiy loyihalarni amalga oshirish uchun mahalliy ishlab chiqaruvchilar va xorijiy investorlar oʼrtasida bevosita hamkorlik oʼrnatishga alohida eʼtibor qaratish kerakligi taʼkidlandi.
Tashqi ishlar vazirligiga yetakchi xorijiy kompaniyalar, xalqaro moliya tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari vakillarini forumga jalb etish boʼyicha koʼrsatmalar berildi.
Аnjuman oʼtkaziladigan joylarni yuqori saviyada tayyorlash, uni ommaviy axborot vositalarida keng targʼib etish va yoritib borish masalalariga ham toʼxtalib oʼtildi.
Mutasaddilar forumga tayyorgarlik ishlari va erishilishi moʼljallanayotgan kelishuvlar haqida hisobot berdi.