Til – millat ko’zgusidir
Til insonlarning o‘zaro aloqa vositasi bo‘lib, yaratuvchining insonga bergan bebaho ne’matidir. Millatlarni millatlardan ajratib turuvchi asosiy belgilardan biri ham tildir. Dunyoda har bir xalqning o‘z tili uning bebaho boyligi, iftixori, najoti hisoblanadi. Hikmatli so‘zlar, she’ru dostonlar, qo‘shiqlar avvalo biror bir millatning ona tilida dunyoga keladi. Millat bor ekan, uning tili ham yashaydi, tili yashar ekan u millat boshqa millatlar orasida o‘z nufuzi, obro‘siga ega bo‘ladi. Har bir xalqqa o‘z tili aziz va ardoqli. Sho‘rolar davrida rus tili Ittifoq tili sifatida rivojlantirildi. U jahon tillari darajasiga ko‘tarildi. Ayniqsa, ko‘p ming asrlik tarixga ega bo‘lgan turkiy xalqlar ham o‘z ona tillari dunyodagi hech bir xalqning tilidan kam emasligini yoqlab chiqdilar. Bu yo‘ldagi sun’iy to‘siqlarni pisand etmadilar. Mustaqillik arafasida oilaviy va bozor tili darajasiga tushib qolgan o‘zbek tiliga davlat tili maqomini berish haqidagi taklif va kurashlar samarasiz ketmadi. O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berildi. Davlat hujjatlari, davriy nashrlar, darsliklar ona tilimizda yozila boshlandi. Bu xalqimiz ruhini ko‘tardi. Sho‘rolar davrida ham o‘zbek tilini tiklashga, uni Davlat tiliga aylantirishga intilish kuchli bo‘lgan. Xususan, ona tiliga bag‘ishlangan turli tadbirlar o‘tkazishga harakat qilingan bunday tadbirlar ayniqsa, mustaqillik arafasida tez-tez o‘tkazila boshlangan. 1988 yil matbuotda yangi bayram — «Til bayrami» haqida ma’lumotlar paydo bo‘la boshlagan. Bunday bayram Rossiya Federatsiyasi, Ukraina, Boltiq bo‘yi va Kavkaz orti respublikalarida va mamlakatimiz poytaxtida ham o‘tkazilgani haqida gazetalarda maqolalar bosilgan. Bu bayramlarning asosiy maqsadi — ona tilini e’zozlash, ona tili bilan birga boshqa tillarni ham chuqurroq o‘rganishga undash bo‘lgan.
Har yili 21 oktabrni o‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berilgan kun sifatida nishonlab kelmoqdamiz. Har bir yildagi bayram turli shiorlar ostida o‘tkaziladi. «Ona tilim — jonu dilim», «Tilga e’tibor — elga e’tibor», «Til — millat ko‘zgusi» shular jumlasidandir. Til bayramining mazmunli va qiziqarli o‘tishi har bir o‘quv yurti muallimlarining aql- zakovati, o‘z kasbini qanchalik chuqur egallaganligiga bog‘liq. Til bayramiga taniqli yozuvchi, shoirlar, tilshunos va adabiyotshunos olimlar taklif etiladi. Ular yoshlarga til bilish barcha muvaffaqiyatlarning garovi ekanligini, har bir inson avvalo o‘z ona tilini, qolaversa boshqa tillarni sevib o‘rganishlari zarurligini uqtirib o‘tishadi. Til bayramlarida til haqidagi hikmatli so‘zlar, she’rlar, qo‘shiqlar yangraydi. Shu kuni radio va televideniye orqali til bayramiga doir qiziqarli chiqishlar uyushtiriladi. Til bayrami insonni ona tiliga va o‘z xalqiga bo‘lgan mehr-muhabbatini jo‘sh urdiruvchi betakror bayramdir. Til bayrami shuningdek xalqlar o‘rtasida o‘zaro totuvlik va do‘stlik rishtalarini mustahkamlovchi muhim omildir.