O‘zbekistonga jadal islohotlar sur’atiga mos ilg‘or kadrlar kerak
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18 dekabr kuni mamlakatimizda zamonaviy kadrlarga ehtiyojni ta’minlash, bilimli yoshlarni strategik sohalarga jalb etish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqida O’zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-saytida ma’lum qilingan.
Keyingi yillarda ta’lim tizimini takomillashtirish, zamonaviy kadrlar tayyorlashga qaratilgan qator ishlar amalga oshirildi. Prezident qarori bilan 2017-2021 yillarda Oliy ta’lim tizimini kompleks rivojlantirish dasturi qabul qilindi. Joriy yilda mamlakatimizda 13 ta yangi oliy ta’lim muassasasi, jumladan, xorijiy universitetlarning filiallari tashkil etildi. Fanlar akademiyasi va Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan yuqori malakali kadrlar tayyorlash ishlari boshlandi.
Albatta, bunday e’tibor yaqin kelajakda o‘z samarasini beradi. Lekin barcha sohalarda jadal islohotlar olib borilayotgan bir paytda mamlakatimizga shu sur’atga mos ilg‘or kadrlar bugun ham kerak.
Hozirgi tizimli o‘zgarishlar jarayonida aksariyat mutaxassislarning bunga tayyor emasligi, ularning bilimi, malakasi va ko‘nikmasi zamon talabiga javob bermasligi ayon bo‘lib qoldi.
Masalan, xorijda magistratura va doktoranturada o‘qitish, malaka oshirish va stajirovka tashkil qilish bo‘yicha dastlabki ehtiyoj 3,5 mingdan ortadi. YUrtimizda xalqaro ilmiy va amaliy tajribaga ega 600 nafardan ziyod vatandoshimizga ehtiyoj mavjud. 1000 ga yaqin xorijiy olim va ekspertlarni jalb etishga talab bor.
Ya’ni, bugun kechiktirib bo‘lmaydigan, oddiy ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlarga ehtiyoj 5 mingdan ziyodni tashkil etadi. Agar ishlab chiqarishdagi talab ham inobatga olinsa, bu raqam kamida 50-100 barobar oshadi.
– Bu hali bugungi ehtiyoj. Yaqin va uzoq istiqboldagi iqtisodiy rivojlanish nuqtai nazaridan bizga qaysi soha uchun qanday mutaxassis kerak bo‘ladi? SHuni hozirdan chuqur o‘ylashimiz, zamon talabi, islohotlar shiddatiga mos kadrlar tarbiyalashimiz kerak. Kelajagimiz, ertangi kunimiz bu masalani bugun qanday hal qilishimizga bog‘liq, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Ma’lumki, davlatimiz rahbarining joriy yil 25 sentyabrdagi farmoniga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasi tashkil etilgan edi.
Jamg‘arma zimmasiga o‘zbekistonlik iqtidorli yoshlarni magistratura va doktorantura dasturlari bo‘yicha o‘qitish, turli soha mutaxassislarining malakasini oshirish va stajirovkasini tashkil etish, xorijdagi vatandoshlar bilan doimiy muloqot o‘rnatish, ularni mamlakatimizda bo‘layotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarga jalb qilish, chet eldagi universitetlar va ilmiy markazlar bilan hamkorlikda yuqori malakali kadrlar tayyorlashga qo‘mak berish vazifalari yuklatilgan.
Ushbu maqsadlarni amalga oshirish uchun 2019 yilda davlat byudjetidan 45 milliard so‘m ajratilishi rejalashtirilgan. Prezidentimiz ko‘rsatmasiga muvofiq, bu mablag‘ yanada oshiriladigan bo‘ldi.
Yig‘ilishda shu yo‘nalishdagi ishlarni to‘g‘ri tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Vazirlar Mahkamasiga “El-yurt umidi” jamg‘armasi bilan birgalikda barcha vazirlik va idoralar kesimida xorijda kadrlar tayyorlash, stajirovkasini tashkil qilish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, “El-yurt umidi” jamg‘armasiga kadrlarni xorijga yuborish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlarni aniqlash va tanlov e’lon qilish bo‘yicha topshiriq berildi.
Jamg‘arma Tashqi ishlar vazirligi, Yoshlar ittifoqi bilan hamkorlikda xorijda katta tajribaga ega bo‘lgan vatandoshlarimiz to‘g‘risidagi ma’lumotlarni shakllantirib borishi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi mamlakatlar va mutaxassisliklar kesimida vatandoshlar to‘g‘risida ma’lumotlar reestrini tezroq ishga tushirishi zarurligi qayd etildi.
Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizga jalb etilayotgan har qanday xorijiy investitsiyaning ma’lum bir qismini malakali mutaxassislar tayyorlashga yo‘naltirish kerakligini alohida ta’kidladi.
Yig‘ilishda istiqbolli boshqaruv kadrlarini tanlab olish, ularning kasb malakasini uzluksiz oshirib borishga ko‘maklashish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 30 maydagi “Istiqbolli boshqaruv kadrlarini tanlov asosida tanlab olishning zamonaviy tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida vazirlik, idora va tashkilotlarda rahbar kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni qoplash maqsadida tanlov o‘tkazish belgilangan edi.
Tanlovning dastlabki bosqichidan so‘ng 8 ming 334 talabgordan 3 ming 825 nafari keyingi bosqichlarga tavsiya etildi. Yakunda 50 nafar yuqori malakali kadr tanlab olinadi.
Davlatimiz rahbari tanlovning final bosqichi ishtirokchilari malakasini qisqa muddatli kurslarda oshirish zarurligini ta’kidladi. Tanlov g‘oliblarining stajirovkasi qaysi rivojlangan mamlakatda, qaysi tashkilot va qanday mezonlar asosida o‘tkazilishini aniq belgilash bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Yig‘ilishda qayd etilgan masalalar yuzasidan mutasaddi rahbarlarning axboroti tinglandi.