O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

O‘zbekiston 2020 yilda MDHga raislik qiladi

Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi sammiti keng doiradagi muzokaralar bilan davom etdi. Bu haqida O’zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-saytida ma’lum qilingan.

Davlat rahbarlari mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan kompleks masalalarni muhokama qilib, tomonlarni qiziqtirgan xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan fikr almashdilar.

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasining 2020 yilda MDHga raisligi qo‘llab-quvvatlangani uchun minnatdorlik bildirib, mamlakatimiz raisligi davomida tashkilot doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni kengaytirish va samaradorligini oshirishga ustuvor e’tibor qaratilishini ta’kidladi.

Hamdo‘stlikni yanada rivojlantirish konsepsiyasi va 2030 yilga qadar davrda iqtisodiy rivojlantirish strategiyasini qabul qilishni jadallashtirish taklif etildi.

Savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, erkin savdo zonasi to‘liq ishlashini ta’minlash, ishlab chiqarish kooperatsiyasini chuqurlashtirish va uchinchi mamlakatlar bozorini o‘zlashtirish, agrar soha, energetika va telekommunikatsiyalar tarmog‘idagi hamkorlikni kengaytirish, ilmiy, innovatsion va ta’lim dasturlarini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratiladi.

Davlatimiz rahbari o‘n yilga mo‘ljallangan Transport va tranzit yo‘laklarini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini va Hududlararo hamkorlik konsepsiyasini ishlab chiqish muhimligini ta’kidladi.

Kelgusi yili yurtimizda birinchi MDH hududlararo forumi bo‘lib o‘tadi, shuningdek, MDH savdo-sanoat palatalari rahbarlari kengashi majlisini o‘tkazish, uning doirasida Hamdo‘stlikning ishbilarmonlik tashabbuslari haftaligini tashkil qilish taklifi bildirildi.

Shuningdek, axborot xavfsizligi, madaniy-gumanitar hamkorlik bo‘yicha ham qator tadbirlar rejalashtirilgan.

Muzokaralar yakunida hujjatlar imzolandi. 2020 yilda MDHga raislik O‘zbekiston Respublikasiga o‘tishi to‘g‘risida qaror, Strategik iqtisodiy hamkorlik to‘g‘risida deklaratsiya, Sovet xalqining 1941-1945 yillar Ulug‘ Vatan urushida qozonilgan G‘alabaning 75 yilligi munosabati bilan MDHga a’zo davlatlar rahbarlarining Hamdo‘stlik mamlakatlari xalqlari va xalqaro hamjamiyatga murojaati, 2020-2022 yillarda terrorizm va ekstremizmning boshqa zo‘ravonlik ko‘rinishlariga qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlik dasturi va boshqa hujjatlar qabul qilindi.

Text to speech