O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

Surxondaryo viloyatida tergov sifatini oshirish va yangi bosqichga olib chiqish, ichki ishlar va prokuratura organlarida faoliyat yuritayotgan tergov bo‘linmalari xodimlarini bilim va malakasini oshirishga qaratilgan o‘quv-amaliy seminar mashg‘uloti bo‘lib o‘tdi

Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuratura va Oliy sud bilan hamkorlikda Davlatimiz rahbari tomonidan o‘tgan yil 5 mart kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish Milliy kengashi yig‘ilishida hamda shu yilning 27 yanvar kuni Toshkent shahrida xavfsiz muhitni shakllantirish bo‘yicha namunali amaliyotni yaratish yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida tergov sifatini oshirish va yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan Surxondaryo viloyati prokuraturasida o‘quv-amaliy seminar mashg‘uloti o‘tkazildi.

Tadbirda Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, polkovnik Ramazon Ashropov, Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari Bahriddin Valiyev, Oliy sud sudyasi Farrux Tursunov, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi masʼul xodimlari, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi va quyi tizimlarining tergovchi va surishtiruvchilari, viloyat prokuraturasining masʼul tarmoq rahbarlari, tuman-shahar prokurorlarining sohaviy o‘rinbosarlari, tergovchilari, Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy Markazi Surxondaryo filiali mutaxassislari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Mashg‘ulotlar davomida “Jinoyatlar va hodisalar to‘g‘risidagi arizalar, xabarlar hamda boshqa maʼlumotlarni qabul qilish, qayd etish, tekshirish va hal etish tartibi, shuningdek, mazkur jarayonlarda qonuniylikni taʼminlash masalalari” mavzusida batafsil maʼruzalar o‘qildi.

Shuningdek, Termiz shahar prokuraturasi binosida tashkil etilgan “Tergov poligoni”da tergov va surishtiruvchilar uchun nazariy hamda amaliy o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi.

Tergov sifatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etgan ushbu o‘quv-amaliy seminarda tajribali mutaxassislarning Jinoyat ishlarini sudda ko‘rilishida tergov va surishtiruv organlari tomonidan yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, Tergovda raqamli kriminalistika yordamida elektron dalillarni to‘plash va mustahkamlashning zamonaviy usullari hamda Axborot texnologiyalaridan foydalangan holda sodir etilgan jinoyatlar (kiberjinoyatlar)ni fosh etishning o‘ziga xos xususiyatlariga oid mavzular bo‘yicha maʼruzalari tinglandi. O‘zaro bahs va munozarali tarzida o‘tgan ushbu tadbirda tergovchilar tomonidan berilgan savollarga batafsil javoblar berildi.

O‘quv seminar mashg‘uloti yakunida, surishtiruvchi va tergovchilar sud jarayonlarida ishtirok etib, o‘zlarining malakalarini oshirish bo‘yicha takliflar bildirilib, ishtirokchilar tomonidan mavzuga doir berilgan savollarga masʼullar tomonidan atroflicha maʼlumotlar berildi. Bu kabi o‘quv yig‘inlari doimiy ravishda o‘tkazilishi yuzasidan kelishib olindi.Shu bilan birga, Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, polkovnik Ramazon Ashropov ichki ishlar organlarida faoliyat olib borayotgan tergovchi va surishtiruvchilar bilan suhbatlashdi, muammo va takliflarini o‘rganib, tegishli choralar belgilandi.

Tergov departamenti

Text to speech