Toshkent shahrida Koreys madaniyati va san’ati uyi ochildi
Toshkent shahrida 20-aprel kuni Koreys madaniyati va san’ati uyining tantanali ochilish marosimi bo‘ldi. Bu haqida O’zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-saytida ma’lum qilingan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In rafiqalari bilan birgalikda ushbu do‘stlik va madaniyat saroyini ochdi.
- Poytaxtimiz ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib turgan ushbu muhtasham inshoot qiyofasida zamonaviy arxitektura yutuqlari va an’anaviy koreys madaniyati uyg‘unlashgan. Bu maskan xalqlarimizning mustahkam do‘stligi va mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar yuqori bosqichga chiqqanining yorqin tasdig‘idir, - dedi davlatimiz rahbari.
- Bu markaz do‘stlik, ahillik va mushtaraklik maydonidir. O‘ylaymanki, u O‘zbekistondagi koreys diasporasi, shu yerda ishlayotgan koreyaliklar va barcha o‘zbekistonliklar uchun umumiy uy bo‘ladi. Ko‘p jihatdan o‘xshash xalqlarimiz va birodarlashgan davlatlarimizni bog‘lab turadi, - dedi Mun Chje In.
Sahnada koreyslarning yurtimizga ko‘chirib kelinishi, xalqimiz bilan ahil yashashi haqida badiiy kompozitsiya namoyish etildi.
Ma’lumki, 1937-yilda Uzoq Sharqdan o‘n minglab koreyslar mamlakatimizga ko‘chirilgan. O‘sha paytdagi qiyinchiliklarga qaramay, o‘zbek xalqi ularni ochiq qalb bilan qabul qilgan, ularga boshpana berib, mehr ko‘rsatgan. O‘zining mehnatsevarligi va qat’iy irodasi, xalqlarimizning mentaliteti o‘xshashligi tufayli koreyslar yurtimizda ikkinchi Vatanini topdi. Ular O‘zbekistonning teng huquqli fuqarosiga, jamiyatimizning faol a’zolariga aylandi.
Bugungi kunda mamlakatimizda 180 mingdan ziyod koreys millatiga mansub yurtdoshlarimiz yashaydi. Ularning uch yuzga yaqini davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlangan.
Barcha millat va elat vakillari qatori koreys yurtdoshlarimiz uchun ham o‘z milliy madaniyati, tili, urf-odat va an’analarini asrab-avaylashi uchun zarur sharoit yaratilgan. O‘nlab koreys madaniyat markazlari faoliyat yuritmoqda. 12 ta oliy ta’lim muassasasi, 48 ta maktab va litseyda koreys filologiyasi o‘qitilmoqda.
Koreys tilida kitob va gazetalar chop etilmoqda, ko‘rgazmalar, konsert va festivallar, sport musobaqalari o‘tkazilmoqda.
Davlat rahbarlari o‘zbekistonlik koreys rassomlari asarlari ko‘rgazmasi bilan ham tanishdi.
Koreys madaniyat va san’at uyi 478 o‘rinli kinokonsert zali, konferensiyalar zali, kutubxona, badiiy galereya, restoran va xizmat xonalarni o‘z ichiga olgan. U jamoatchilik va yoshlar intiladigan, mushtarak madaniyatimizni boyitadigan yana bir maskanga aylanadi. Bu kun alohida strategik sherik davlatlar - O‘zbekiston va Janubiy Koreya munosabatlari tarixida yana bir yorqin sahifa bo‘lib qoladi.
Bugun kunning ikkinchi yarmida Prezidentlar Samarqandga tashrif buyurib, diqqatga sazovor joylar bilan tanishadi.