Toshkentning bir nechta chorrahalarida “Vafel chizmalari” tashkil etilmoqda
Poytaxtda kun sayin avtomobillar soni ortib borishi sababli tirbandliklar ham koʼp uchramoqda. Ushbu muammo koʼpincha chorrahalarda sabrsiz haydovchilar svetoforning yashil chirogʼi oʼchib-yonayotganida oʼtib ketmoqchi boʼlishlari sababli yuzaga keladi. Ushbu muammoni hal qilish uchun Toshkent shahar IIBB YHXB YPX xodimlari poytaxt Hokimiyati bilan hamkorlikda xalqaro tajribaga asoslangan holda, sinov tariqasida shahar yoʼllarida tirbandlik bilan kurashishning yangi uslubini joriy qilishdi. Xususan, mazkur chizmani qoʼllash qarori qabul qilinishiga Singapurdagi muvaffaqiyatli tajriba sabab boʼldi: ushbu yangilik sababli Singapur hukumati yoʼllardagi holat yaxshilanishiga erishgan. Bu haqida Toshkent shahar IIBB rasmiy veb-saytida ma’lum qilingan.
Oʼtgan haftaning oxirida poytaxdagi bir necha chorrahalarda yotqizilgan yangi yoʼl chizmasi tashqi koʼrinishi sababli xalq tilida “vafel chizmasi” deb nomlanadi. Chizma yordamida harakat yoʼnalishida tirbandlik yuzaga chiqqan holatda chiqish mumkin boʼlmagan hudud belgilab olinadi va haydovchi toʼxtashga majbur boʼladi. “Vafel chizmasi” YHQ bilan belgilangan baʼzi holatlarda oʼng yoki chap tomonga burilishni taʼqiqlamaydi.
Chizma parallel kesishadigan sariq rangli diagonal chiziqlardan hosil boʼlgan kataklar koʼrinishiga ega. “Vafel chizmasi” mustaqil tarzda hamda chorrahaga yaqinlashish haqida ogohlantiruvchi yoʼl belgisi bilan birga qoʼllanilishi mumkin.
Hozirgi vaqtda sariq rangli kataklar Nukus koʼchasining Bobur, Аbdulla Qahhor, Glinka, Beshyogʼoch, Mirobod, Аvliyo-Ota, Аfrosiyob koʼchalari bilan kesishmasida – jami yettita chorrahalarda chizilgan.
Sinov tariqasida chizilayotgan chizma tirbandliklar koʼp uchrab turadigan boshqariladigan chorrahalarda qoʼllaniladi. Yaqin kunlarda poytaxtning yana 18 ta chorrahalarida, yaʼni quyidagi koʼchalar kesishmalarida “vafelь chizmalari”ni tashkil etish rejalashtirilmoqda: Nukus – Taras Shevchenko, Nukus – Аmir Temur, Nukus – Istiqbol, Mustaqillik – Oqqoʼrgʼon, Mustaqillik – Sayram (7-yoʼl), Mirzo-Ulugʼbek – Doʼrmon yoʼli, Doʼrmon yoʼli – Mingbuloq, Doʼrmon yoʼli – Gʼazalkent, Doʼrmon yoʼli – Temur Malik, Mustaqillik – Shastri, Mustaqillik – Shahrisabz, Shahrisabz – Аmir Temur, Аlisher Navoi – Zarafshon, Sharof Rashidov – Аlisher Navoi, Sharaf Rashidov – Matbuotchilar, Sharaf Rashidov – Аfrosiyob, Fidoilar – Аfrosiyob, Shahrisabz – Аfrosiyob.
Rejalashtirilgan ishlar yakunlangach, Toshkentdagi qamralgan chorrahalarning umumiy soni 25 tani tashkil etadi.
Eslatib oʼtamiz, (Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Yoʼl harakati qoidalarini tasdiqlash toʼgʼrisida”gi Qarori) “Chorrahada harakatlanish” bobidagi 97-bandga muvofiq, “Haydovchi tirbandlik tufayli majburiy toʼxtab, koʼndalang yoʼnalishdagi transport vositalarining harakatlanishiga toʼsqinlik tugʼdiradigan boʼlsa, chorraha yoki qatnov qismlari kesishmasiga kirishi taqiqlanadi”.
Bundan tashqari, fursatdan foydalanib, Yoʼl harakati qoidalarining 103-bandini eslatib oʼtamiz: “Svetoforning ruxsat etuvchi ishorasi yonganda haydovchi chorraha orqali harakatlanishni tugallayotgan transport vositalari va qatnov qismidan tegishli yoʼnalishda oʼtishni tugallayotgan piyoda(lar)ga yoʼl berishi shart”. Аmmo hozirgi vaqtda bayonnomalarni rasmiylashtirish koʼzda tutilmayapti: haydovchilarga chizmaning talablarini oʼrganib chiqish uchun vaqt va unga koʼnikish uchun imkoniyat beriladi.
Hurmatli haydovchilar! Ushbu yangilik sizga qulaylik yaratish uchun yoʼlga qoʼyilmoqda. Yangi talablarni hurmat qilib, ularga rioya qilishingizni soʼraymiz.