Vazir o‘rinbosari Ramazon Ashropov Farg‘ona viloyatida tergov xodimlari bilan uchrashib, muammolarini o‘rganib, tergov sifatini oshirish bo‘yicha tegishli choralar belgilamoqda
Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Ramazon Ashropov joriy yil 27 yanvar kuni Toshkent shahrida Davlatimiz rahbari raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan vazifalar ijrosi doirasida Farg‘ona viloyatida bo‘lib turibdi.
Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad — xavfsiz muhitni shakllantirish bo‘yicha namunali amaliyotni joriy etish, shuningdek, tergov sifatini oshirish va uni yangi bosqichga olib chiqishdan iborat.
Vazir o‘rinbosari joylarda tergovchi va surishtiruvchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishib, viloyatning har bir shahar va tumanida xizmat olib borayotgan tergovchilar bilan bevosita suhbatlar o‘tkazilib, ularning yurituvidagi jinoyat ishlari hamda tergovga qadar tekshiruv materiallari bo‘yicha dastlabki tergov harakatlarini olib borish holati atroflicha o‘rganildi.
Shuningdek, sohada yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar, amaliyotda mavjud muammoli masalalar muhokama qilinib, tergov sifatini oshirishga qaratilgan tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Bundan tashqari, IIOlarida navbatchilik qismlari faoliyati, “E-material” axborot tizimida qayd etilgan jinoyatga oid xabarlarni qonuniy hal etilishi hamda “So‘rovxona”larda suhbat o‘tkazish amaliyotini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilganligi o‘rganilib, sohaviy xizmat rahbarlariga topshiriqlar berildi.
Shuningdek, tergov sifatini yana-da yaxshilash, protsessual muddatlarga qatʼiy rioya etish, tergovga qadar tekshiruv materiallari yuzasidan qonuniy va asosli qarorlar qabul qilish, jinoyat protsessi ishtirokchilarining barcha vajlarini tergov yo‘li bilan har tomonlama, to‘liq va xolisona tekshirish, belgilangan tartibda o‘z vaqtida xabarnomalar yuborish, dalillarni o‘z vaqtida olish hamda ularni rasmiylashtirishda protsessual qonunchilik talablariga qatʼiy amal qilish, jinoyat oqibatida yetkazilgan moddiy zararni dastlabki tergov bosqichida undirishga qaratilgan barcha protsessual harakatlarni amalga oshirish, tergovchilarning kasbiy bilim va amaliy ko‘nikmalarini muntazam oshirib borish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.
O‘rganish ishlari davom etmoqda.
Tergov departamenti