O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

Ichki ishlar organlari ekspert-kriminalistika bo‘linmalari xodimlari uchun maxsus kiyimlar joriy etilmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 18 apreldagi “Ichki ishlar organlarining jinoyatlarni tergov qilish sohasidagi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq ichki ishlar organlarining moddiy-texnik ta’minotini hozirgi zamon talablariga mos ravishda takomillashtirish maqsadida Ichki ishlar vazirligi Ekspert-kriminalistika bosh markazi tomonidan 2019 yil mart oyida ichki ishlar organlari ekspert-kriminalistika bo‘linmalari xodimlarini hodisa joyini ko‘zdan kechirish jarayonida va laboratoriya sharoitida foydalanishi uchun maxsus kiyimlar bilan ta’minlash to‘g‘risidagi takliflar tayyorlandi.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 30 noyabrdagi “Sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan og‘ir va o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlar (murdalar, inson tanasi bo‘laklari va suyak qoldiqlari, qon dog‘lari va boshqa biologik ashyoviy dalillarni olish bilan bog‘liq) hodisa joylarini ko‘zdan kechirishda ekspert-kriminalistning o‘zidan soch tolasi yoki mikrozarracha kabi ashyolar qolishini oldini olish, jinoyatga aloqador DNK namunasi, poyafzal izlari, qo‘l-barmoq izlari, mikrozarracha va biologik turdagi olinadigan ashyoviy dalillar tozaligini ta’minlash maqsadida kombinezon, nafas olish a’zolarini himoyalovchi niqob (respirator), ko‘zni himoyalovchi plastik ko‘zoynak, rezina qo‘lqop (jarrohlikka oid), poyafzal uchun baxilalardan iborat maxsus kiyimini joriy etish bo‘yicha taklif ishlab chiqildi.

Shuningdek, taklif etilayotgan suv o‘tkazmaydigan matodan tayyorlangan engil kurtka sutkaning namgarchilik ob-havo sharoitida ochiq joyda ishlayotgan mutaxassisni yopinishini ta’minlaydi hamda yukni engillashtiruvchi nimcha va bosh kiyimi turli xildagi asboblarni, ya’ni cho‘tka, qaychi, valik, skotch va boshqalarni qo‘llash bilan bog‘liq hodisa joyini ko‘zdan kechirishda qulaylik yaratadi. SHuningdek, engil kurtka va nimchada nur qaytaruvchi tasmasini mavjudligi mutaxassisni sutkaning tungi vaqtida o‘tkaziladigan ko‘zdan kechirishda xavfdan saqlashga xizmat qiladi.

Baland qo‘njli rezina etikdan botqoqli dala hududlari, yong‘in sodir bo‘lgan ob’ektlar, elektr toki shikast etkazish xavfi mavjud bo‘lgan joylar, loy-ko‘lmakli podvallar va boshqa zaruriyat joylarni ko‘zdan kechirishda foydalaniladi. Laboratoriya sharoitida foydalaniladigan xalat va shim mutaxassisga tadqiqotlar o‘tkazish jarayonida qulayliklar yaratadi.

Ushbu maxsus kiyimlar joriy yilning bahor oylarida Toshkent shahar IIBB Ekspert-kriminalistika markazi xodimlari tomonidan sinovdan o‘tkazildi va kiritilgan takliflarga asosan yanada mukammallashtirildi.

Ayni vaqtda maxsus kiyimlar Andijon shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi Ekspert-kriminalistika bo‘linmasi xodimlari tomonidan sinov tariqasida foydalanilmoqda.

Text to speech