Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish masalalari - xalqaro jamoatchilik diqqat markazida
2019-yil 25-noyabr kuni Toshkent shahrida Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasining AQSh davlat departamenti a’zolari bilan videokonferentsiya shaklidagi birinchi muloqoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Oliy Majlis Senatining rasmiy saytida ma'lum qilingan.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi T.Narbayeva ishtirok etdi va nutq so‘zladi.
Tadbirda O‘zbekiston-AQSh mutasaddi vazirlik va idoralari mas’ul shaxslari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Muloqot chog‘ida O‘zbekistonda odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish borasida qabul qilinayotgan chora-tadbirlar xususida fikr almashildi.
Ta’kidlanganidek, odam savdosiga qarshi kurashish va majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik masalasi mamlakatimizda davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Buni so‘nggi uch yilda mazkur yo‘nalishda 13 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilinganligidan ham ko‘rish mumkin.
Bundan tashqari, joriy yilning iyul oyida Prezidentimizning tegishli Farmoni asosida Odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi faoliyati tugatilib, uning o‘rniga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi rahbarligidagi Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi tashkil etildi hamda ushbu masala bo‘yicha “Milliy ma’ruzachi” instituti joriy etildi.
Hozirda komissiyaning barcha huquqiy asoslari yaratilib, Milliy komissiya va uning tarkibidagi kichik komissiyalar, hududiy komissiyalarning ishini tizimli yo‘lga qo‘yish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlarining ish samaradorligini yangi bosqichga olib chiqish, ularning hamkorligini kuchaytirishga qaratilgan qator choralar belgilandi. Xususan, 2019-2020-yillarda odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasida davlat organlari faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha birinchi navbatda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasi qabul qilindi.
Yana bir jihat, Xalqaro mehnat tashkiloti, AQSh davlat departamenti, “Cotton Campaign” va “Human Rights Watch” xalqaro tashkilotlari tavsiyalarini inobatga olgan holda odam savdosi va majburiy mehnat sohasida O‘zbekistonning pozitsiyasini yaxshilashga qaratilgan “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi. Shuningdek, xorijda bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining huquq va erkinliklari himoya qilinishini ta’minlash bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar dasturi qabul qilinganligini ham alohida qayd etish joiz.
Bolalar mehnati va majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilganlik uchun javobgarlik normasini kuchaytirish maqsadida «O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ishlab chiqildi, hozirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida ko‘rib chiqilmoqda.
Bugungi kunda mamlakatimizda jinoyatchilikning har qanday shakliga qarshi kurashish va uning oldini olishga qaratilgan profilaktik ishlar tizimli ravishda olib borilmoqda. Bu esa yildan-yilga jinoyatchilikni sezilarli darajada kamayishiga sabab bo‘lmoqda. Aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida odam savdosiga qarshi kurashish hamda tarbiyaviy ishlarni kuchaytirish borasida olib borilgan profilaktik va tushuntirish-targ‘ibot ishlari natijasida odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar ohirgi ikki yilda sezilarli darajada kamaydi. Xalqaro tajribani hisobga olgan holda, “Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqildi.
Qishloq xo‘jaligida keng ko‘lamli islohotlar o‘tkazilayotgani ta’kidlandi. Jumladan, joriy yil oktyabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilinishi bu sohada amalga oshirilayotgan ishlarni yangi darajaga olib chiqishga ko‘maklashdi.
Farmon bilan O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga mo‘ljallangan strategiyasi, shuningdek uni amalga oshirish bo‘yicha qishloq xo‘jaligida bozor mexanizmlariga to‘liq o‘tishni nazarda tutuvchi “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.
Xalqaro Mehnat Tashkiloti bilan qishloq xo‘jaligi sohasida majburiy mehnatga qarshi kurashish borasida 2013-yildan boshlangan hamkorlik ishlari o‘zining ijobiy samarasini bermoqda.
AQSh davlat departamenti vakillari O‘zbekistonda ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatladi, shuningdek mamlakatda majburiy mehnatdan foydalanish borasidagi vaziyatni monitoring qilish bo‘yicha XMT guruhi ishidan mamnun ekanlarini bildirdi. AQSh tomonining bu yo‘nalishda maslahatlashuvlar o‘tkazish va ishlarni o‘rganishni davom ettirish uchun joriy yil dekabr oyida O‘zbekistonga tashrif buyurishga tayyorligi bildirildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar samarali muloqotni yanada davom ettirishga kelishib oldilar.