Senatda O‘zbekistondagi USAID vakolatxonasi delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2019 yil 8 fevral kuni Senatda Oliy Majlis Senati Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi A.Kurmanovning O‘zbekistondagi USAID (AQShning xalqaro aloqalarni rivojlantirish agentligi) vakolatxonasi delegatsiyasi bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqida O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining rasmiy veb-saytida ma’lum qilingan.
Suhbat davomida Oliy Majlis Senati va USAID o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama etildi. Jumladan, tomonlar O‘zbekistonning investitsiyalar jalb etuvchanligini yanada oshirishga, investitsiya sohasidagi ishlar holatini tahlil qilish uchun mamlakatimiz va xorij ekspertlarini jalb qilishga, shuningdek xususiy biznesni rag‘batlantirishda AQShning ilg‘or tajribasini o‘rganishga qaratilgan tadbirlarni o‘tkazishga e’tibor qaratdilar. Mazkur tadbirlar yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasida investitsiya muhitini yaxshilash yuzasidan qo‘shma takliflar ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, qonun ustuvorligi sohasidagi xalqaro ilg‘or tajribani o‘rganish masalalari yuzasidan hamkorlik qilish bo‘yicha ham fikr almashildi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha USAID vakillari O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga, shuningdek mamlakatimizning Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilishiga har tomonlama ko‘maklashishga tayyor ekanini bildirdilar.