O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

Prezident xalq koʻnglidagi gaplarni aytdi

“Oʻzbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida 7-dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kunning 26 yilligiga bagʻishlangan tantanali tadbir boʻlib oʻtdi. Bu haqida O’zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-saytida ma’lum qilingan.

Bayram Oʻzbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi bilan boshlandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev xalqimizni ushbu qutlugʻ ayyom bilan muborakbod etib, siyosiy-huquqiy hayotimizdagi oʻzgarishlar haqida maʼruza qildi.

Bosh qonunimizni chuqur oʻrganish, anglash, hayotga joriy etish va unga soʻzsiz amal qilish - barchamizning sharafli burchimiz ekanini alohida taʼkidladi.

Konstitutsiyamizning 2-moddasida davlat xalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat qilishi, davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida masʼul ekani belgilab qoʻyilgan.

Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz rahbari boʻlgan ilk kunlardanoq mazkur konstitutsiyaviy prinsip davlat siyosatining asosiga aylandi. Prezidentimiz xalq bilan doimiy muloqotda boʻlish, odamlarning tashvish-muammolarini hal etish, ularni rozi qilishni oliy maqsad, mezon qilib qoʻydi. Tashkilotlar “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak” degan tamoyil asosida ishlaydigan boʻldi.

Inson manfaatlarini taʼminlash maqsadida keyingi ikki yilda sud-huquq sohasida ham katta oʻzgarishlar qilindi. Sudlarda ishlarni yillar davomida qayta-qayta koʻrish amaliyotiga butunlay chek qoʻyildi. Fuqarolarimiz huquq va erkinliklarini taʼminlash borasida advokatlarning vakolatlari kengaytirildi. Sud-tergov faoliyatida ochiqlik va qonuniylikni taʼminlash, ovoragarchilik va ortiqcha sarf-xarajatga yoʻl qoʻymaslik maqsadida tizimga axborot texnologiyalari joriy etildi.

Davlatimiz rahbari Konstitutsiyaning bosh maqsadi – xalqimizning farovon hayot kechirishi uchun munosib sharoit yaratish borasida qilingan va qilinajak ishlarga ham eʼtibor qaratdi. Jamoatchilik va xalqaro ekspertlar fikrlari asosida Soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi qabul qilingani, unga muvofiq soliq stavkalari pasaytirilishi, baʼzi badal va toʻlovlar bekor qilinishi, tadbirkorlikni rivojlantirish va ish oʻrinlari yaratish ragʻbatlantirilishini taʼkidladi.

Tadbirkorlikni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, investorlar uchun keng sharoitlar yaratish, ayniqsa, inflyatsiya darajasini pasaytirish boʻyicha oldindagi muhim vazifalarni koʻrsatib oʻtdi.

“Agar biz yurtimizda barqaror iqtisodiyot qurmoqchi boʻlsak, dunyodagi rivojlangan mamlakatlar kabi boy va farovon yashamoqchi boʻlsak, yuzaki emas, balki qanchalik qiyin va murakkab boʻlmasin, haqiqiy bozor iqtisodiyotiga oʻtishimiz shart. Yagona yoʻlimiz shu. Bu – Asosiy qonunimiz talabi. Boshqa yoʻl yoʻq. Biz boshlagan islohotlarimizni qatʼiy davom ettiramiz va ular albatta oʻzining ijobiy natijasini beradi” dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezidentimiz oʻz maʼruzasida fuqarolarning ijtimoiy huquqlarini roʻyobga chiqarish, yoshlarni oʻqitish va kasbga tayyorlash, ish va uy-joylar bilan taʼminlash, pensionerlarni qoʻllab-quvvatlash kabi masalalar boʻyicha ham muhim chora-tadbirlar koʻrilayotganini maʼlum qildi.

Yaxshi yashash uchun eng avvalo yaxshi mehnat qilish, huquq va erkinlik bilan birga javobgarlik va masʼuliyatni ham chuqur his etish zarurligini taʼkidladi. Yoshlarning ilmga intilishini kuchaytirish, tadbirkorlarning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, xorijiy mamlakatlar bilan turli sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish bundan buyon ham islohotlar markazida boʻlishini qayd etdi.

«Chunki bilimli avlod – buyuk kelajakning, tadbirkor xalq – farovon hayotning, doʻstona hamkorlik esa – taraqqiyotning kafolatidir!” dedi davlatimiz rahbari.

Tadbirda davlat va jamoat arboblari, ilm-fan va sanʼat namoyandalari, xorijiy davlatlar elchixonalari va xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari vakillari, keng jamoatchilik ishtirok etdi.

Bayramdagi konsert dasturi ilk bor toʻliq jonli ijroda oʻtkazildi. Unda xalqimiz hayotidagi oʻzgarishlar, mamlakatimizdagi millatlararo totuvlik va qoʻshni davlatlar bilan doʻstlik siyosati namoyon boʻldi.

Text to speech