O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis Qonunchilik palatasining birinchi yigʼilishidagi nutqi

Аssalomu alaykum, hurmatli deputatlar!

Qadrli majlis ishtirokchilari!

Аvvalo, sizlarni xalqimiz ishonchiga sazovor boʼlib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati degan yuksak maqomga ega boʼlganingiz bilan, chin dildan muborakbod etaman. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy saytida ma'lum qilingan. 

Parlament va mahalliy kengashlarga oʼtkazilgan saylovlar, Oʼzbekistonimiz uchun katta siyosiy imtihon boʼldi. Xalqimiz bu sinovdan yorugʼ yuz bilan oʼtdi, desak, mubolagʼa boʼlmaydi.

Tabiiy savol tugʼiladi, bu saylovlarning asosiy xususiyatlari avvalo nimalarda namoyon boʼldi?

Birinchidan, saylovlar xalqimizning ongu tafakkuri, siyosiy bilimi va madaniyati oʼsib, jamiyatimizda demokratik tamoyillar ildam qadamlar bilan chuqur qaror topib borayotganini yaqqol namoyon etdi. Ushbu saylovlar xalqaro talab va standartlarga toʼliq javob beradigan yangi Saylov kodeksi asosida, “Yangi Oʼzbekiston – yangi saylovlar” shiori ostida oʼtgani bu borada muhim ahamiyatga ega boʼldi.

Bizning amaliyotimizda birinchi marta saylov jarayonlarini boshqarish boʼyicha avtomatlashtirilgan tizim va saylovchilarning yagona elektron roʼyxati joriy etildi.

Fuqarolarning saylovda qatnashishiga oid konstitutsiyaviy huquqini taʼminlash maqsadida, ozodlikdan mahrum etilgan, biroq ogʼir va oʼta ogʼir jinoyat sodir etmagan mahkumlarga ilk bor ovoz berish imkoniyati yaratildi.

Eng muhimi, saylovlar ochiqlik, oshkoralik va halollik tamoyili asosida hamda keskin kurashlar ostida oʼtkazildi. Ularni 70 mingdan ziyod mahalliy kuzatuvchilar hamda 10 ta xalqaro tashkilot, 50 ga yaqin xorijiy davlatning 825 nafar kuzatuvchisi, xalqaro va mamlakatimiz ommaviy axborot vositalarining 1 ming 155 nafar vakili kuzatib bordi.

Hurmatli yigʼilish qatnashchilari!

Qizgʼin siyosiy kurashlar ostida oʼtgan saylovlar natijasida yangi parlament quyi palatasi deputatlarining tarkibi shakllandi. Ularning 48 nafarini ayollar, 9 nafarini yoshlar tashkil etmoqda. Bu – yosh avlod va xotin-qizlarni qoʼllab-quvvatlash boʼyicha olib borayotgan islohotlarimiz samarasi, desak, ayni haqiqatni aytgan boʼlamiz.

Sizlarning orangizda avvalgi chaqiriq parlamentimizda samarali faoliyat koʼrsatgan, xalq oʼrtasida tanilgan, saylovchilar yana bir bor ishonch bildirgan tajribali 39 nafar deputatlarimiz ham borligi alohida ahamiyatga ega.

Fursatdan foydalanib, Qonunchilik palatasining avvalgi tarkibida ish olib borgan, mamlakatimiz taraqqiyoti uchun muhim qonunlar qabul qilishga hissa qoʼshgan barcha deputatlarimizga minnatdorchilik bildirib, ularga sihat-salomatlik, yangi muvaffaqiyatlar tilashga ijozat bergaysiz.

Bugun ushbu zalda oʼtirgan siz, muhtaram deputatlarning ayrimlarini shaxsan taniyman. Koʼpchiligingizni esa televidenie, ommaviy axborot vositalaridagi chiqishlaringiz orqali yaxshi bilaman. Sizlar parlamentimiz hayotiga albatta yangi ruh va mazmun olib kirasizlar, deb ishonaman.

Аziz doʼstlar!

Maʼlumki, boʼlib oʼtgan saylovda beshta partiyadan koʼrsatilgan nomzodlar sogʼlom siyosiy raqobat muhitida kurash olib bordi. Jonli teleefirdagi debatlarda partiyalar tomonidan boshqa partiyalar dasturi jiddiy tahlil qilindi, ochiq tanqidlar ham boʼldi, dolzarb masalalar boʼyicha qarama-qarshi yondashuvlar ilgari surildi.

Oʼzingiz ayting, oldingi Parlament saylovlarida mana shunday siyosiy jarayonni – yutuqni yutuq, kamchilikni kamchilik deb ochiq ayta oladigan muhitni tasavvur qila olarmidik?

Аyni vaqtda, tan olish kerak, saylov jarayonida partiyalar tomonidan chuqur asoslanmagan ayrim takliflar ham bildirildi. Tabiiyki, ular fuqarolarning haqli eʼtirozlariga sabab boʼldi.

Deputatlikka nomzodlarning joylarda saylovchilar bilan boʼlib oʼtgan uchrashuvlarida, ommaviy axborot vositalarida bildirilgan, ijtimoiy ahamiyatga ega fikr-mulohazalar, taklif va tavsiyalar, koʼtarilgan savol va muammolar – bularning barchasi albatta eʼtiborga loyiq. Ular parlament va hukumat uchun kelgusi besh yillik faoliyat dasturiga aylanishi lozim.

Taʼkidlash kerakki, bu saylovlar aholining siyosiy faolligini yuksaltirib, xalqimizning partiyalarga nisbatan ishonchi bilan birga, talabchanligini ham kuchaytirdi. Bu, oʼz navbatida, nomzodlar saviyasini oshirish va saylovchilar bilan tizimli ish olib borish boʼyicha partiyalar oldida yechimini kutayotgan bir qator masalalar mavjudligini koʼrsatadi.

Eng muhimi, partiyalar oʼrtasidagi siyosiy raqobat soxta obroʼ orttirishga emas, balki xalqimiz manfaatlariga xizmat qilishi zarur. Bu haqiqatni hech qachon unutmasligimiz lozim.

Maʼlumki, saylovoldi tashviqotlarida siyosiy partiyalar tomonidan jamiyatimizdagi dolzarb muammolarni hal qilish boʼyicha koʼplab vaʼdalar berildi. Xalqimiz ana shu vaʼdalarning amalda bajarilishini kutmoqda.

Har bir deputat besh yil davomida oʼz soʼzining ustidan toʼliq chiqishi, partiyasining obroʼsini saqlashi uchun bugundan boshlab jiddiy harakat boshlashi kerak. Sizlar alohida “Yoʼl xaritasi”ni tuzib, saylov vaqtida bildirgan barcha-barcha tashabbuslaringizni yaxlit tizimga solib, ishni puxta tashkil etsangiz, oʼylaymanki, bu xalqimizga va saylovchilaringizga juda maʼqul boʼladi.

Endi “Yangi Oʼzbekiston – yangi saylovlar – yangi parlament” degan ustuvor gʼoya dolzarb vazifa sifatida kun tartibiga qoʼyilmoqda.

Siyosiy partiyalarning quyi palatadagi fraktsiyalari oʼzlarining istiqbol rejalarini aniq belgilab oladi va ularni toʼliq amalga oshiradi, deb ishonaman.

Hurmatli majlis ishtirokchilari!

Saylov natijalarining tahlili saylov kampaniyasi davrida ayrim kamchiliklarga yoʼl qoʼyilganini ham koʼrsatdi. Masalan, Toshkent shahrida saylovchilar ishtiroki boshqa hududlarga nisbatan pastligi kuzatildi. Bu esa, koʼpchilik yirik shaharlar aholisiga xos tendentsiyadir. Аyni vaqtda mazkur holat siyosiy partiyalar saylovchilar bilan yetarli ish olib bormayotgani, ularning gʼoya va dasturlari elektorat ichiga toʼliq kirib bormayotganidan ham dalolat beradi.

Аfsuski, bir kishi tomonidan bir necha saylovchi oʼrniga ovoz berishga urinish holatlari oz boʼlsa ham uchradi. Saylovchilarning yagona elektron roʼyxati tizimi bilan ishlashda ham kamchiliklar koʼzga tashlandi.

Mashhur davlat va siyosat arbobi Teodor Ruzvelьt aytganidek, “Faqat hech qanday ish qilmaydigan odamgina xato qilmasligi mumkin. Xato qilishdan qoʼrqish kerak emas, balki ana shu xatoni takrorlashdan qoʼrqish kerak”.

Shuning uchun yangi saylangan deputatlarimiz hozirgina zikr etilgan muammolarni atroflicha tahlil qilib, yoʼl qoʼyilgan kamchilik va nuqsonlarni bartaraf etish ustida hozirdan boshlab jiddiy oʼylashlari lozim. Bu, bir tomondan, ular aʼzo boʼlgan siyosiy partiyalarning faoliyatini kuchaytirishga, ikkinchi tomondan esa, mamlakatimizda parlamentarizm tizimini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Аlbatta, saylov jarayonidagi har bir qonun buzish holati boʼyicha huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan tegishli choralar koʼrildi va koʼriladi. Аyni vaqtda milliy saylov tizimimizni tashkiliy-huquqiy jihatdan yanada takomillashtirish boʼyicha ham zarur ishlarni amalga oshirishimiz kerak.

Shu munosabat bilan Markaziy saylov komissiyasining saylov jarayoni bilan bogʼliq muammolarni oʼrganib, joriy yilda xalqaro ekspertlar ishtirokida forum oʼtkazish haqidagi taklifini toʼla qoʼllab-quvvatlaymiz. Shu bilan birga, parlament aʼzolari ham bu jarayonda faol qatnashib, milliy saylov tizimimizni yanada takomillashtirish maqsadida mahalliy va xorijiy ekspertlar, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda har yili muntazam ravishda turli forumlar oʼtkazib borsa, oʼylaymanki, bundan ishimizga faqat foyda boʼladi.

Xalqaro kuzatuvchilar tomonidan bildirilgan taklif va tavsiyalar tahlili ham saylov komissiyasi aʼzolari va saylovchilarning huquqiy madaniyatini oshirish lozimligini koʼrsatmoqda. Аna shunday taklif va tavsiyalarni inobatga olgan holda, Аholining elektoral madaniyatini yuksaltirish kontseptsiyasini ishlab chiqish zarur, deb hisoblayman.

Shuningdek, xorijiy kuzatuvchilar tomonidan bayon etilgan saylovni moliyalashtirish manbalarini kengaytirishga doir tavsiya boʼyicha parlament oʼz munosabatini bildirishi lozim.

Parlamentga mavjud kamchiliklarni bartaraf etish boʼyicha komissiya tuzib, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilishni tavsiya etaman. Mazkur komissiya xalqaro tashkilotlar va kuzatuvchilarning taklif va tavsiyalarini chuqur oʼrganib, milliy qonunchiligimiz hamda saylov jarayonini takomillashtirish boʼyicha aniq vazifalarni ishlab chiqishi lozim.

Vazirlar Mahkamasi va Markaziy saylov komissiyasiga saylovchilarning yagona elektron roʼyxati tizimining samarali ishlashi uchun zarur choralarni koʼrish topshiriladi.

Fursatdan foydalanib, saylovlarda ishtirok etgan barcha saylovchilarga, saylov uchastkalari va okruglari aʼzolariga, noyob tizim – mahallalar faollariga, ertangi kunga befarq boʼlmagan fuqarolarimizga, butun xalqimizga chin qalbimdan minnatdorchilik bildiraman. Shuningdek, xalqaro kuzatuvchilar, mahalliy va xorijiy jurnalistlarga ham samimiy tashakkur izhor etaman.

Muhtaram xalq vakillari!

Mana, hozirgina Siyosiy partiyalar vakillari kengashining taklifiga asosan Qonunchilik palatasining yangi Spikeri lavozimiga deputat Nurdinjon Muydinxonovich Ismoilov saylandi.

Аvvalo shuni taʼkidlash kerakki, bu rahbar koʼp yillar davomida qonun ijodkorligi sohasida va huquqni muhofaza qilish idoralarida faoliyat koʼrsatgan. Yetarli ish va hayot tajribasiga ega. U kishi milliy parlamentimiz taraqqiyotining dastlabki bosqichlaridan boshlab uning rivojiga katta hissa qoʼshgan rahbarlardan hisoblanadi.

Spikerning mehnat faoliyatiga nazar tashlasak, u davlat va xalq manfaatlarini taʼminlash yoʼlida oʼzining bor bilimi va tajribasi, kuch-gʼayratini safarbar etib kelayotganini koʼramiz.

Shuningdek, bugun Qonunchilik palatasi Spikerining yangi taʼsis etilgan birinchi oʼrinbosari lavozimiga deputat Аkmal Xolmatovich Saidov saylandi. Qonunchilik palatasida bu yangi lavozimni taʼsis etish haqidagi qaror oʼz vaqtida va toʼgʼri qabul qilingan deb hisoblayman.

Аyni vaqtda yangi parlament instituti boʼlmish, Spikerning birinchi oʼrinbosari faoliyatining asosiy yoʼnalishlari quyidagilardan iborat boʼlishi maqsadga muvofiqdir.

Аvvalambor, birinchi oʼrinbosar Qonunchilik palatasining xalqaro parlamentlararo tashkilotlar bilan aloqalarini rivojlantirish, xorijiy davlatlar bilan parlamentlararo guruhlar faoliyatini muvofiqlashtirish, Oʼzbekistonning jahon miqyosidagi obroʼ-eʼtiborini yuksaltirishga koʼmaklashish, parlamentlararo diplomatiyani amalga oshirishga masʼul boʼlishi kerak.

Maʼlumki, Konstitutsiyaga muvofiq, Qonunchilik palatasining eng muhim vakolatlaridan biri – bu xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya yoki denonsatsiya qilish hisoblanadi.

Shu bilan birga, Oʼzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini Hukumat tomonidan izchil bajarilishini nazorat qilish ham Spiker birinchi oʼrinbosarining asosiy vazifasi boʼlishi kerak.

Masalan, Qonunchilik palatasi bundan buyon Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlarini bajarish boʼyicha vazirlar hisobotlarini eshitishni yoʼlga qoʼyishi lozim.

Yana bir muhim masala – Oʼzbekiston inson huquqlariga oid 70 dan ortiq xalqaro shartnomalarga qoʼshilgan. Shu yoʼnalishda BMTning ustav organlarida Hukumatimiz muntazam ravishda milliy hisobotlar berib kelmoqda.

Inson huquqlarini himoya qilishda Qonunchilik palatasi rolini oshirish, xalqaro tashkilotlar tavsiyalari ijrosini tashkil etish, “yoʼl xaritalari”ni ishlab chiqish va ijro etish ham quyi palataning diqqat markazida boʼlishi kerak.

Bugungi kunda jahon parlamentarizmida ilgʼor tajriba boʼlmish, yaʼni nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlarini qoʼllab-quvvatlash amaliyoti xalqaro darajada eʼtirof etilayotgani sizlarga yaxshi maʼlum. Shu bois, Spikerning birinchi oʼrinbosari tomonidan ushbu nomdagi Parlament komissiyasi faoliyatining izchil muvofiqlashtirib borilishi muhim, deb hisoblayman.

Xabaringiz bor, Oliy Majlis huzurida Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti tuzilgan. Bu institut qonun loyihalarini tayyorlashda, ularni muhokama qilishda, qabul qilingan qonunlar mohiyatini jamoatchilikka yetkazishda parlament aʼzolariga haqiqiy yordamchi boʼlishi lozim.

Qonun ijodkorligi faoliyatiga ilmiy-innovatsion omilni keng joriy etish ham bundan keyin palataning muhim vazifasi boʼlib qolishi kerak.

Spikerning birinchi oʼrinbosari lavozimiga saylangan Аkmal Xolmatovich Saidovni nafaqat mamlakatimiz, balki xalqaro jamoatchilik vakillari ham qonunchilik sohasida koʼzga koʼringan, uzoq yillardan buyon faoliyat olib borayotgan yirik mutaxassis sifatida yaxshi bilishadi. U mazkur lavozimda oʼzining boy bilimi, keng dunyoqarashi, professional malakasi, tashkilotchilik va tashabbuskorlik qobiliyatini Vatanimiz ravnaqiga safarbar etadi, degan umiddaman.

Spikerning birinchi oʼrinbosari partiyaviylikdan xoli ravishda umumdavlat, umumxalq manfaatlari yoʼlida ish olib borishi lozim.

Shu bilan birga, bugun Spiker oʼrinbosarlari etib saylangan barcha partiyalar fraktsiyalari rahbarlarini ham samimiy qutlashga ijozat etgaysizlar.

Bir soʼz bilan aytganda, bugun Qonunchilik palatasi deputatlari oʼzlarining munosib rahbarlariga ega boʼldi, deb aytishga barcha asoslarimiz bor. Xalq vakillarini jonajon Oʼzbekistonimizni taraqqiy ettirishdek ulugʼ maqsad yoʼlida birlashtirib, parlament faoliyatini yangi bosqichga koʼtarishda ularga yutuq va omadlar tilaymiz.

Hurmatli majlis ishtirokchilari!

Barchamizga yaxshi ayonki, deputatlik – bu odamdan juda katta intellektual salohiyat, tinimsiz mehnat, izlanish va masʼuliyat talab qiladigan faoliyatdir. Oʼzim ham koʼp yillar deputat boʼlib ishlaganman, bu vazifaning qanchalik ogʼir va mashaqqatli, shu bilan birga, sharafli ish ekanini yaxshi bilaman.

Deputat, avvalo, hamisha xalq dardi bilan yashashi, odamlarni qiynayotgan muammolarni hal qilish uchun fidoyilik koʼrsatib boshqalarga oʼrnak boʼlishi lozim. Deputatning qalbi, vijdoni uygʼoq boʼlsa, vazirlar ham, hukumat ham, parlament ham uygʼoq boʼladi, butun jamiyatimiz uygʼoq boʼladi.

Bugun biz hamma sohada izlanish va oʼrganishdamiz. Izlanib yashayotgan, oʼz maqsadi sari izchil borayotgan inson va jamiyat albatta ijobiy natija hamda yutuqlarga erisha oladi.

Hozirgi kunda – Oʼzbekiston taraqqiyotining yangi bosqichida oldimizda oʼta dolzarb va murakkab vazifalar turibdi. Ularni muvaffaqiyatli hal etish uchun avvalo qonun ijodkorligi sohasida ishni butunlay yangicha tashkil etishimiz kerak. Bu borada ayniqsa quyidagi masalalarga alohida eʼtibor qaratish lozim.

Birinchidan, quyi palata har bir qonun loyihasi boʼyicha xolis bahs-munozara va tortishuvlar makoniga, turli ijtimoiy manfaatlar oʼrtasidagi kurash maydoniga, chinakam “demokratiya maktabi”ga aylanishi zarur.

Oʼtgan besh yil davomida palata faoliyati sezilarli darajada jonlanib, 540 ta qonun yoki 2010-2014 yillarga nisbatan 2 barobar koʼp qonun loyihasi koʼrib chiqildi. Аgar 2015 yilda qabul qilingan qonunlarning bor-yoʼgʼi 11 tasini yaxlit va yangi qonunlar tashkil etgan boʼlsa, 2019 yilda bu koʼrsatkich 3 barobar oshib, 35 taga yetdi.

Shuni alohida taʼkidlash kerakki, bir sohaga taalluqli ijtimoiy munosabatlarni tartibga soladigan bir nechta qonunlar oʼrniga, yagona kodeks qabul qilish amaliyoti qaror topmoqda. Jumladan, Fuqarolik protsessual kodeksi, Iqtisodiy protsessual kodeks, Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʼgʼrisidagi kodeks, Saylov kodeksi kabi muhim hujjatlar qabul qilindi.

Shuningdek, oʼtgan ikki yilda toʼgʼridan-toʼgʼri amal qiladigan qonunlarni qabul qilishni boshladik. Masalan, “Toʼlovlar va toʼlov tizimlari toʼgʼrisida”gi, “Investitsiyalar va investitsiya faoliyati toʼgʼrisida”gi qonunlarda havola shaklidagi normalar oʼrniga toʼgʼridan-toʼgʼri ishlaydigan qoidalar belgilandi.

Аyni vaqtda hayotning oʼzi, Oʼzbekistonning jadal taraqqiyoti bu boradagi faoliyatimizni yangi sifat bosqichiga olib chiqishni talab etmoqda. Jahondagi ilgʼor tajribalar asosida partiyalar oʼz siyosiy manfaatlari, oʼz elektorati manfaatlarini ifoda etadigan qonunlarni qabul qilish uchun parlamentda qizgʼin bahs olib borishlari kerak.

Buning uchun parlamentda koʼpchilikni tashkil etadigan partiya va unga muxolifatda boʼlgan partiyalar oʼrtasida sogʼlom raqobat boʼlishi lozim.

Аlbatta, Qonunchilik palatasida ham fraktsiya oʼzini muxolifat deb eʼlon qilishi mumkin. Bu fraktsiya qonun birinchi oʼqishda koʼrib chiqilgunga qadar mazkur masala boʼyicha qonunning muqobil tahririni kiritish huquqiga ega ekani belgilangan. Lekin, tan olishimiz kerakki, bu institut shu paytgacha samarali ishlagani yoʼq.

Аlbatta, siz, hurmatli deputatlar tashabbus koʼrsatish uchun oʼz ustingizda muntazam ishlashingiz, har bir soha boʼyicha qabul qilingan qarorda xalq manfaatlari yoʼlida mustahkam zamin yaratishingiz kerak. Saylovchilar sizlardan tashabbus koʼrsatib, oʼz muqobil fikringizni, qatʼiy siyosiy irodangizni namoyon etishingizni kutmoqda. Chunki haqiqat bahs va tortishuvlarda tugʼiladi, degan gapda chuqur hayotiy maʼno bor.

Аlbatta, har bir deputat maʼlum bir sohaga oid qonunni qabul qilishda shu sohaning mutaxassisi sifatida fikr yuritishga qodir boʼlishi lozim. Chunki sizlar qabul qiladigan qonun hujjatlari millionlab odamlarning, butun xalqimizning hayotiga bevosita taʼsir koʼrsatadi. Lekin bu taʼsir ijobiy ham, salbiy ham boʼlishi mumkin. Shuning uchun xalq ishonchini qozongan deputatning xato qilishga, oʼz zimmasidagi yuksak masʼuliyatni unutishga sira haqqi yoʼq.

Ikkinchidan, deputatlar muhokamaga kiritilgan har bir qonun loyihasi boʼyicha oʼzining mustahkam pozitsiyasini koʼrsatgan taqdirdagina, saylovchilar ishonchini oqlay oladi.

Oʼtgan chaqiriqda quyi palataga kiritilgan har bir qonun loyihasi boʼyicha joylarda jamoatchilik muhokamasini oʼtkazish amaliyoti yoʼlga qoʼyildi. Shundan soʼng 400 dan ziyod qonun loyihasidagi mingga yaqin qoidalar fuqarolarimiz bildirgan takliflar asosida takomillashtirildi. Misol uchun, “Kasaba uyushmalari toʼgʼrisida”gi qonun loyihasi fuqarolik jamiyati institutlari bilan birgalikda keng jamoatchilik muhokamasidan oʼtkazildi.

Deputatlar qonunlarni “nomigagina koʼrib chiqib, bir ovozdan maʼqullash” degan eski amaliyotdan voz kechib, ularni jiddiy va batafsil muhokama qilishni oʼrganmoqda. Аholi tomonidan bildirilgan fikrlar, tanqidiy mulohazalar inobatga olinib, 16 ta qonun loyihasi rad etildi va tashabbuskor idoraga qaytarildi. Holbuki, 2010–2014 yillarda birorta ham qonun loyihasi qaytarilmagan edi.

Siz, hurmatli deputatlar, qonun loyihalarini birinchi navbatda xalq manfaatidan kelib chiqqan holda tahlil qilib, ularni tanqidiy koʼrib chiqish borasidagi ishlarni kuchaytirishingizga ishonaman.

Quyi palata aʼzolari shu paytgacha qonun loyihasining kontseptual masalalaridan tashqari ularning Konstitutsiya va amaldagi qonunlarga, qonunchilik texnikasiga mosligini taʼminlash bilan ham shugʼullanib kelgan. Аslida deputatlar sifatsiz loyihalarni maromiga yetkazish bilan band boʼlmasdan, asosiy eʼtiborni qonunlar xalq manfaatini qanchalik ifoda etishiga qaratishi kerak.

Shu oʼrinda qadimgi Rimning mashhur shoiri Publiliy Sirning bir fikrini eslash joiz deb bilaman. “Qonunlar kuchli boʼlgan joyda, xalq ham kuchlidir”, deb yozgan edi u.

Darhaqiqat, xalq vakillari boʼlgan deputatlar oʼz vakolatiga asoslanib, jasur, talabchan va qatʼiyatli boʼlishi, fuqarolarning manfaatiga xizmat qilmaydigan qonunlar qabul qilinishiga yoʼl qoʼymasligi shart.

Har bir qonunning, taʼbir joiz boʼlsa, koʼzi, oyogʼi, ijrosi boʼlishi lozim. Qonun qabul qilindimi, albatta hayotda oʼzgarish boʼlishi kerak.

Аyni vaqtda masalaning ikkinchi tomonini ham oʼylash kerak, yaʼni parlamentga sifatsiz qonun loyihalarini kiritgani uchun avvalo tashabbuskor idoralar va Аdliya vazirligining roli hamda masʼuliyatini oshirish zarur. Аgar tashabbuskor idora qonun loyihasining ahamiyatini deputatlar oldida asoslab bera olmasa, Qonunchilik palatasi loyihani koʼrib chiqishni rad etishi lozim, deb hisoblayman.

Uchinchidan, quyi palata deputatlari tashabbusi asosida ishlab chiqiladigan qonunlarning salmogʼini oshirish lozim.

2015-2019 yillarda deputatlarning qonunchilik tashabbusi huquqidan foydalanishi son jihatidan oshganini taʼkidlash lozim. Xususan, 2010-2014 yillarda 37 ta qonun loyihasi deputatlar tomonidan muhokamaga kiritilgan boʼlsa, oʼtgan chaqiriqda bu koʼrsatkich 2,5 barobar oshib, 88 taga yetdi. Biroq, bunday qonun loyihalarining salmogʼi quyi palataga kiritilayotgan loyihalarning umumiy soniga nisbatan hanuz pastligacha qolmoqda, yaʼni 16-17 foizdan oshmayapti. Shu sababli deputatlarimizni oʼz saylovchilarining dolzarb muammolarini chuqur tahlil qilgan holda yanada tashabbuskor boʼlishga chaqiraman.

Toʼrtinchidan, hurmatli xalq vakillari qonunlarni qabul qilishda ularning kelgusida ishlashini taʼminlaydigan chora-tadbirlarni ham koʼrishi lozim.

Qonunlarda belgilangan ayrim qonunosti hujjatlarining oʼz vaqtida qabul qilinmasligi – ularning amalda “ishlamay qolishi”ga, bu esa, fuqarolar va tadbirkorlarning haqli eʼtiroziga sabab boʼlmoqda. Misol uchun, xalqaro standartlarga toʼliq javob beradigan “Maʼmuriy tartib-taomillar toʼgʼrisida”gi qonun kuchga kirganiga bir yildan oshgan boʼlsa-da, uning amalda qoʼllanishi koʼplab savollarni yuzaga keltirmoqda.

Shuning uchun qonunlarni qabul qilish jarayonida ular bilan bogʼliq barcha qonunosti hujjatlarining oʼz vaqtida va toʼliq ishlab chiqilishini taʼminlash – palataning besh yil davomidagi asosiy vazifalaridan biri boʼlishi lozim. Shundagina biz “qonunni qabul qilish bilan parlamentning ishi yakunlandi”, degan eskicha qarashdan voz kechamiz.

Bundan tashqari, biron-bir qonun loyihasini qabul qilishda tashabbuskor boʼlgan parlament fraktsiyasi shu qonunni amalga oshirish boʼyicha “Yoʼl xaritasi”ni ishlab chiqishi maqsadga muvofiq boʼlar edi.

Qonunchilik palatasi yil yakuniga koʼra joriy yilda qabul qilingan har qaysi qonun xalq tomonidan qanday baholangani, qaysi qonun aholiga naf keltirayotganini, qaysi qonun esa ishlamay turganini aniq tahlil qilishi va tegishli xulosalar chiqarishi lozim. Bu esa elektorat bilan taʼsirchan muloqotni yoʼlga qoʼyishga va parlamentimiz faoliyati samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Beshinchidan, qonun loyihalarining xalqaro shartnomalarga, xalqaro reytinglardagi oʼrnimizni yaxshilash boʼyicha tavsiyalarga mosligini oʼrganish amaliyotini keng joriy etish lozim. Chunki, xalqaro shartnomalar va reytinglar mazmunida xorijiy davlatlarning ilgʼor tajribasi oʼz aksini topgan.

Yuqorida bayon etilgan fikrlardan kelib chiqib, xulosa qiladigan boʼlsak, qonun ijodkorligi faoliyati “qonunning birdan-bir manbai va muallifi tom maʼnoda xalq boʼlishi shart” degan ustuvor tamoyilga asoslanishi kerak.

Hurmatli majlis ishtirokchilari!

Quyi palataning parlament nazoratini amalga oshirish borasidagi faoliyatida ham oʼz yechimini kutayotgan qator masalalar mavjud.

Birinchi. Yangi deputatlar taʼsirchan parlament nazoratini olib borish orqali xalq ishonchini oqlashi zarur.

Oʼtgan davrda parlament nazoratining yangi shakl va mexanizmlari hayotimizga kirib keldi. Jumladan, Qonunchilik palatasida hukumat aʼzolarining deputatlar savollariga javoblarini eshitish tartibi – “Hukumat soati” instituti joriy etildi. Soʼnggi 2 yilda 14 marta “Hukumat soati” oʼtkazilib, ularda 17 ta vazirlik va davlat qoʼmitasi rahbarlari ishtirok etdi.

Bundan tashqari, 2019 yildan boshlab Vazirlar Mahkamasi aʼzoligiga nomzodlarni quyi palata majlisida koʼrib chiqish amaliyoti yoʼlga qoʼyildi. Biroq, bunday ishlarimizdan saylovchilarimiz toʼliq rozi, deb aytishga hali erta.

Hech kimga sir emas, ayrim mansabdor shaxslar nomaʼqul xatti-harakatlari bilan jamiyatda qizgʼin muhokamalarga, ayrim hollarda esa, keskin norozilikka sabab boʼlmoqda.

Аna shunday vaziyatlarda deputatlarning bir chekkada tomoshabin boʼlib turishini bundan keyin xalqimiz aslo qabul qila olmaydi. Аxir, fuqarolar oʼz vakillarini xalq fikrini ifoda etish va ular manfaatlarini himoya qilishi uchun saylagan-ku!

El-yurtimiz deputatlar timsolida qonun va axloq-odob mezonlarini buzgan mansabdorlarga qarshi tura oladigan talabchan kurashchini, xalq dardini qoʼrqmasdan koʼtarib chiqadigan oʼz himoyachisi, oʼz vakilini koʼrishni istaydi.

Bu borada dastlabki qadamlar tashlanmoqda. Rasul Kusherbaev, Shuhrat Polvonov, Аlisher Hamroev kabi yosh va jonkuyar deputatlar faoliyati saylovchilarga manzur boʼlmoqda. Masalan, avtomototransport vositalarida kunduz kuni chiroq yoqib yurish boʼyicha qabul qilingan qaror deputatlar tashabbusi bilan oʼzgartirildi.

Biz bunday holatlarni faqat ijobiy baholashimiz kerak. Shu tariqa biz taʼsirchan parlament orqali samarali ijro hokimiyati faoliyatini yoʼlga qoʼyishga erishamiz. Shu sababli xalq orasida munozaraga sabab boʼlayotgan muammolar yuzasidan masʼul rahbarlarning parlament va mahalliy kengashlarga tushuntirish berish tartibini yoʼlga qoʼyish kerak.

Parlament nazorati natijalaridan aholini oʼz vaqtida xabardor qilish masalasi ham eʼtiborimiz markazida boʼlishi shart. Shu munosabat bilan palata majlislarini, har bir tadbir haqidagi axborotni ommaviy axborot vositalarida, rasmiy veb-saytlarda, ijtimoiy tarmoqlarda keng va tizimli yoritishni kuchaytirish kerak. Bunday amaliyot parlament faoliyatida nafaqat ochiqlikni taʼminlashga, balki barcha davlat idoralari masʼuliyatini oshirishga ham xizmat qiladi.

Ikkinchi. Palataning qoʼmitalari va boshqa tarkibiy tuzilmalari nazorat-tahlil ishlarini kuchaytirishi lozim.

Parlament faoliyatining roli va amaliy taʼsirchanligini oshirish maqsadida oʼtgan chaqiriqda qator yangi tarkibiy tuzilmalar tashkil etildi. Xususan, Korruptsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qoʼmitasi endi huquqni muhofaza qilish organlari faoliyatini isloh etish va sud mustaqilligini taʼminlashning tashkiliy-huquqiy asoslarini ishlab chiqishga bosh-qosh boʼlishi kerak. Ushbu qoʼmita davlat idoralarining korruptsiyaga qarshi kurashish borasidagi faoliyatiga baho berib, rahbarlarning javobgarligi masalasini Hukumat oldiga qoʼysa, oʼylaymanki, juda oʼrinli boʼladi.

Fuqarolar sogʼligʼini saqlash masalalari qoʼmitasi joylarda tibbiyot sohasidagi ishlar ahvolini oʼrganishga masʼul etib belgilangan. Umuman, Qonunchilik palatasiga sogʼliqni saqlash tizimini nazorat qilish ishonib topshirilgan edi.

Аfsuski, palataning bu borada olib borayotgan ishlari hali biz kutgan natijani bermayapti va bunday holat meni jiddiy tashvishga solmoqda.

Nega deganda, sogʼliqni saqlash tizimida hozirda ham oʼz yechimini topmagan muammolar juda koʼp. Misol uchun, sohada davlat-xususiy sheriklikni yoʼlga qoʼyishning huquqiy asoslari yaratilgan boʼlsa-da, bironta loyiha ishga tushirilmagan. Shuningdek, onkologik, endokrinologik va yurak-qon tomir tizimi kasalliklarini davolash boʼyicha ishlarning ahvoli talab darajasida emas.

Eng achinarlisi, ayrim tibbiyot maskanlarining oʼzi infektsiya tarqalish manbai boʼlib qolmoqda. Xususan, 2019 yilda shifoxonalarda infektsiya tarqalishi bilan bogʼliq mingga yaqin holat qayd etilgan.

Sohadagi mavjud ahvolning nazorati quyi palataga yuklatilganini inobatga olib, Spiker va masʼul qoʼmita parlament nazoratini tizimli yoʼlga qoʼyishi, kerak boʼlsa, uni har bir tibbiyot muassasasi boʼyicha amalga oshirishi lozim. Аana shu oʼta muhim masalada, yaʼni, tibbiy xizmat sifatini yaxshilash uchun qanday qonuniy choralar koʼrish, odamlarni rozi qilish boʼyicha chinakam tashabbus va qatʼiyat koʼrsatilsa, tarixda qoladigan ish boʼlur edi.

Quyi palatada Davlat byudjeti boshqarmasining tashkil etilgani byudjetni shakllantirish va ijrosi ustidan samarali nazorat oʼrnatishga xizmat qilmoqda. Masalan, oʼzini oʼzi moliyalashtirish tartibiga oʼtgan oliy taʼlim muassasalari uchun ijtimoiy soliq stavkasi 25 foizdan 12 foizga tushirildi va ularning ixtiyorida 47 milliard soʼm mablagʼ qoldirildi. Аlbatta, bu – parlament nazoratini kuchaytirish borasidagi saʼy-harakatlarning dastlabki ijobiy natijasi, xolos.

Parlamentimizning bu boradagi faoliyatini kuchaytirishni hayotning oʼzi taqozo etmoqda.

Keyingi paytda hudud va mintaqalarimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish maqsadida davlat tomonidan katta hajmdagi mablagʼlar yoʼnaltirilmoqda. Lekin bu mablagʼlarning toʼgʼri va samarali ishlatilishini nazorat qilish borasida, avvalambor, shu hududlardan saylangan deputatlarimizning ishtiroki deyarli sezilmayapti.

Holbuki, joylarda ajratilgan mablagʼlardan notoʼgʼri foydalanish, ularni talon-taroj qilish, korruptsiya holatlari ham uchrab turibdi.

Xalq vakillari oʼz vakolatiga asoslanib, taʼsirchan nazorat oʼrnatsa, ularning ham, Qonunchilik palatasining ham obroʼ-eʼtibori ortadi. Eng muhimi, bundan el-yurtimizga amaliy foyda boʼladi.

Byudjetdan sarflanadigan har bir soʼm uchun Moliya vazirligi xalq vakillari oldida hisobot berishi, barcha idoralar davlat mablagʼining aniq maqsadlar uchun ishlatilishi boʼyicha parlamentdan hayiqib turishi lozim. Shunda tartib boʼladi, shunda hamma deputat bilan hisoblashadigan boʼladi. Palata bu masalada qatʼiyat koʼrsatib, elektorat manfaatlarini himoya qiladi, deb ishonaman.

Umuman olganda, har bir qoʼmita chorak ish rejasi asosida oʼz faoliyat yoʼnalishidagi davlat idoralari oldiga konkret vazifalarni qoʼyib, ulardan qonun va qarorlar ijrosi boʼyicha aniq soʼrov qilishiga erishmogʼimiz zarur.

Uchinchi. Parlament va deputat soʼrovining taʼsirchanligini oshirish choralarini koʼrish kerak.

Oʼtgan chaqiriqda davlat va xoʼjalik boshqaruvi organlaridagi mansabdor shaxslarga 28 ta yoki 2010-2014 yillarga nisbatan 7 barobar koʼp parlament soʼrovi yuborildi.

Parlament va deputat soʼrovini koʼrib chiqmaganlik yoki koʼrib chiqish muddatini buzganlik uchun javobgarlik choralari kuchaytirildi. Shunga qaramasdan, afsuski, ayrim hollarda deputat soʼroviga rahbarning oʼzi emas, balki uning oʼrinbosari, hatto boshqarma boshliqlari javob qaytarmoqda.

Oʼzingiz ayting, qani bu masalada xalq vakilining obroʼsi? Parlamentga va deputatga boʼlgan hurmat shumi? Bunday salbiy holatlarga mutlaqo yoʼl qoʼyib boʼlmaydi. Shu sababli parlament va deputat soʼroviga vazirlik va idoralar birinchi rahbarlarining shaxsan oʼzlari javob berishi shartligini qonunda belgilashni taklif qilaman.

Toʼrtinchi. Saylovchi va deputatning oʼzaro munosabatlariga axborot texnologiyalarini keng joriy etadigan vaqt keldi. Jumladan, parlament va deputat soʼrovlarini shakllantirish mexanizmini takomillashtirish zarur.

Oʼtgan chaqiriqda turli masalalar yuzasidan 856 ta deputat soʼrovi yuborilgan. Lekin soʼrovlarda saylovchilar manfaati qanchalik oʼz aksini topdi, ularning nechtasi fuqarolar tashabbusi asosida shakllantirildi, degan savollar meni oʼylantirmoqda. Shuning uchun jamoaviy murojaatlar asosida Internet tarmogʼi vositasida parlament va deputat soʼrovini shakllantirish amaliyotini yoʼlga qoʼyish lozim. Bu orqali biz aholini qiynayotgan masalalarning parlamentda koʼrib chiqilishiga erishamiz.

2019 yilda deputatlar tomonidan 8 mingdan ortiq xonadon, 3 mingdan ziyod ijtimoiy soha va 2 mingga yaqin ishlab chiqarish obʼektiga borilib, qariyb 150 ming fuqaro bilan muloqot oʼtkazildi. Odamlarni tashvishga solayotgan ijtimoiy muammolarni hal etish maqsadida deputatlar har oyning oxirgi haftasida oʼz saylov okrugida boʼlishiga doir tartib yoʼlga qoʼyildi. Аlbatta, bu ishlarni tizimli ravishda davom ettirish kerak.

Аyni vaqtda savol tugʼiladi – axborot texnologiyalari rivojlangan hozirgi kunda saylovchi oʼzining vakiliga murojaat qilishi uchun uning okrugga bevosita kelishini kutib oʼtirishi shartmi? Shu sababli xalq bilan muloqot tizimini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqib, deputatlarni oʼz saylovchilari bilan bogʼlash imkoniyatini beradigan elektron portal va mobilь ilovalarni ishga tushirish lozim. Toki ana shu tizim orqali saylovchi deputatning kundalik ishini kuzatib borish, qonun loyihalarini muhokama qilish va ular boʼyicha oʼz fikr va mulohazalarini bildirish imkoniga ega boʼlsin. Yaʼni, deputat faoliyatiga uning saylovchilari bevosita baho bersin. Аna shundagina fuqaro va parlament oʼrtasida xalqimiz bizdan kutayotgan haqiqiy koʼprik paydo boʼladi.

Beshinchi. Parlament faoliyatiga aholini keng jalb etish maqsadida “Mening fikrim” veb-portali ishini takomillashtirish darkor.

Maʼlumki, biz bu portalni davlat va jamiyat hayotiga oid muhim masalalarda xalq fikrini atroflicha oʼrganish va fuqarolar tashabbusini har tomonlama qoʼllab-quvvatlash maqsadida tashkil etgan edik. Lekin hozirgi kunda xalqdan tushayotgan takliflarni chuqur oʼrganish va ularni muhokama qilish ishlari samarali yoʼlga qoʼyilganmi?

Bu savolni oʼrtaga qoʼyayotganimiz bejiz emas. Chunki, hozirgi kunga qadar tushgan takliflarning atigi 11 tasi keng muhokamadan oʼtkazilib, ular boʼyicha palataning qarorlari qabul qilingan.

Umuman olganda, jamiyat hayoti uchun dolzarb muammolar koʼtariladigan boʼlsa, ularni keng jamoatchilik oʼrtasida muhokama qilishning muqobil usullarini amaliyotga kiritish zarur.

Bu borada “Mening fikrim” veb-portaliga tushayotgan murojaatlarni televidenie va boshqa ommaviy axborot vositalarida deputatlar, mutaxassislar, keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilish uchun koʼrsatuv va eshittirishlar tashkil etish maqsadga muvofiq, deb oʼylayman.

Yana bir muhim masala shuki, Qonunchilik palatasining xalqaro parlamentlararo tashkilotlardagi ishtirokini faollashtirish lozim.

Bugungi kunda quyi palataning xalqaro aloqalari kengayib borayotgani hammamizga yaxshi maʼlum. Masalan, 2015 yilda palatada xorijiy davlatlarning parlamentlari bilan hamkorlik boʼyicha 9 ta parlamentlararo hamkorlik guruhi faoliyat koʼrsatgan boʼlsa, 2019 yilda ularning soni 28 taga yetdi, shundan 24 ta guruh Senat bilan birgalikda tuzilgani eʼtiborga molik. Xalqaro munosabatlardagi samarali faoliyat natijasida oʼtgan davrda parlamentda 248 ta chet el delegatsiyasi qabul qilindi.

Milliy parlamentimiz qisqa muddatda koʼplab nufuzli xalqaro parlamentlararo birlashmalarning faol ishtirokchisiga aylandi. Parlamentlararo ittifoq, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Parlamentlararo assambleyasi, Mustaqil Davlatlar Hamdoʼstligiga aʼzo mamlakatlar Parlamentlararo assambleyasi shular jumlasidan boʼlib, bizning deputatlarimiz ham mazkur nufuzli tashkilotlarning rahbarlik lavozimlariga saylandilar.

Xalqaro parlamentlararo aloqalarni tizimli ravishda rivojlantirib borish bundan keyin ham deputatlarning doimiy eʼtibor markazida boʼlishi zarur.

Yana bir jihatga alohida eʼtiboringizni qaratishni istar edim. Аfsuski, partiyalarimiz oʼz siyosiy maqsad va dasturlarini ilgari surish va saflarini kengaytirish haqida faqat saylov arafasidagna eslab qoladilar. Аsosan shu davrda ular oʼz aʼzolari bilan ishlab, ularning sonini koʼpaytirishga intiladi. Bunday yondashuv, vaqtinchalik va rasmiyatchilik uchun qilinadigan ishlar qanchalik toʼgʼri? Bu albatta notoʼgʼri.

Аslida siyosiy partiyalar oʼz aʼzolari sonini koʼpaytirish ustida doimiy ishlashi, oʼz dasturlarini hamisha takomillashtirib, undagi maqsad va gʼoyalarni kundalik hayotga tatbiq etib borishi kerak emasmi? Shundagina partiyalarning jamiyatdagi va ijtimoiy hayotimizdagi oʼrni va taʼsiri mustahkam boʼladi. Shuning uchun siyosiy partiyalar va ularning fraktsiyalari rahbarlari oʼz faoliyatini jonlantirishi, elektorat ichiga chuqur va tizimli ravishda kirib borishi lozim.

Yangi saylangan Spikerning birinchi oʼrinbosari, katta tajribaga ega huquqshunos olim sifatida ham, siyosiy partiyalar va fraktsiyalarga oʼz faoliyatini takomillashtirishida doimiy amaliy koʼmak va tavsiyalar berib borishi zarur.

Hurmatli doʼstlar!

Bugungi kunda jonajon Oʼzbekistonimiz oʼz taraqqiyot yoʼlidan jadal ilgarilab bormoqda. Oʼtgan uch yil davomida amalga oshirgan islohotlarimiz oʼzining dastlabki mevasini bera boshladi. Jahon hamjamiyatida Oʼzbekistonga qiziqish va eʼtibor, mamlakatimizning kuch va imkoniyatlariga, uning kelajagiga boʼlgan ishonch tobora ortib bormoqda. Bu esa taraqqiyotning yangi bosqichiga chiqish, koʼzlagan maqsadlarimizga yetish uchun mustahkam zamin yaratmoqda, desak, adashmagan boʼlamiz.

Аna shunday ulkan imkoniyatlarni qoʼldan bermasdan, yoʼlimizdan ogʼishmasdan, yanada qatʼiy ilgarilab borsak, ezgu maqsadlarimizga albatta yetamiz. Bu yoʼlda Qonunchilik palatasi, hurmatli deputatlarimiz yetakchi kuch boʼlib maydonga chiqishlari kerak.

Xalqimizning eng sara vakillari sifatida sizlar buning uchun yetarli salohiyat va sharoitlarga egasizlar. Umuman olganda, deputatlarimiz oʼzining yurish-turishi, madaniyati, odobi va etikasi bilan barchaga ibrat va namuna boʼlishi lozim. Spiker va uning oʼrinbosarlari bu muhim masalani oʼzining alohida nazoratiga olishi shart.

Davlat boshqaruvi akademiyasi bilan birgalikda deputatlarning malakasini doimiy oshirib borish yuzasidan yangicha tizim – deputatlik oʼquvlarini joriy etishini taklif qilaman.

El-yurtimiz sizlarga haqli ravishda katta umid va ishonch bilan qaramoqda. “Parlament xalq irodasining haqiqiy koʼzgusi boʼlishi zarur” degan ulugʼvor gʼoyani amalda namoyon etishingizni kutmoqda. Аna shunday ishonch, hurmat va eʼtiborga munosib boʼlish – bu juda katta baxt. Bagʼrikeng, mehnatkash va olijanob xalqimizning ana shu ishonchini har birimiz oʼz joyimizda amaliy ishlar bilan oqlashimiz kerak. Bu bizning nafaqat fuqarolik, balki eng avvalo, ona Vatanimiz oldidagi farzandlik burchimizdir.

Ishonamanki, yangi parlament tarkibida oʼz faoliyatini boshlayotgan barcha hurmatli deputatlarimiz ana shu talabni chuqur anglab, samarali faoliyat olib boradilar.

Sizlarni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati etib saylanganingiz bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, kuch-gʼayrat, faoliyatingizda yutuq va omadlar tilayman.

Eʼtiboringiz uchun rahmat.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech