Farg‘ona viloyat IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi va uning quyi tizimlari xodimlari Xudoyorxon o’rdasiga tashrif buyurishdi
Farg‘ona viloyat IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi va uning quyi tizimlari xodimlarida buyuk ajdodlarimizga hurmat ruhini singdirish, xizmat faoliyatlari davomida vatanparvarlik, halollik va fidoiylik xislatlarini yanada rivojlantirish maqsadida haftada bir marotaba Farg‘ona viloyatida joylashgan muzey, tarixiy obida va ziyoratgoxlarga tashrif buyurish yo‘lga qo‘yilgan.
Xususan, joriy yilning 20 sentabr kuni Farg‘ona viloyat IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi va uning quyi tizimlari xodimlari Qo’qon shahar Muqimiy bog’ida joylashgan Xudoyorxon o’rdasiga tashrif buyurishdi.
Ma’lumki, XIX asrning muazzam va muhtasham obidalaridan bo‘lmish Xudoyorxon o‘rdasi Turkiston zaminida mavjud mashhur uch saroy inshootidan biridir. Qo‘qon xonligi davrida xonlar tomonidan olti marta O‘rda (saroy) qurdirilgan. Zamona zayli bilan ular vayron bo‘lib, faqat oxirgi o‘rda – Xudoyorxon o‘rdasining kichik bir qismigina saqlanib qoldi.
Manbalarning xabar berishicha, Xudoyorxon o‘rdasi o‘rnida Amir Umarxon o‘rdasi bo‘lgan. Muhammad Alixon davrida mazkur inshoot mukammal ta’mirlanib, “Zarrinsaroy” degan nom olgan, ba’zan “Qirqustun” deb ham atalgan. Ushbu go‘zal inshoot 1842 yildagi urush pirovardida Buxoro amiri Nasrulloxon tomonidan vayron etilgan.
Sayyid Muhammad Xudoyorxon taxtga o‘tirgach, “Jahonoro” saroyida istiqomat qilgan. Saroy eskirib qolganligi, bu yerda otasi va akasi fitna qurboni bo‘lganligi tufayli, yangi o‘rda qurdirish fikriga tushadi. Bu fikr yoshligida tug‘ilgan bo‘lsada, sharoit taqozosi bilan bu ishga 1865 yildagina kirisha oladi. Umarxon xotirasini yodga olib, yangi o‘rdani Umarxon o‘rdasi xarobalari o‘rniga qurishni mo‘ljallaydi.
Bosh me’morlikka Mir Ubaydullo Muhandis, sarkorlikka Muhammad Turdiali tayinlanadi. Shuningdek, Usta Abdullo Roshidoniy, aka-uka Usta Jamol va Usta Jamil, Usta Zokir, Mullo Suyarqul, Usta solixo‘ja, Fozilxo‘ja Buxoriy, Usta Hakimboy, Usta So‘fi Yo‘ldosh, Usta Marasul, Isaboy Mahsum, mulla ahmad Domullo, Muhammad Olim Sirchi va boshqa atoqli ustalar qurilish ishiga jalb etiladi.
Dastlab ganchdan inshootning “surati” tayyorlanadi. Loyiha tayyorlashda Amir Umarxon davrida barpo etilgan bog‘ni qayta tiklashga harakat qilinadi. Saroy qurilishida Farg‘ona ustalari bilan birga Buxoro, Samarqand va O‘rta Osiyodagi boshqa shaharlarning quruvchi-ustalari faol qatnashdi. Qurilish ishlarini tezlashtirish maqsadida xon xalqni hasharga jalb etadi. Jami qurilish ishlarida 16 ming aholi, 80 nafar usta ishlaydi, mingdan ortiq arava va zambilg‘altakdan foydalaniladi. Qurilishning asosiy qismi 1870 yilda tugallansada, ayrim bezak ishlari bir qancha vaqt davom ettiriladi. Uning rasman qurib bitkazilgan sanasi 1873 yil deb belgilangan.
O‘rda binosi o‘sha davrning yirik saroy inshootlaridan bo‘lib, maydoni sakkiz gektarni egallagan. Atrofi qal’a sifatida baland binolar, qalin devorlar bilan o‘rab olindi. Qal’a atrofiga choh qazilib, Qo‘qonsoydan chiqarilgan anhor oqizilib, yana soyga tashlanadi.
Inshoot to‘rt tarkibiy qismdan iborat bo‘lgan:
1.Tashqi saroy (qal’a).
2.O‘rta saroy.
3.Bog‘.
4.Ichki saroy.
Har bir qismning sharq tomonga qaragan va bir o‘q yo‘nalishi ustida joylashgan o‘z darvozasi bor edi. Birinchi darvoza hozirgi bog‘ning ramziy darvozasi o‘rnida bo‘lgan. Saroyning o‘ymakor eshigini ishlagan usta Maqsumxo‘ja G‘oziyon madrasasidagi katta eshik va Toshkentdagi Shayxontohur eshigini ham qo‘ldan chiqargan. O‘rdaning bezak ishlarida xalq memorchilik san’atining badiiy kulolchilik, naqqoshlik, yog‘och, ganch o‘ymakorligi va boshqa ko‘p turlaridan foydalanilgai. Mohirlik bilan terilgan turli rang va har xil shakldagi koshinlar uyg‘unligi hamda nafisligi Farg‘ona kulollik san’ati XIX asrda yuksak darajaga yetganligidan dalolat beradi.
Mazkur binoda 1925 yilda Qo‘qon shahar o‘lkashunoslik muzeyi tashkil etilgan. 2017 yildan esa muzey “Qo‘qon madaniyati tarixi davlat muzeyi” maqomini oldi. Albatta shaharga tashrif buyurgan mehmon va xorijlik sayyohlar Xudoyorxon o‘rdasini tomosha qilmasdan ketmaydi.
Tashrif davomida majmua vakilining mazkur majmua tarixi haqidagi ma’ruzasi tinglandi va xodimlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.
O'zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti