O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

GENOM BO‘YICHA DAVLAT RO‘YXATIGA OLISH TO‘G‘RISIDA”gi O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNI IMZOLANDI

So‘nggi yillarda Prezidentimiz tashabbuslari bilan respublikada sud-huquq tizimini bosqichma-bosqich mustahkamlab borish, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya va muhofaza etish hamda xalq manfaatlariga xizmat qiladigan xalqchil organga aylantirishga qaratilgan keng ko‘lamli tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Zamonaviy tendensiyalar tahliliga ko‘ra, dunyodagi yetakchi davlatlarning ilg‘or ish tajribalari jamiyatda jinoyatchilikka qarshi kurash sohasining samaradorligi tizimlashgan axborot bazasining qanchalik takomillashganligiga bog‘liqligini ko‘rsatib turibdi.

Bugungi kunda mamlakatimizda fuqarolarni biometrik maʼlumotlari bo‘yicha qayd etishning zamonaviy usullari keng joriy qilib kelinmoqda.

Jumladan, amaldagi biometrik pasport tizimida shaxsning barmoq izlari va tashqi qiyofa belgilari bo‘yicha qayd etib kelinmoqda.

Albatta, davlat ro‘yxatiga olish jarayonlarida fuqarolarning umumeʼtirof etilgan huquq-erkinliklari va qonuniylik prinsiplariga amal qilgan holda, shaxsning qadr-qimmatini kamsitmaydigan va sog‘ligiga zarar keltirmaydigan ilmiy-texnikaviy usullardan foydalaniladi.

Taʼkidlash lozimki, hozirda sodir etilayotgan og‘ir va o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlar to‘liq fosh etilishi va jazo muqarrarligini taʼminlashni talab etadi. Bunda jinoyatchilar tomonidan hodisa joylarida o‘z izlarini qoldirmaslik maqsadida turli xil usullardan foydalanilmoqda. Fosh etilmagan jinoyatlar esa jinoyatchilarga jazolanmaslik hissini kuchaytirib, kelgusi jinoiy faoliyatini davom ettirishga imkon bermoqda. Jamiyatda jinoiy faoliyatga ko‘nikkan shaxslar jinoyat izlarini yashirishga urinmoqda.

Jinoyat sodir etishga moyil bo‘lgan shaxslarni biometrik maʼlumotlar asosida kriminalistik hisobga olish huquqbuzarliklar profilaktikasining samarali shaklaridan biridir.

Agarki, shaxs o‘zining barcha biometrik maʼlumotlari qonuniylik asosida davlat ro‘yxatiga olinganligini his etsa va har qanday jinoiy qilmishi fosh etilishini oldindan anglab yetsa aksariyat vaziyatlarda bu uni jinoyat qilishdan qaytaradi.

Shu o‘rinda qayd etish kerakki, fuqarolar ham o‘zining jinoyat sodir etmasligiga ishongan holda ijtimoiy faollik ko‘rsatishi lozim.

Bugungi kunda dunyoda fuqarolarni genom maʼlumotlari bo‘yicha davlat ro‘yxatiga olish eng zamonaviy usullardan biri hisoblanadi.

2020 yil 20 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining to‘qqizinchi majlisida “Genom bo‘yicha davlat ro‘yxatiga olish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni maʼqullanib, 2020 yil 24 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolandi (O‘RQ-649).

Taʼkidlash lozimki, mazkur qonun 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 58-bandi ijrosi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan.

Qonunni qabul qilish zarurati quyidagi asosiy omillar bilan asoslanadi:

birinchidan, amalga oshirilgan islohotlar natijasida keyingi yillarda jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish choralari muntazam takomillashtirilmoqda, bu esa mamlakatda jinoyatchilikning kamayishida o‘z aksini topmoqda. Ushbu sohaga zamonaviy usul va texnologiyalarni joriy etish alohida ahamiyat kasb etadi. O‘z navbatida, chet el tajribasi jinoyatchilik bilan kurashishda genom axboroti maʼlumotlar bazasi yordamida jinoyatlarni fosh etish muhim ahamiyat kasb etib, yuqori samara berayotganligini ko‘rsatmoqda. Hozirgi kunda mamlakatimizda genom axborotini olish, to‘plash, undan foydalanish uchun qonunchilik bazasi va mexanizm mavjud emas;

ikkinchidan, zamonaviy rivojlanishning hozirgi bosqichida  jinoyat sodir etish usullari ham takomillashib bormoqda, ularning asosiy maqsadi jinoyat sodir etilgan joyida qoldiriladigan izlarni minimallashtirishdan iborat bo‘lib, bu esa sodir etilgan jinoyatlarni ochish jarayonini qiyinlashtirmoqda. Genom axboroti maʼlumotlar bazasi yordamida jinoyatlarni ochish mexanizmining joriy etilishi nisbatan murakkab, o‘ta og‘ir va ochilmagan jinoyatlarni ochishga imkoniyat yaratadi;

uchinchidan, genom axborotining yagona maʼlumotlar bazasi yaratilishi o‘z navbatida bedarak yo‘qolgan shaxslarni topish va topilgan murdalarning shaxsini aniqlash imkoniyatini yaratadi.

Qonun 5 ta bob va 35 ta moddadan iborat bo‘lib, qonunning maqsadi genom bo‘yicha davlat ro‘yxatiga olish sohasidagi munosabatlarni qonuniy tartibga solish, vazifalari esa biologik materialni olish, qayd etish, undan foydalanish, genom axborotiga ishlov berish, genom axborotini yagona maʼlumotlar bazasini yaratish va inson shaxsini identifikatsiya qilishdan iborat.

Genom bo‘yicha davlat ro‘yxatiga olish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

birinchi bosqichda tegishli shaxslardan biologik material olinadi, bunda genom bo‘yicha davlat ro‘yxatiga olinishi lozim bo‘lgan shaxslarga biologik materialni tanlab olish asosi va tartibi tushuntiriladi;

ikkinchi bosqichda biologik materialdan genom axboroti olinadi. Genom axborotini olishda ixtisoslashtirilgan avtomatik priborlar qo‘llaniladi;

uchinchi bosqichda genom axboroti yagona axborot tizimida ro‘yxatga olinadi. Shaxsni identifikatsiyasi uchun yagona axborotlar bazasida avtomatik qidiruv tizimi yordamida genom axborotini qayd etish yuritiladi.

Qonunga muvofiq, Genom bo‘yicha davlat ro‘yxatiga olish majburiy va ixtiyoriy ravishda amalga oshiriladi

 Majburiy ravishda quyidagilar ro‘yxatga olinadi:

- og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etishda gumon qilinuvchi va ayblanuvchi tariqasida jalb qilingan shaxslar, og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyat sodir etganligi uchun, shuningdek jinsiy erkinlikka qarshi, 16 yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish va 16 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan axloqsiz harakatlar sodir qilish jinoyatlarini sodir etganligi uchun sudlangan shaxslar;

- nomaʼlum shaxslarning tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov va sud jarayonida olingan biologik materiallar;

- tanib olinmagan murdalar (tana qoldiqlari, qismlari);

Tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergovni olib boruvchi organlar va sudlarning so‘roviga asosan majburiy ro‘yxatga olinayotgan shaxslarning genom axboroti O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligining davlat sud-ekspertiza muassasalari tomonidan odam DNKsi sud-biologik ekspertizasi o‘tkazish orqali olinadi hamda yakunda maʼlumotlar bazasiga Ichki ishlar vazirligi tomonidan kiritiladi.

Tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergovni amalga oshiruvchi organlar va sudlar O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksida va boshqa qonun hujjatlarida ekspertiza tadqiqotlari uchun namunalar olish bo‘yicha belgilangan talablarga rioya etishga majbur.

Genom bo‘yicha ixtiyoriy ravishda davlat ro‘yxatiga olish O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, O‘zbekiston Respublikasida yashayotgan yoki vaqtincha yashab turgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning yozma arizalari asosida, pullik asosda amalga oshiriladi. Genom bo‘yicha ixtiyoriy ravishda davlat ro‘yxatiga olish amalga oshirilganligi uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartib va miqdorlarda haq undiriladi.

Eʼtiborli tomoni shundaki, Bedarak yo‘qolgan shaxslarni qidirishga ko‘maklashish maqsadida ularning biologik qarindoshlari bepul asosda genom bo‘yicha ixtiyoriy ravishda davlat ro‘yxatiga olishdan o‘tishi mumkin.

Genom axborotidan quyidagi maqsadlarda foydalaniladi:

1. Jinoyatlarning oldini olish, fosh etish va ularni sodir etganlarning shaxsini aniqlash.

2. Bedarak yo‘qolgan fuqarolarni qidirish.

3. Nomaʼlum murdalarning shaxsini aniqlash.

4. Shaxsning biologik qarindoshligini aniqlash.

Qonun 2023 yil 1 yanvardan kuchga kiradi.

Shuningdek, ushbu qonunning hayotga tatbiq etilishi quyidagi natijalarga erishilishini taʼminlaydi:

birinchidan – genom axboroti maʼlumotlar bazasidan foydalanish respublika hududida sodir etilgan jinoyatlarni biologik ashyoviy dalillar bo‘yicha fosh etishda va qilmish uchun jazo muqarrarligini taʼminlashda ijobiy natija beradi;

ikkinchidan – genom axborotining yagona maʼlumotlar bazasini yaratilishi tanib olinmagan murdalar (tana qoldiqlari)ni shaxsini aniqlash hamda bedarak yo‘qolgan shaxslar (ularning yaqin qarindoshlari)  bilan identifikatsiya qilish imkoniyatini yaratadi;

uchinchidan – sud-tergov organlarining isbotlov bazasini mustahkamlaydi, og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni, shuningdek jinsiy erkinlikka qarshi jinoyatlarni sodir etganlik uchun hukm qilingan shaxslarning genom axboroti maʼlumotlar bazasini yuritish orqali ular tomonidan ushbu turdagi jinoyatlarni takroran sodir etilishini oldini oladi;

to‘rtinchidan – xizmat faoliyatida genom axborotiga ishlov berish, undan foydalanish, uni blokirovka qilish, uni yo‘q qilib tashlash, shaxsini ko‘rsatmaslik va uni saqlash bilan shug‘ullanadigan shaxslarning qonun darajasidagi masʼuliyatini belgilashga olib keladi.

Umuman olganda, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tezkor-qidiruv faoliyatida qonuniylik asosida shakllantirilgan fuqarolarning biometrik maʼlumotlari haqidagi maʼlumotlar bazasidan foydalanish mamlakatda fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamiyat va davlat xavfsizligini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

YUTB boshlig‘i o‘rinbosari podpolkovnik Abduraximov Muxtor Xodjiakbarovich

Text to speech