QOYILMAQOM REJA
Jazo kuch-quvvatni paydo qiladi, kuch-quvvat qudratni, qudrat esa larzaga soluvchi ulug’vorlikni, ulug’vorlik o’z navbatida ezgulikni yuzaga keltiradi. Demak, ezgulikning ibtidosi JAZOdir.
SHan YAn
Kafolat beramanki, hech kimning xayoliga bunday ajoyib fikr kelmasa kerak. G’ayratning kallasiga kelgan bu fikrdan men, ochig’i hayron bo’ldim. G’ayrat ko’p gapiradigan, o’zini aqlli qilib ko’rsatishni istaydigan va albatta, o’ta ayyor odam. Men u bilan yetti-sakkiz yil avval jazoni ijro etish koloniyasida tanishib qolganman. Ikkalamiz bir tumandan ekanligimiz sababli ancha ahil bo’lib qoldik, ozodlikka chiqqandan so’ng tez-tez ko’rishib turishga va’dalashdik. Ikkimiz ham giyohvand moddalar savdosi bilan bog’liq ishlarga aralashganimiz uchun qamalgandik. U ham, men ham o’sha paytlar bu “narsa” dan iste’mol qilardik. Bizning tumanimizda giyohvandlar ko’payib ketgandi. Hammasi menga o’xshab qamaldi, o’ldi, xullas, hayoti yaxshi bo’lmadi. Ozodlikka chiqqanimdan so’ng bechora onamga bunday ishlarni boshqa qilmaslikka va’da berganman. Biroq G’ayratning ajoyib rejasi meni o’ziga ohanrabodek tortdi, buning ustiga «Katta pulni qo’lga kiritaman-ku» deb o’ylar edim. SHu sabab bu ishga aralashib qoldim. G’ayrat «Damas» mashinasini menga ijaraga berib qo’ygandi. SHu mashinada kirakashlik qilardim. Ba’zi paytlari G’ayrat menga qo’ng’iroq qilib, u-bu joyga eltib qo’yishimni so’rardi.
O’sha kuni ham odatdagidek mashinada u aytgan joyga ketayotgan edik. Suhbatimiz jinoyatchilik va qanday qilib oson pul topish haqida edi.
G’ayrat zavq bilan so’zlardi. Uning aytishicha, aqlli firib bersang bo’ldi, shu orqali boyib ketishning ko’plab yo’llari bor ekan.
– Bilasanmi, shunday bir qoyilmaqom reja o’ylab qo’yibman, bunda menga sheriklar kerak. Bir o’zim ham uddalar edim-ku, ammo yordamchining ziyoni tegmaydi, – dedi u. So’ng istehzo bilan iljayib davom etdi:
– Zo’r muvaffaqiyatga erishsa bo’ladi.
– Umrning qolgan qismini turmada yakunlash muvaffaqiyat hisoblanadimi, G’ayrat? Axir aldangan shaxslar yozib berishsa yana qamalasan-ku!?
– Ey, shunday qilamanki, bechora jabrlanuvchi mo’may pulini ham o’z qo’li bilan menga tutqazadi va «Pulingni olmoqchi bo’lsang, ustimdan shikoyat arizasi yozib ber», desam, musichaday zir-zir titrab, «Ariza ham yozmayman» deydi, qarab tur.
– O’zi nima qilmoqchisan?
– Bilasanmi, turmada birga o’tirgan tanishim bor edi. Ko’p odamlarning pullarini aldab olib qo’lga tushdi. Sudda uni ozod qilishdi. Advokatimdan sababini so’rasam, firibgarlik moddasida: «Agar zararni qoplasang qamalmaysan» deb yozilgan ekan. Men esa hech kimga zarar yetkazmayman, sababi jabrlanuvchi ariza bermaydi, berolmaydi ham. Mabodo ariza bergan taqdirda ham uning pulini vaqtincha saqlab turaman, kerakli joyga qaytarib beraman, qarabsan-ki olam guliston, – dedi u.
– Odamni ezib yubording-ku. Tuzukroq tushuntir, bu qanday fikr, qanday reja? – dedim qiziqishim tobora ortib.
U mashinani to’xtatishimni so’radi. Mashina to’xtagach, atrofga olazarak qarab, sekin gap boshladi:
– Agar rozi bo’lsang, qo’shil. Rozi bo’lmasang, hech kimga gullash yo’q. Tanishlarim xabar qilishdi, qo’shni respublikadan bir ayol katta miqdorda “dori” izlayotgan ekan. Unga “dori” o’rniga skoch bilan qoyilmaqom qilib o’ralgan ohakni o’tkazib, katta pulga ega bo’lamiz. O’zing o’ylab ko’r. O’sha ayol: “Men bir kilogramm geroinga pul berganman, meni aldab ketishdi”, deb shikoyat qilarmidi? Yo’q, albatta. Kerak bo’lsa, biz uni: “Sening ustingdan boshqa davlatdan geroin sotib olish uchun kelgan, deb yozib beramiz. Biz bunday yomon ish qilmaymiz, seni esa qamashadi”, – deb qo’rqitsak, hatto bizning chegaramizdan boshqa o’tmaydi.
– U ayolning tanishlari ko’p bo’lib, bizni bir baloga giriftor qilsa-chi? – dedim men qo’rqib.
– Ey, nimalar deyapsan? Bu yer senga yevropa yoki Amerika emas, xohlagan odam xohlagan ishini qilib ketaveradigan. YO eshitdingmi shunaqa gaplarni?
– Baribir aytib bo’lmaydi u ayolning qo’lidan nimalar kelishini...
– Ey, men “mol”ning narxini ham kelishib qo’ydim. Ellik ming dollarga. Eshityapsanmi, ellik ming dollar-a! Senga o’n ming dollar, agar ukangni ham olib chiqsang, yana o’n ming beraman. Jami yigirma ming dollar olasan. Hamma ishni men tashkil qilganim uchun qolgani menga, – dedi.
– Ukamni aralashtirmaysan. Onam bilsa, meni o’ldiradi, – dedim.
– Menga qara, Akmal, bu yerda uchta odam kerak. Birinchisi mashinani boshqaradi. Ikkinchisi “mol”ni ushlab o’tiradi. Men o’zim xaridorlar bilan suhbatlashib turaman. SHu sababli uchta odam kerak, do’stim. Agar ukangni qo’shmasang, men boshqa tanish izlashim kerak.
– Yo’q-yo’q. Bo’pti, ukamni ham qo’shaman, – dedim noiloj. Menga yarim pulni yo’qotish fikri yoqmadi. Nima bo’pti, ukam bir-ikki daqiqalik ish uchun o’n ming dollar olsa yomonmi? Axir, yaqinda to’yini o’tkazishimiz kerak, yigirma besh yoshdan o’tdi.
G’ayrat menga rejaning to’liq qismini ukamni olib kelganimdan so’ng, uchalamiz o’tirib gaplashganimizda aytib berishini, ungacha o’zi xaridorlar bilan gaplashib, qolgan ishlarni bajarishini aytdi. SHundan so’ng men uni aytgan joyida qoldirib, o’z ishlarim sari ketdim.
Kechqurun uyga kelganimda, onam kir yuvayotgan ekan: qamalganimdan so’ng ayolim ota-onasining qistovi bilan mendan ajrashgan va boshqa oila qurgan edi. Ukam ayvonda televizor tomosha qilib o’tirgan ekan. Onam suzib bergan ovqatni yeb bo’lgach, uni yonimga chaqirdim:
– Vays, hoy Vays, bu yoqqa kel!
Ukam erinibgina yonimga keldi. U “Tinchlikmi?” degandek ko’zlarini lo’q qilib qarab turardi. Onam suhbatimizni eshitib qolmasligi uchun uni ko’chaga olib chiqdim. Vaysga hamma gapni tushuntirish uchun yarim soat vaqtim ketdi. U oldin unamadi, biroq “Onam qiynalib yuribdi. Mashinaning ijara pullarini to’lashdan ozod bo’lamiz, senga ham mashina olib beraman, ikkimiz kirakashlik qilamiz. To’yingni o’tkazamiz. Uyga kelin kelib, onamning qo’lidan ishni oladi”, degan gaplarimdan so’ng, nihoyat rozi bo’ldi.
Uyga kirganimizda onam Vaysga qarab:
– Tinchlikmi? Nima bo’ldi senga? Akang nima dedi, ranging oqarib ketibdi-ku, – dedi xavotir bilan.
– Hech nima, boshim og’riyapti, – dedi Vays ming’irlab.
– Oyi, buningizga “Mo’ljallab yurgan qizing bo’lsa ayt, seni tezroq uylantirishimiz kerak”, degandim. SHunga uyalganidan oqarib ketgan bo’lsa kerak, – dedim vaziyatdan chiqish uchun.
– Sen ukangdan avval o’z hayotingni to’g’irla, – dedi onam menga.
Vays o’z xonasiga kirib ketdi. YOlg’iz qolganimizda onam menga yuzlandi:
– O’g’lim, sen bir marta xato qilding. Seni deb otang o’lib ketdi. Nimalarni o’ylab yurgan bo’lsang ham, yomon yo’ldan qayt. Kecha otang tushimga kirib chiqdi, seni so’radi.
– Oyi, bo’rining og’zi yesa-emasa qonmi? Nima qildim, nega menga ishonmaysiz?
– O’g’lim, koshki seni bilmasam ekan... Ko’zlaring bejo. Hali seni kuzatib o’tirdim, o’yga cho’mib qolgansan. Nima ish qilsang ham, ukangni yo’ldan urma, sen tufayli bir baloga yo’liqmasin. Sen yo’g’ingda suyanchig’im Vays bo’ldi, agar unga bir nima bo’lsa, ko’tara olmayman! – dedi onam yig’lab.
– Oyi, darrov yig’i-sig’imi? Qo’ying shunday yomon gaplarni, – deya onamni yupatgan bo’ldim.
Biroq ichimda nimadir chirt uzilgandek edi.
Ikki kundan so’ng Vays ikkimiz G’ayrat bilan uyining yonida uchrashdik.
– Ertaga soat beshda “Hayot” benzin quyish shahobchasining yonida xaridorlar bilan uchrashuv bo’ladi, biz “Damas”da boramiz, – dedi G’ayrat. – Xaridorlar ikki kishi bo’lib kelishadi, biz esa uch kishimiz.
Ukam ham, men ham uning gaplarini jim eshitib turar edik.
G’ayrat qo’lidagi sumkasini ochdi va skotch bilan o’ralgan to’rtburchak shakldagi o’ramni ko’rsatdi.
– Ohakmi? – Vays ikkimiz undan barobar so’radik.
– Ha. Biroq ertaga geroinga aylanadi. Zo’r turidan ekan, deb maqtashadi xaridorlar, – dedi istehzoli kulib.
– Manavi nima? – so’radim G’ayratning qo’lidagi no’xat kattaligidagi o’ramni ko’rsatib.
– Bu haqiqiy geroin. SHunga majbur bo’ldim, xaridorlar molni tekshirib ko’rishar ekan. Bu esa “proba” uchun.
– Nimalar deyapsan? Haqiqiysini olmaymiz, deb kelishgan edik-ku. Qo’lga tushsak nima bo’ladi? – dedim qo’rqib.
– Buncha vahima qilmasang. Hech nima bo’lmaydi. Sening hech gapdan xabaring yo’q-ku. “Ohak operatsiya”si ajoyib o’tishiga o’zim kafolat beraman, – dedi u iljayib. – Demak, kelishdik. Ertaga men mashinadan tushib, ular bilan gaplashaman, ularga “molning proba”sini ko’rsataman. Pulni olgandan so’ng hammamiz “quyonning rasmini chizamiz”.
– Biz nima qilishimiz kerak? – so’radim undan.
– Men ularning yoniga hech narsa olmasdan tushaman. YOnlariga borganimda, ular mendan “mol”ni ko’rsatishimni so’rashadi, men esa ularga avval pulni ko’rsatishlarini aytaman. Keyin esa “olib kel” deb ishora beraman. Vays, sen bu vaqtda asosiy “mol”ni mashinada qoldirib, bizning yonimizga “proba”ni olib kelasan. Ular “proba”ni tekshirib ko’rganlaridan keyin men pulni talab qilaman. Pulni olib kelganlarida borib mashinadan bir kilogramm “geroin” ni olib kelasan va mening qo’limga berasan. Men ulardan pulni olib senga uzataman, sen mashinaga borib pullarni ushlab o’tirasan. – Sen bo’lsang, – G’ayrat endi menga yuzlandi: – Mashinada rulni ushlab o’tirib bizni yashirincha tasvirga olasan. Dalillar bizga asqotadi. Xaridorlarga “mol”ni berishim bilan mashinani o’t oldirasan va men yugurib mashinaga chiqaman. Qochib qolishimiz oson bo’lishi uchun Vays “Damas”ning o’rta eshigini ochib kutib turishi kerak. SHuni unutmanglar.
Rejani obdon muhokama qilgach, tarqaldik. Tuni bilan o’ylab chiqdim. YAna qamalishni, ukamni egri yo’lga boshlab onamni norozi qilishni xohlamasdim. G’ayratning jinoyatiga sherik bo’lish fikridan qaytdim. Ertasi kuni soat to’rtda uchrashganimizda:
– Endi tushundim, G’ayrat. Sen aqldan ozib qolibsan. Men yana narkotik sotish jinoyatiga sherik bo’lolmayman, ukam ikkimiz o’yindan chiqamiz, – dedim.
– Ish pishgan paytda-ya?! – e’tiroz bildirdi G’ayrat. – Yigirma ming dollardan voz kechasizlarmi?!
Bu savol meni yana ikkilantirib qo’ydi. Sal narida bizni kuzatib turgan Vaysga qaradim. U menga bir og’iz “Aka, qo’ying shu ishlarni, uyga qaytaylik”, deganida ham boshqa gap edi. Ammo ukam indamay qarab turaverdi. Mo’maygina pulni qo’lga kiritish istagi aqlu hushimni shunchalik egallab oldiki, yana bir marta jinoyat qilish fikridan qaytolmadim.
Kelishilgan vaqtda bordik. Zum o’tmay bir mashina kelib shundoq ro’paramizda to’xtadi. Undan bir ayol va bir erkak tushdi. G’ayrat ayolga “Alina” deb murojaat qildi. “Millati nima ekan?” deb o’ylab qoldim. Atrofni olazarak kuzatar ekanman, vaziyat xuddi kinolarni eslatardi. Mashinalar o’tib qaytyapti, sal nariroqdagi benzin quyish shahobchasiga qandaydir mashina kelib to’xtadi.
Xaridorlar bilan gaplashib turgan G’ayrat qo’li bilan bizga ishora berdi. Vays “proba” geroinni olib, mashinadan tushdi.
“Eh, tasvirga olmabman-ku”, deb shosha-pisha mashina ichidan turib telefonimning kamerasiga ularni bildirmay tasvirga ola boshladim.
Vays qaytib keldi va mashinadan bir kilogramm soxta geroinni olib, ular tomonga ketdi. Mening oyoqlarim qaltiray boshladi, zo’rg’a o’zimni bosib turardim. Ukam qo’lida qog’oz paketga solingan pullar bilan qaytib mashinaga o’tirgach, “Damas” eshigini ochib qo’ydi. Nihoyat G’ayrat xaridorlarning qo’liga bir kilogramm miqdordagi o’ramni berib, biz tomon yurdi. Men telefonni qo’yib, kalitni buradim, mashinani o’t oldirdim.
G’ayratning qadamlari tezlashdi. U chiqib o’tirishi bilan mashinani yurg’azgan edim, oldimga katta tezlikda bir mashina kelib to’xtadi. Dovdirab qoldim. SHu vaqtda orqadan ham bir mashina keldi. Har ikki mashinadan odamlar tushib, bizni qo’lga olishdi. Alinaning sherigi yonimizga kelib, o’zini “Katta tergovchi Rustam Jepbiyev” deb tanishtirdi va jinoyat ustida qo’lga olinganligimizni aytdi...
* * *
Bugun sud hukmi o’qilishi kerak. Sudda onamni ko’rib yuragim ezilib ketdi. SHo’rlik onam adoyi tamom bo’libdi. Qaniydi, hammasini ortga qaytarib bo’lsa. G’ayrat meni jinoyatga boshlagan kun yana qaytib kelsa, yuziga tupurib ketib qolgan bo’lardim, oyijon...
...G’ayratni 16 yilga, meni 14 yilga ozodlikdan mahrum qilishdi. Ukamning yoshligini, muqaddam sudlanmaganligini inobatga olib, 9 yil berishdi. Sud hukmini eshitgan onam hushidan ketib yiqildi, uni “Tez yordam” mashinasi olib ketdi. Derazasiga temir panjara o’rnatilgan mashinada jazoni ijro etish koloniyasi tomon ketayotganimizda xayolimda faqat bir o’y bor edi: “Onam tirikmikan? Nimalar qilib qo’ydim?!”