O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

Qotil

Chol-kampir bugun juda xursand, uyda barcha yig’ilgan. Katta o’g’li, qizi va nabiralari uyga mehmonga kelishgan. Nabiralarining shovqini quloqni qomatga keltirsa-da, anchadan beri sukunat hukm surgan uyga o’zgacha fayz olib kelishgandi. Har oyda bir-ikki marotaba farzandlari nabiralarini olib kelishgan vaqtida, chol va kampir xursandchilikdan tipirchilab qolishar, bisotidagi bor narsalarni dasturxonga to’kishardi.

– Shuhrat ham bizning davramizda o’tirsa, to’g’ri yo’lga kirsa, bola-chaqali bo’lsa armonim qolmasdi, – dedi kampir va ko’zlariga yosh olib yig’lashga tushdi.

– Oyijon, doim dasturxonda o’shani ismini tilga olib, kayfiyatimizni tushirasiz, qo’ying-da endi, – dedi qizi.

– To’g’ri, oyi hozir eslamaylik, – dedi katta o’g’li ham.

– Yomon bo’lsa ham o’g’lim, uni yaxshi bo’lib ketishiga umid qilib yashayapman, – dedi kampir yig’lab.

Dasturxonga issiq palov kelgach, hamma ovqat unnadi. Shu vaqtda uyning eshigi ochilib, ko’cha tomonidan Shuhrat kirib keldi. Shuhrat sakkiz yilga ozodlikdan mahrum qilingan va uning qamoqda o’tirganligiga yetti yil to’lgandi. Shuhratning o’zining qilmishlari va jinoyatlari sabab, deyarli umri qamoqda o’tib kelayotgandi. Bir necha bor qamalib chiqqan Shuhrat oxirgi safar tanishini pichoqlab qamalgandi. Uning das­tidan barcha qarindoshlari va qo’shnilari bezor bo’lishgan. Uni to’ylarga va boshqa marosimlarga kelmasligiga umid qilishardi. U kelgan joyda albatta ko’ngilsiz holat sodir bo’lardi. Onasini, otasini va akasini urgan, hatto singlisiga tajovuz qilgan yovuz kimsa maqsadini amalga oshira olmagandi. Mast bo’lsa to’ng’izday harakat qilardi. Singlisiga qilgan harakatini barchadan sir tutishgandi. Singlisi turmushga chiqqan o’zi oilasi bilan yashasa, akasi ham u bilan janjallardan so’ng alohida uyga ko’chib o’tgan, chol kampir esa Shuhrat bilan birga yashashardi.

To’satdan kirib kelgan kutilmagan mehmon Shuhratni ko’rib, barchaning dili xufton bo’ldi. Shuhrat uyga kirib keldi-da, dasturxon va uning atrofidagilarga qarab:

– Ha, biz shuncha yil qamoqda o’tirib “syurpriz” qilib uyga qaytib kelsak, mening oilam kaminasiz ziyofat qilishsa! Bu nima degan gap! Meni orqamdan bir marotaba kelmagani akajonim, singiljonim bu yer o’tirishibdi-yu. Ura! Demak, men sharafimga bo’lmagan ziyofat uchun kelgan, odamni qabul qiling onajon...

– O’g’lim, nimalar deyapsan, seni doim kutganmiz, axir o’g’limsan, –  dedi kampir o’g’lini quchoqlashga urindi.

Shuhrat esa onasini itarib yubordi va dasturxonga o’tirdi. Kampir o’g’lining og’zini aroq hidi anqiyotganligini sezdi.

– O’g’lim darrov qayerda ichding?

– Ona, men chiqqanligim uchun ichdim! – deb baqirdi Shuhrat.

Shuhratning baqirib janjal boshlayotganligi sababli, katta o’g’il Asror va singlisi Xurram farzandlarini olib uydan chiqib ketishdi.

– Dada, oyi, mening uyimda yashab turing, – dedi Asror ota-onasiga yuzlanib.

– Yo’q, sizlar ketaveringlar, men ukangni tashlab ketolmayman, axir uning ovqati va kiyimlariga qarashim kerak, – dedi kampir. Chol esa indamadi va uxlash uchun yotog’iga kirib ketdi.

Shu kundan boshlab, chol kampirning uyida notinchlik boshlandi. Shuhrat har kuni aroq ichar, chol va kampirga aroq uchun pul berishini talab qilib janjal ko’tarardi.

Bir kuni uyiga profilaktika inspektori kirib keldi. U Namoz Obidov bo’lib, hududning profilaktika inspektori bo’lib ishlab kelayotgandi.

– Onaxon, o’g’lingizni ustidan qo’shnilardan shikoyat tushmoqda. Sizlarga azob berib kelayotgan ekan. Biz bunga chora ko’rishimiz kerak. Agar u huquqbuzarliklar sodir qilishda davom qilsa, biz uni muddatidan oldin chiqish shartlarini buzganligi uchun qayta turmaga yuborish hujjatlarini rasmiylashtiramiz.

– Yo’q, o’g’lim iltimos, Shuhrat yomon yigitmas, en­di to’g’ri yo’lga kiradi. Boshqa qamoqda o’tirmasin.

Profilaktika inspektori kampir bilan ancha suhbatlashdi va biror natijaga erisholmasligiga ko’zi yetgach ketdi.

Asror va Xurram bir necha marotaba chol-kampirni olib ketishga harakat qilishdi. Biroq, chol va kampir rozi bo’lishmadi.

Bir kuni SHuhrat mast holda uyga keldi va otasining yashirib qo’ygan nafaqa pulini izlab topdi va aroq olish uchun uydan chiqib ketdi. Bir necha daqiqalardan so’ng qo’lida ikki shisha aroq va Pivo spirtli ichimliklarni olib keldi.

– O’g’lim nega nafaqamga tegding? – dedi chol norozi bo’lib.

– Go’ringizga olib ketasizmi? – dedi Shuhrat baqirib.

Kampir oshxonadan chiqqan vaqtida Shuhrat otasini yoqasidan ushlab siltalayotgandi. Kampir o’g’lini qo’lidan ushlab ajratmoqchi bo’lgan ham ediki, Shuhrat uni itarib yubordi. Shuhrat jazavaga minib, mushtlari bilan bilan otasining yuziga ura boshladi va tomog’idan bo’g’ib:

– O’ldiraman! O’ldiraman! – deb baqirardi.

Kampir bir amallab o’rnidan turdi.

 * * *

Tuman IIB binosi navbatchilik qismi oldiga kelgan kampirning ahvolni ko’rgan navbatchi uning qarshisiga chiqdi.

– Onaxon keling nimaga gap, sizga nima bo’ldi? – dedi navbatchi kampirning qon qo’llari va kiyimlariga ishora qilib.

– Men Zumrad Aliyeva bo’laman. Men hozir o’g’limni o’ldirdim, manavi temir bilan boshiga urdim. Hozir uyda o’lib yotibdi...

Tezkor tergov guruhi zudlik bilan bilan hodisa joyiga yo’l oldi. Kampirda jinoyat quroli temir bo’lak ashyoviy dalil tariqasida olindi. Kampir ehtiyot chorasi tariqasida qamoqqa olindi. Tez orada tergov ham yakunlanib, ish sudga oshirildi.

Sud jarayonida hech kim marhumning tarafini olmadi. Barcha qo’shnilar, qarindoshlar marhumning yovuz kimsaligini, kampirni jazodan ozod qilish kerakligini iltimos qilishdi. Oqlovchi o’z nutqida:

– Hech bir ona o’z o’g’lini o’ldirmaydi, biroq Zumrad Aliyeva bunga majbur bo’lgan. O’sha kuni qo’shnilar uyda shovqin bo’lganligini, uyga kirib kelishganda SHuhratning o’lib yotganligini, u otasini urib tashlaganligi va bo’g’ib o’ldirmoqchi bo’lganligini bildirishdi. Sudlanuvchi Zumrad Aliyeva marhum o’g’li turmush o’rtog’ini o’l­dir­moqchi bo’lganligi sababli, himoya qilish maqsadida temir bilan urgan. Agar u shu ishni qilmaganida marhum o’z otasini ham va sudlanuvchi Zumrad Aliyevani ham qasddan o’ldirgan bo’lar edi. Marhumning doim janjal ko’tarishi bir necha bor sudlanganligi va ayniqsa oxirgi marta o’z tanishini pichoqlab o’ldirganligini inobatga olsak, uning harakatlarini boshqa yo’l bilan to’xtatish imkoni yo’q edi. Suddan yuqoridagilarni inobatga olishini so’raymiz.

Nihoyat, sud yakunlandi. Sudlanuvchiga so’nggi so’z berildi.

– Men ham yoshim bir joyga borganda sudning qora kursisida o’tiribman. Agar o’g’lim Shuhrat bechora meni o’ldirsa, qarshilik qilmasdim. Aybsiz bechora otasiga qo’l ko’tarib uning joniga qasd qilganligi bois, mening boshqa ilojim qolmadi. Hech kimga farzandning qotili degan nom olmasligini xudodan so’rayman. Menga har qanday jazo beravering, men roziman. Men jazomni olib bo’lgan onaman. Balki o’g’limni yoshligida erkalatmaganimda, uning bolaligidagi, yoshligida yomon ishlarini sho’xlikka yo’ymaganimda bu kunlar bo’lmasmidi. Tarbiyani noto’g’ri beribman, balki qaysidir aybim uchun shunday bo’lgandir. Barcha onalar, barcha otalar farzandingizni bolaligidan to’g’ri tarbiya beringlar, birovlarni aldashni, birovlarni mulkiga tajovuz qilishiga beparvolik qilmang. Agar oldini olmasangiz oxiri kech bo’ladi. O’g’lim Asror, qizim Xurram dadangizni asrang, mening paymonam ham yaqinlashib qolgan, agar o’lib qolsam g’amga botmang, o’zingizni oldirib qo’ymang. Asror sen o’g’lim dadangni yoniga ko’chib o’t, yo dadang rozi bo’lsa uyingga olib ket. Alvido bolalarim. Alvido otasi... – dedi kampir va u yog’iga gapirolmay yig’ladi.

Kampirga qo’shilib, qarindoshlari yig’ladi, qo’shnilar yig’ladi, guvohlar yig’ladi, oqlovchi yig’ladi, prokuror yig’ladi, sud’ya ko’zini yashirdi. Aqllar hayron edi, dillar vayron edi.

Quyosh ko’zlarini berkitish uchun bulutlar ortiga o’tdi. Bulut ortidan quyoshning ko’z yoshlari yomg’ir bo’lib oqdi, sel bo’lib oqdi.

 

* * *

Kampir sud’yaning so’zlarini eshitmas, mahzun holda turardi. Shu vaqtda sud zalida g’ala-g’ovur ko’tarildi. Barchaning ko’zlari quvnadi, yuzida tabassum paydo bo’ldi. IIB xodimi kampirga jilmayib qarab, sud zalidagi panjara eshigini ochdi va qo’llarini uzatib kampirni chiqishiga ko’maklashdi. Kampir nima bo’layotganligiga tushunmasdan atrofga olazarak qaradi va IIB xodimiga yuzlanib:

– O’g’lim nima bo’ldi, tushunmayapman?

– Sizni sud jazodan ozod qildi, endi ozodsiz, uyingizga ketishingiz mumkin.

Asror tashqarida onasini quchib qulog’iga pichirladi:

– Oyijon, rahmat, meni kechiring, meni kechiring...

– O’g’lim, sekinroq gapir, axir ikki o’g’limni ham yo’qotishni istamayman-ku...

Shuhrat otasini urib tomog’idan bo’g’ayotgan vaqtida uyga kirib qolgan Asror temir bo’lagi bilan Shuhratning boshiga bir necha marotaba urib otasini qutqargandi. Onasi esa uni uydan chiqib ketishini talab qilib, barchasini bo’yniga olgan va o’zi qamalib ketishga rozi bo’lgandi.

 

Muallif: Ravshanbek Igamberdiyev 

 

 

 

Text to speech