O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

Ayol va jamiyat. Xizmatida har bir soʻz ahamiyatli

— Uzr-u, opa, mening giyohvandlik vositalari savdosiga umuman aloqam yoʻq, bekorga shubhalanyapsiz... — deya gumon qilinuvchi shirinsoʻzlik bilan oʻzini oqlashga urindi.

Zangiota tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi katta tergovchisi, podpolkovnik Nasiba Zokirova esa aybini berkitish uchun shu taxlit «niqob» taqib oladiganlarning asl qiyofasini ularning gap-so‘zidan, nigohlaridanoq o‘qiy oladigan tajribali tergovchilardan biridir. Biroq qonun oldida har bir so‘z va ashyoviy dalil o‘z isbotini topishi shart. Ushbu holatda ham sertakalluf gumon qilinuvchining yashash xonadoni yerto‘lasidan tintuv vaqtida topilgan maxsus qadoqdagi giyohvandlik vositalari barcha haqiqatning fosh etilishi uchun yetarli bo‘ldi.

- Surishtiruv jarayonlarida bu kabi vaziyatlarga tez-tez duch kelaman, - deydi podpolkovnik N.Zokirova. - Qilmishiga yarasha jazodan qutulib qolishni ko‘zlaganlar shunday yo‘l tutadi. Ammo mantiqiy fikrlash, har bir so‘zga sinchkovlik bilan yondashish haqiqatni yuzaga chiqaradi. Bunday vaziyatlarda tergovchi nafaqat bilimdon, balki inson ruhiyatini tushuna oladigan ziyrak psixolog ham bo‘lishi kerak, deb o‘ylayman.

Har bir kasbning o‘ziga yarasha mashaqqatli tomonlari bor, albatta. Lekin uning ortidagi vijdon xotirjamligini tuyish ham bir baxt. Ayniqsa, bu kasb tarozisi inson taqdiri va qonun ustuvorligi bilan o‘lchanadigan tergovchilik sohasi bo‘lsa.

- Yaqinda yo‘lda bir notanish opaning «Siz tergovchi Nasibaxonsiz-a», degan so‘zlaridan sergak tortib, unga yuzlandim, - deydi lavhamiz qahramoni. - Kutilmaganda haligi opa «Siz qizimning hayoti to‘g‘ri yo‘lga tushib ketishiga sababchi bo‘lgansiz, rahmat sizga», desa bo‘ladimi?! Ularni taniy olmaganimdan biroz xijolat bo‘lib turganimda, opaning o‘zi barchasini yodimga soldi. Uning qizi Andijondan o‘qishga kirdim, deya poytaxtga kelgan. Ehtiyojlari uchun pul topish maqsadida kafega ishga kirgan. Keyin oson va ko‘proq pul topish ilinjida giyohvandlik vositalari savdosiga aralashib qolgan. Achinarlisi, vaqt o‘tib giyohvandlik vositasini o‘zi ham iste’mol qila boshlagan. Xullas, qizning hayoti izidan chiqib ketgan. Surishtiruv jarayonida uning oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirmagani ham ma’lum bo‘lgan. Va bundan qizning ota-onasi xabardor qilingan.

Opa qizi qilmishiga yarasha jazoni o‘tab chiqqanidan keyin katta o‘zgarish bo‘lganini ham yashirmadi. Hozirda risoladagidek hayot kechirayotganini mamnun bo‘lib aytib berdi. Bir ayolning hayoti suv bir loyqalanib tinganidek, iziga tushib ketganini eshitganimda, ich-ichimdan yengil tin oldim. Shu o‘rinda tajribamga tayanib bir haqiqatni aytib o‘tishim kerak. Ko‘pchilik o‘z xatosini, ayniqsa, ota-onalar farzandining jinoyat alomatlari bor qilmishini tushunishni xohlamaydi. Ular uchun farzandi go‘yoki «Bir stakan oppoq sut». Aslida xatoni berkitish orqali emas, unga yetaklovchi omillarni o‘rganish va ularni tahlil qilib, qarshi kurashish orqali tuzatish mumkin.

Xizmatni boshlagan ilk yillarda ustozi, iste’fodagi podpolkovnik Farhod Muhiddinovning «Qonun himoyachisi avval o‘zi qonunning mazmun-mohiyatini chuqur anglashi lozim, hech qachon o‘z ustingda ishlashdan erinma!», degan o‘gitlarini xizmat dasturiga aylantirgan podpolkovnik Nasiba Zokirova bugun ham har bir qadamini mas’uliyat bilan tashlaydi. Tirishqoqligi va o‘ziga nisbatan nihoyatda talabchanligi tufayli hozirga qadar unga ishonib topshirilgan jinoyat ishlarining birortasi suddan qaytmagan.

Har bir ashyoviy dalil ortida achchiq haqiqat yotadi. Ana shu haqiqatni qaror toptirishdek og‘ir va mas’uliyatli yo‘lda har bir so‘z ahamiyatli. Aynan shu jihatni lavhamiz qahramoni o‘z faoliyatining mazmuni deb biladi. Oila oshiyonida esa mehribon ona va buvi sifatida dilbandlarining eng birinchi maslahatgo‘yiga aylangan. Qolaversa, nabirasi Ussomaning shirin kulgusi, qizi Samiya, o‘g‘illari Farhodjon va Saidkomilning bilim olishdagi tirishqoqligi uning hayot sahifalari yanada mazmunli yozilishi uchun ishtiyoq, ishonch manbayidir.

Tergov departameti

Text to speech