O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

Jon o‘g‘risi

 O‘g‘ri mol o‘g‘irlasa, ichkilik jon o‘g‘irlaydi,

jamiyat aʼzosini safdan chiqarib tashlaydi.

Abdulla Qahhor

 

Maktabda taʼtil boshlanishi eshitishlari bi­lanoq sinfdoshlarining yuzida quvnoqlik, xursandchilik barq urgan. Uyida ota-onasi bilan birga bo‘lish hamda shu kabi shirin hayollar og‘ushida uylariga borishardi. Yolg‘iz Sharofatgina orqasida katta yuk ko‘tarib borayotgandek, uyi tomonga qarab sekin qadam tashlardi. Uyining oldiga borgan Sharofat uyga kirishga yuragi betlamay, ikkilanganicha, uyning eshigi oldida turib qoldi.

– Uyga kirmaysanmi?

Onasining zardali ovozidan o‘ziga kelgan Sharofat sekin uyga kirdi. Onasining yonidan o‘tib borayotganda, undan anqib turgan aroq hididan ko‘ngli behuzur bo‘ldi. Sharofat kiyimlarini almashtirib bo‘lgach, choynakdagi sovib qolgan choyga non botirib, tushlik qildi va maktab sumkasini ko‘tarib qo‘shni sinfdoshi Asalning yoniga ketishga taraddudlandi. Oshxonada dadasi va onasi doimgidek nimadir ustida tortishayotgandi. Dadasi mast holda oyog‘ida zo‘rg‘a turar, onasi ham ovozini boricha shang‘illayotgandi.

Onasi qo‘lida dadasining sariq g‘ilofli telefonni ushlab olganicha, telefonni ekrani ustida barmoqlarini yuritar. Telefonning maxfiy kodini ochib, uni ichini tekshirishga urinar, biroq ocholmasdan xunob bo‘lardi.

– Ayting kodini, baribir ochaman! – Kimga yozayotgandingiz?

– Hech kimga... Ber telefonimni!

– Bermayman, ochib SMSlarini ko‘raman, so‘ng beraman.

– Ber dedim!

– Bermayman!

Mast dadasi onasini izidan tentirab quvar, onasi esa xona ichidan u yoqdan bu yoqqa qochar. Qo‘lida sariq g‘ilofli telefonni ushlagancha tutqich bermasdi.

– Yana boshlandi, – dedi Sharofat pichirlab.

Ikki yoshni qarshilayotgan jajji ukasi shovqindan uyg‘ongan va onasi bilan dadasining harakatlariga qarab, chinqirib yig‘lay boshladi. Nihoyat dadasi onasini ushlab oldi va uning qo‘lidan telefonni tortib olishga harakat qila boshladi. Onasi bilan dadasining kurash tushayotgandek harakatlari va shovqinga o‘rgangan Sharofat ikki yoshli ukasini opichlab ko‘tardi. Onasi bilan dadasi janjallashayotgan xonadan olib chiqdi va eshikni yopib, televizor turgan mehmonxonaga olib kirdi. Televizorni qo‘yib, ovozini ko‘tardi hamda “Bolajon” kanaliga o‘tdi. Ukasi sevib tomosha qiladigan multfilmni qo‘ydi. Ukasi Xusniddin doim qarovsiz qolgan vaqtida, Sharofat onalarcha mehr ila uni ko‘targan, tagliklarini almashtirib, muzlatkichda turadigan sutini isitib berardi. Hozir ham yugurib, muzlatkichdan sutni oldi, oshxonaga kirib isitdi. Go‘dak chinqirayotgan bo‘lsa-da, narigi xonadan mast er-xotin janjallashayotgan ovozlari tinmasdi.

Sharofat beshikda yotgan ukasiga sutni berib, ikki oyog‘i ustiga yostiq qo‘ydi va ukasini yotqizib, uxlab qolgunicha tebratdi. Ukasi uxlab qolganidan so‘ng, sekin uydan chiqib, sinfdoshining uyiga bordi. Dugonasi bilan ikkovi dars qilib o‘tirishdi. Dugonasining dadasi Nodir ularga mehribonlik bilan darslarni tayyorlashda yordam berardi. Sharofat dugonasi Asalga havas bilan qaradi. Asalning dadasi ularni yolg‘iz qoldirib, xonadan chiqib ketgach, Sharofat xayol surib qoldi. Uning xayollarini Asalning:

– Taʼtil zo‘r-a! – degan so‘zlari bo‘ldi.

– Umuman zo‘rmas, menga yoqmaydi.

– Nega? – dedi Asal taajjublanib.

– Senga nimaga yoqdi, bu taʼtil? – dedi Sharofat mayuslik bilan.

– Chunki dadamning menga qarashga vaqti ko‘p bo‘ladi. Uyda ota onam bilan ko‘p vaqt o‘tkazaman. Shuning uchun ham xursandman, – dedi Asal ko‘zlari yonib.

Sharofat indamadi, u darslarini qilib bo‘lib, ko‘chaga chiqdi va uyga kirishga yuragi betlamasdi. Endi buyog‘iga taʼtil, dars qilish bahonasi bilan Asalning uyiga borishga onasi ruxsat bermaydi. Shu o‘ylar bilan uyiga yetib kelganini bilmay qoldi.

Sharofat uyga kirgan vaqtida onasi kechki ovqatni tayyorlab dasturxonga qo‘yishga tayyorlayotgandi. Xontaxta atrofida dadasi va ukasi o‘tirgandi. Dadasi muzlatkichdan yarimta bo‘lib qolgan aroq shishani oldi va bir piyolaga ichdi.

– Siz ichsangiz men ham ichaman!

– Senga tushlikda ichganing yetadi! – dedi Odil xotiniga zarda bilan.

– Ichaman! – dedi Zarifa va o‘zining piyolasiga aroq quyib ichib yubordi.

Er-xotin bir birga qasdma-qasd yarimta shisha aroqni bo‘shatishdi. Omborxonadan bir shisha aroq olib chiqib, uni ham ichishdi. Ovqatlanib bo‘lgunicha dadasi va onasi xushchaqchaq kulib gapirib o‘tirishdi, so‘ng esa bir birini kinoyali so‘zlar bilan siylab o‘tirishdi.

Sharofat onasining nega aroq ichishiga tushunmasdi. Uni onalar ham aroq ichidami degan savol qiynardi. Dugonalarining onalari umuman aroq ichmasdi. Aroq ichib o‘tirgan onasi va dadasi kinoyali gap so‘zlari endi, dahanaki jangga o‘tgandi. Shu payt stol ustida turgan dadasining sariq g‘ilofli telefoniga SMS xabar kelgan tovushi eshitildi.

– O‘ynashingizdan keldimi?

– Onangdan keldi!

Odil telefonidagi SMSni o‘qidi-da, barmoqlari bilan ekranda harakatlar qila boshladi.

– O‘ynashingizdan kelgan SMSlarni o‘chiryapsizmi?

– O‘chir!

– Bering telefonni!

– Ishingni qil!

Shu payt mast onasi dadasining stol ustiga qo‘ygan sariq g‘ilofli telefoniga qo‘l yugurtirdi. Dadasi bo‘lsa telefoni ushlab o‘ziga tortdi. Ikkalasi telefonni ikki tomonidan qo‘llari bilan torta boshlashdi. Odil bir qo‘li bilan telefonini ushlab, ikkinchi qo‘lining mushti bilan xotining yuziga va turli joylariga urib do‘pposlay boshladi. Xusniddin ularni ko‘rib chinqirgancha yig‘ladi. O‘zlari ham kaltak yeyishini sezgan Sharofat ukasini dast ko‘tardi va ko‘chaga yugurdi...

***

Ichki ishlar xodimlari xizmat mashinalarida ko‘chadan o‘tib borayotib, ko‘cha boshidagi binoning panasida o‘tirgan qizaloqqa ko‘zi tushdi. Qizaloqning yoniga borishganda, xayol surib o‘tirgan qizaloq uning yoniga odam kelganini sezmay qolgandi.

– Qizim qorong‘u tushayotgan bo‘lsa-da ham nega ko‘chada o‘tiribsan, isming nima? – dedi xodimlardan biri.

– Sharofat, –  dedi qizaloq qo‘rquv bilan.

– Nega bu yerda o‘tiribsan?

– Uyim yaqin, hozir boraman, – dedi qiz va yig‘lay boshladi.

– Nega yig‘layapsan? O‘zimiz seni uyingga olib boramiz, yig‘lama seni xafa qilmaymiz.

– Amaki, siz ketavering, o‘zim boraman.

– Maktab sumkangni ham yoningda ekan, hozir taʼtil-ku?

– ...

– Qizim, uyingda biror muammo bormi, nega borishni istamayapsan? – dedi xodim.

– Ketavering, hozir boraman uyga... – dedi Sharofat va piqillay boshladi.

– Qara, havo ham sovuq.

– Maktab sumkamga issiq kiyim solganman, – dedi Sharofat va sumkasidan yengil kurtkasini olib, kiydi va sumkasidagi non va suvni pastga qo‘ydi.

– Qizim bizga qo‘rqmay aytaver, yordam beramiz.

– Dadam bilan oyim doim aroq ichib janjal ko‘tarishadi. Meni ham do‘pposlaydilar, – dedi Sharofat yig‘lashda davom qilib.

– Yig‘lama, yig‘lama..

– Men bunga yig‘layotganim yo‘q. Ukam Xusniddinni qarovsiz qolganiga yig‘layapman.

Xodimlar ichkariga kirishgan vaqtida, er xotinning janjallashayotganligi ustidan chiqish­di. Er xotin bilan uzoq suhbatlashganidan so‘ng ular agar bu holat davom qilsa, er xotin ikkalasini spirtli ichimliklar isteʼmol qilishga mukkasidan ketgan shaxslarni davolash muassasasida majburiy davolashlarini tushuntirishdi.

– Janjal sababi telefon ekan. Nima telefoningizda sirlar bormi? – dedi xodimlardan biri Odilga pichirlab.

– Yo‘q.

– Unda bering tekshirsin.

– So‘ng o‘rganib qoladi, doim titkilaydi.

– Menga bering, mani bizni yonimizda tekshirsin, so‘ng unga gapiramiz. Boshqa bunday holat bo‘lmasligi kerak, – dedi o‘zini Abdullayev deb tanishtirgan xodim.

– Xo‘p, oling, – dedi Odil va telefonini Abdullayevning qo‘liga tutqazdi.

Shu vaqtda jajji Xusniddin Abdullayevning qo‘liga yopishdi, dadasini telefonini qo‘lidan olishga harakat qila boshladi, u nuqul:

– Beying, beying, dadam uyadi... – derdi.

 

Muallif: Ravshanbek Igamberdiyev 

Text to speech