O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

“YuNISEF” xalqaro tashkiloti ekspertlari va O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti rahbariyatining uchrashuvi o‘tkazildi.

Joriy yilning 28 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti bolalarning salomatligi va farovonligini ta'minlash, maktabchaga ta'lim va o‘rta-maxsus ta'limni sifatini oshirish, bola huquqlarini himoya qilish tizimini kuchaytirish bo‘yicha 2016-2020 yillarga mo‘ljallangan Davlatlararo tuzilgan dastur va harakatlar rejasiga asosan missiya vakillarining Respublikamizga tashrif buyurganligi munosabati bilan xalqaro ekspert Emili Delap va tergov departamenti rahbariyati o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi.

Uchrashuv davomida xalqaro ekspert O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamentida yaratilgan sharoitlar, xususan, bolalar va voyaga yetmagan guvoh hamda jabrlanuvchilarning huquqlarini mustahkam himoya qilish hamda ular bilan tergov harakatlari o‘tkazish maqsadida tashkil etilgan maxsus tergov xonalari bilan tanishdi.

Shuningdek, uchrashuv davomida respublikada, xususan tergov bo‘linmalarida, dastur doirasida amalga oshirilgan ishlar hamda yangi hamkorlik dasturiga doir chora-tadbirlar va tavsiyalar to‘g‘risida ma'lumotlar tinglandi.

Uchrashuv yakuniga ko‘ra, Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti va “YuNISEF” hamkorlikda, voyaga yetmagan guvoh va jabrlanuvchilarning huquqlarini himoya qilishni kuchaytirish, voyaga yetmaganlar ishtirokidagi tergov harakatlarini amalga oshirish yuzasidan IIO xodimlarini o‘qitish, uslubiy qo‘llanma va materiallarni ishlab chiqish hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlar bazasini mustahkamlash borasidagi ishlarni davom ettirishga kelishib olindi. Qolaversa ikki tomonlama hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida, xorijiy mamlakatlarda voyaga yetmaganlar ishtirokidagi jinoyat ishlarini tergov qilish amaliyotini o‘rganish hamda tajriba almashish maqsadida xizmat safarlari tashkil etish istiqbollari muhokama qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti

Text to speech