Kamerun Respublikasining bir necha fuqarolariga nisbatan qo'zg'atilgan jinoyat ishi bo'yicha dastlabki tergov harakatlari tamomlandi
Аvval xabar berilganidek, Kamerun Respublikasidan kelgan bir necha fuqarolar oʼzlarining qabih niyatlarini amalga oshirish maqsadida Oʼzbekiston Respublikasiga goʼyoki sayyoh sifatida kelishib, osuda va farovon yurt fuqarolarini mulkini talon-toroj qilish payiga tushishadi.
Ular Kamerun davlatida boʼla turib, jinoiy rejalarini amalga oshirishlari uchun Oʼzbekistonda istiqomat qiluvchi bir necha fuqarolar bilan internet ijtimoiy tarmoqlari orqali muloqotga kirishib, oʼzlarini “investor” sifatida tanishtirishgan. Muloqot jarayonida oʼzaro hamkorlikni taklif qilib, fuqarolarning iqtisodiy tomondan moliyaviy ahvolini bilib, sarmoya kiritish imkoniyatiga ega shaxslarni saralab olishadi.
Shundan soʼng, Oʼzbekistonlik tadbirkorlarning qanday faoliyat bilan shugʼulanayotganliklarini bilib, oʼzlarini ham ushbu soha vakili sifatida koʼrsatib ishonchiga kirishishadi.
Jinoiy rejaga koʼra, Kamerun fuqarolari Oʼzbekiston Respublikasiga sayyoh sifatida kelishib, internet tarmogʼi orqali yaqin muloqatga kirishib olgan fuqarolar bilan uchrashishadi. Uchrashuv vaqtida ularga Oʼzbekistonga barchasi 100 АQSh dollarlik kupyuralardan iborat katta miqdorda 2 mln.dan 10 mln. АQSh dollarigacha boʼlgan pul mablagʼlarini olib kelayotganliklarini, biroq ushbu pullarni bojxona xizmatidan chetlab oʼtish uchun qora va oq rangga boʼyaganliklarini, Oʼzbekistonga kelgach ularni yana valyutaga aylantirish uchun haqiqiy valyuta va kimyoviy kukunlar zarurligni aytib, 100 АQSh dollaridan maxsus qogʼozga kimyoviy aralashmalar yordamida 300 АQSh dollari tayyorlab berishi mumkinligini aytib, pullarni koʼpaytirib olish imkoniyati borligini aytgan holda fuqarolarni qiziqtirib, aldov yoʼli bilan bir nechta fuqarolardan jami 340.000 АQSh dollari miqdorida pul mablagʼlarini aldov yoʼli bilan egallab, juda koʼp miqdorda mulkiy zarar yetkazishgan.
Mazkur holat yuzasidan 02.10.2019 yilda IIV huzuridagi Tergov departamenti tomonidan Kamerun Respublikasining bir necha fuqarolariga nisbatan JKning 168-moddasi 4-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qoʼzgʼatilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilgan.
Oʼtkazilgan tergov harakatlari natijasiga koʼra, Kamerun Respublikasi fuqarolari firibgarlik jinoyatidan tashqari juda koʼp miqdorda qalbaki pullarni oʼtkazish bilan ifodalangan ijtimoiy xavfli qilmishni sodir etganliklari aniqlanib, Kamerun fuqarolari “KOM HIPPOLYTE ARISTIDE, BIAKOP PATRICK va TAGUE SIANDEU FABIEN”larga nisbatan JKning 168-moddasi 4-qismi «a» bandi va 176-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan, “TOMI TCHAPMI RODRIGUE WILFRED”ga nisbatan JKning 168-moddasi 3-qismi «a,b» bandlari bilan va “JOHN FRU NDUMA FOMBE”ga nisbatan esa 168-moddasi 4-qismi «a» bandi bilan ayblov eʼlon qilinib, ularning barchasiga “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi tanlangan va dastlabki tergov harakatlari tamomlangan.
Hozirda jinoyat ishi yuzasidan ayblov xulosasi tuzilib, tegishli sudlovlikda koʼrish uchun Oʼzbekiston Respublikasi JPKning 381-moddasi tartibida Bosh prokuraturaga yuborilgan.
O'zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti