Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanida istiqomat qiluvchi yigitning ko‘zidan ajralib qolganligi holati yuzasidan RASMIY MAʼLUMOT
2020 yilning 06 mart kuni Kitob tumanida yashovchi fuqaro (ayol) IIBga ariza bilan murojaat qilib, 2020 yilning 2 mart kuni qarindoshi 25 yoshli Dadaxon X., spirtli ichimlik taʼsirida mast holda bo‘la turib, uning o‘g‘li 17 yoshli Shahzod U.,ning chap ko‘ziga qo‘li hamda pichoq bilan ko‘krak sohasiga urganligini bildirib, unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Kitob tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida, Shahzod U., shu kuni soat taxminan 08:30 da uyining kirish darvozasi taqillaganligi sababli, darvozani ochmoqchi bo‘lganida, Dadaxon X., darvozani qattiq ochib yuborgani tufayli darvoza tutqichi chap ko‘z sohasiga tegib jarohatlaganligi uchun yerga yiqilgach qo‘lida bo‘lgan oshxona pichog‘i ko‘krak sohasi old qismini kesganligini maʼlum qilgan. Ushbu holatni Dadaxon X., ham tasdiqlagan.
Sud tibbiy ekspertiza xulosasida, Shahzod U., “og‘ir” tan jarohati olganligi ko‘rsatilgan.
Mazkur holat yuzasidan Kitob tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Dadaxon X., ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 111-moddasi 2-qismi (Ehtiyotsizlik orqasida badanga o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Bir qator tergov harakatlari o‘tkazilib, jinoyat ishi tomonlarning yarashganligi munosabati bilan Jinoyat ishlari bo‘yicha Shahrisabz shahar sudiga yuborilgan va bu haqda ajrim chiqarilgan.
Biroq, jabrlanuvchining onasi sud ajrimidan norozi bo‘lib, Dadaxon X., farzandini davolatish uchun yetarli pul mablag‘ini bermaganligi sababli, ishni yarashuv tartibida tugatish haqidagi ajrimni bekor qilishni so‘rab jinoyat ishlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyati sudi tomonidan jinoyat ishini kassatsiya tartibida ko‘rib chiqilishini so‘ragan. Sudning ajrimiga ko‘ra, avvalgi ajrim bekor qilinib, jinoyat ishi viloyat IIB huzuridagi Tergov boshqarmasiga qo‘shimcha tergov harakatlarini olib borish uchun yuborilgan.
Tergov boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergov harakatlarida quyidagilar aniqlangan:
2020 yil 02 mart kuni soat 20:30da Shahzod U., ning chap ko‘z sohasidagi olgan “og‘ir” tan jarohati xonadonga kirish darvozasi tegishi oqibatida yetkazilmaganligi, balki Dadaxon X., qo‘lining mushti bilan Shahzod U., ning chap ko‘z sohasiga bir necha marotaba urishi oqibatida yetkazilganligi, shuningdek janjal vaqtida Shahzod U., ning qo‘lidagi oshxona pichog‘ini olib qo‘yish jarayonida uning ko‘krak sohasiga pichoqning tegib ketishi oqibatida Shaxzod U., ga hayot uchun xavfli bo‘lmagan “yengil” tan jarohati yetkazilganligi aniqlangan.
Joriy yilning 08 fevral kuni Dadaxon X.,ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi “v” bandi (o‘ta shafqatsizlik bilan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan ayb eʼlon qilinib, «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
2021 yil 20 fevral kuni jinoyat ishi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi “v” bandidan 104-moddasi 1-qismi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) ga qayta malakalangan.
2021 yil 20 fevral kuni tergov tamomlanib, ayblanuvchi va uning himoyachisiga tergov tamomlanganligi eʼlon qilinib jinoyat ishi hujjatlari bilan tanishtirilgan.
2021 yil 22 fevral kuni jinoyat ishi tegishli tartibda mazmunan ko‘rib chiqishlik uchun prokuraturaga yuborilgan.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti