O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

Samarqandda marixuana sotuvchilarga nisbatan sud hukmi e'lon qilindi.

Samarqand. 2019 yilning 12 sentyabr taxminan 20:00 larda Bulung‘ur tumanida o‘tkazilgan tezkor-tadbir jarayonida, 59 yoshli Muqaddasxon M. 250,52 gr. marixuana giyohvandlik vositasini 18.000.000 so‘m evaziga sotayotgan vaqtida ushlangan. Tadbir davomida aniqlanishicha, Muqaddasxon M. ushbu giyohvandlik vositasini 11.000.000 so‘m evaziga 50 yoshli Baxral S.dan sotib olgan.

2019 yil 13 sentyabr' kuni Bulung‘ur tumanida yashovchi Baxral S.ning yashash uyini ko‘zdan kechirish jarayonida, Baxral S. uydagi molxonasida 4 dona shisha idishlarga qadoqlangan holatda umumiy og‘irligi 276,63 gr. “marixuana” giyohvandlik vositasini qonunga xilof ravishda saqlab kelganligi, hamda orqa tomondagi tomorqasida tarkibida giyohvandlik vositasi bo‘lgan bir tup “kannabis” o‘simligini ekib parvarishlayotganligi aniqlangan va prosessual tartibda rasmiylashtirib olingan. Baxral S. 2019 yil may oyida o‘zi ekkan “kannabis” o‘simligini parvarishlab, pishib yetilganidan so‘ng, undan 5 tupini o‘rib olib maydalab quritgan va jami og‘irligi 250,52 gr. bo‘lgan giyohvand vositani sotish maqsadida 3 dona polietilen paketlarga solib, Muqaddasxon M.ga o‘tkazgan.

Mazkur holat yuzasidan Payariq tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Muqaddasxon M. va Baxral S.larga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ularga nisbatan ayblov e'lon qilinib, “qamoqqa olish”  tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov yakuniga ko‘ra, jinoyat ishi ayblov xulosasi bilan sud muhokamasiga yuborilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Payariq tuman sudining 2019 yilning 13 dekabr kunidagi hukmiga ko‘ra, Muqaddasxon M. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilib, unga 7 yil muddatga; Baxral S. esa JKning 270-moddasi 1-qismi, 273-moddasi 5-qismi va 25,273-moddasi 5-qismi bilan aybdor deb topilib, unga nisbatan 7 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

 O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti

Text to speech