“Adiblar xiyoboni”da talonchilik sodir etgan shaxslar IIO xodimlari tomonidan hodisa joyida ushlandilar
Toshkent shahri. 2021 yilning 16 may kuni tungi soat 22:00larda bir nechta nomaʼlum shaxslar Toshkent shahar Chilonzor tumanida joylashgan “Adiblar xiyoboni”dagi o‘rindiqda o‘tirgan fuqarolar 19 yoshli A.Omadbek va R.Maftunalarning yoniga kelib, A.Omadbekning faol qarshilik qilishiga qaramay, uning cho‘ntagidagi hamyonini ochiqdan-ochiq talon-toroj qilib, hodisa joyidan qochayotganlarida ushbu hududda xizmat olib borayotgan qo‘riqlash xizmati xodimlari tomonidan qo‘lga olinganlar.
Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida, ushbu jinoyatni 20 yoshli I.Doniyor, 22 yoshli R.Azamat, 19 yoshli O.Muhammadbobur va 16 yoshli X.Shahzodalar sodir qilganlari aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Chilonzor tumani bo‘yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 166-moddasi (talonchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Tergov harakatlari jarayonida, ushbu gumon qilinuvchi shaxslar 2021 yilning 16 may kuni soat 12:00 larda mazkur “Adiblar xiyoboni”da bo‘lgan fuqaro 22 yoshli T.Shahzod tanishi 16 yoshli A.Mahliyoxonlarning yoniga kelib, ularga tegishli 2.500.000 so‘mlik “Samsung A-51” va narxi 2.000.000 so‘mlik “Samsung-02S” rusumli telefon apparatlarini ochiqdan-ochiq talon-toroj qilganliklari aniqlanib, jabrlanuvchilar tomonidan tanib olinganlar.
Jinoyat ishi doirasida I.Doniyor, R.Azamat, O.Muhammadbobur va X.Shahzodalarning boshqa jinoyatlarga aloqadorliklari aniqlanib, huquqiy baho berilishi taʼminlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti