Ayolning his-tuyg‘ularida daromad orttirish niyatida bo‘lgan erkak tadbir davomida qo‘lga olindi
Samarqand viloyati. 2023 yil 15 iyun kuni 32 yoshli I.M. (ayol) viloyat IIBga ariza bilan murojaat qilib, unda joriy yilning yanvar oylarida “Abdulaziz” ismli yigit bilan tanishib, u bilan yaqin munosabatlarga kirishib, gaplashib yurganligini, shu orada “Abdulaziz” uning ishonchiga kirib, uni uy sotib olish niyatida pul yig‘ib qo‘yganligidan xabardor bo‘lganligini, shunda uning ishonchiga kirib unga subsidiya asosida uy olib berishlikni vaʼda qilib, 2023 yilning mart oyida 7.000.000 so‘m miqdoridagi pullarni, so‘ngra esa haydovchilik guvohnomasiga to‘lov qilib, olib berishlikni vaʼda qilib, 950.000 so‘m miqdoridagi pullarni olganligi maʼlum qilgan.
Bundan tashqari, “Abdulaziz” unga uning obro‘siga putur yetkizadigan videotasvirlarini Internet tarmog‘i orqali tarqatib yuborishlikni bildirib, ushbu ishni qilmaslik evaziga 5.000.000 so‘m miqdoridagi pullarni berishlikni talab qilib kelayotganligini maʼlum qilib, unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Mazkur ariza asosida viloyat IIB TQX JQB xodimlari tomonidan Samarqand shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida “Abdulaziz” ismli yigit arizachidan uning shaxsiy videotasvirlarini Internet tarmog‘iga tarqatmaslik evaziga talab qilib kelgan 5.000.000 so‘m miqdoridagi pullarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. “Abdulaziz” ismli yigitning shaxsiga aniqlik kiritilganda u muqaddam sudlangan 39 yoshli N.A. ekanligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan N.A.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 165-moddasi 1-qismi (tovlamachilik) va 168-moddasi 3-qismi “b” bandi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ushbu moddalar bilan unga ayblov eʼlon qilinib, “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Hozirda, ushbu shaxsning boshqa jinoyatlarga aloqadorligi tekshirilmoqda.
Tergov davom etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti