G‘allaorolda ayol talonchining ortidan quvib yetdi
Jizzax viloyati. 2021-yil 13-dekabr kuni G‘allaorol tumani Marjonbuloq SHFY da yashovchi 34 yoshli K.G. tuman IIB boshlig‘i nomiga ariza bilan murojaat qilib, unda ushbu kuni soat 09:00 larda uyining eshigi taqqillaganligi, eshikni ochganida qarshisida unga notanish bo‘lgan yigit gavdalanganligini va uning bo‘ynidagi tilla zanjiri hamda unda bo‘lgan tilla “kuloni”ni yulib olib, qochib ketmoqchi bo‘lganida, K.G. uning ortidan quvib, qonunbuzarga yetib olgach, u bilan yerga ag‘anagan vaqtda notanish yigitning qo‘lidan tilla zanjirini tortib olganligi, biroq tilla “kulon” uning qo‘lida qolib ketganligi, qonunbuzar esa qochib ketganligini maʼlum qilib, nomaʼlum shaxsga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Olib borilgan tergov-tezkor harakatlari jarayonida jabrlanuvching tilla zanjirini olib ketgan shaxs G‘allaorol tumani “O‘zbekoltin” mahallasida yashovchi retsidivist 29 yoshli Sh.N. ekanligi, mazkur tilla kulonini U.S.,ga 355.000 so‘mga sotganligi aniqlanib, U.S. dan tilla kuloni xolislar ishtirokida ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.
Mazkur holat yuzasidan G‘allaorol tumani IIB huzuridagi Tergov guruhi tomonidan Sh.I. ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 166-moddasi 3-qismi “a” bandi (talonchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, unga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
Muallif: Jizzax viloyati Yangiobod tumani IIB huzuridagi
Tergov guruhi katta tergovchisi
kapitan Eshbekov Voxidjon
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti