O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

Avvaliga olib qochib, keyin pullash rejalashtirilgan

Farg‘ona viloyati. 2022 yil 04 yanvar kuni soat 03:30 larda O‘zbekiston tuman IIBga kelib tushgan xabarga ko‘ra, shu kuni soat 01:30 dan 02:00 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida O‘zbekiston tumani Tadbirkor ko‘chasida yashovchi 57 yoshli M.A., ning yashash xonadoni oldida qarovsiz qoldirilgan "Lacetti-2” rusumli avtomashinasi nomaʼlum shaxslar tomonidan olib qochilganligi, avtomashina yukxonasida 20.000.000 so‘m, saloni ichida 500 AQSH dollari hamda 2.000.000 so‘m pullari bo‘lganligi to‘g‘risida maʼlum qilingan.

Olib borilgan tezkor-qidiruv ishlari natijasida, ushbu jinoyatni O‘zbekiston tumanida yashovchi 40 yoshli O.S. hamda 25 yoshli S.A.,lar sodir etganliklari aniqlangan.

Jumladan, jinoiy rejaga asosan, ular jabrlanuvchiga tegishli “Lacetti-2” rusumli avtomashinani olib qochib, Namangan shahri Mashhur ko‘chasida yashovchi 31 yoshli P.J.,ga avtomashinani 13.000 AQSH dollariga sotishga kelishganliklarini va ushbu pullardan 1.000 AQSH dollarini olishganligi maʼlum bo‘lgan.

Fuqaro P.J.,dan jabrlanuvchi tegishli bo‘lgan “Lacetti-2” rusumli avtomashina ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O.S. va S.A.,larga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 267-moddasi 2-qismi “b” bandi (transport vositasini olib qochish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Tergov jarayonida avtomashinada bo‘lgan pullar va transport vositasi olib qochilishi bilan bog‘liq barcha holatlarga qonuniy baho beriladi.

 

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti

Text to speech