"Bir haftada 3 yangi “Gentra”ni salondan chiqaraman"
Jizzax viloyati. Forish tumani Anhor ko‘chasida istiqomat qiluvchi 37 yoshli T.Z. Jizzax shahar IIBga ariza bilan murojaat qilib, 2022 yilning 22 noyabr kuni Namangan shahrida yashovchi 39 yoshli N.U. uning ishonchiga kirib, unga o‘zini Toshkent va Namangan shaharlaridagi avtosalonlarda tanishlari borligini, ular orqali 1 hafta muddat ichida avtosalondan 3 dona yangi “Gentra” rusumli avtomashina olib berishini vaʼda qilib, buning uchun undan oldindan 40.000 AQSH dollari miqdorida pul kerakligini aytib, so‘ngra aldov yo‘li bilan ushbu pullarini undan olib, bergan vaʼdasini bajarmay va pullarini ham qaytarib bermasdan yurganligini maʼlum qilib, unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishlikni so‘ragan.
Mazkur holat yuzasidan Jizzax shahar IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (Firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Hurmatli fuqarolar, mulklaringiz va pullaringizni notanish hamda Sizga halol inson sifatida tanish bo‘lmagan shaxslarga o‘z xohishingiz bilan bermang. Firibgarlar to‘riga tushmaslik o‘z qo‘lingizda.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti