Bir jinoyat oqibatida ikkinchi jinoyat ham yuzaga chiqdi
Samarqand viloyati. 2023 yil 16 may kuni Urgut tumanida yashovchi 21 yoshli A.A. ariza bilan murojaat qilib, shu kuni soat 03:00 larda ikki nafar nomaʼlum shaxslar, unga tegishli bo‘lgan Urgut tumani “Do‘stlik” mahallasida joylashgan oziq-ovqat savdo do‘konining oldiga “VAZ 2106” rusumli avtomashinada kelib, do‘koning kirish eshigini qulfini sindirish yo‘li bilan savdo do‘koniga kirib, do‘kon kassasidan 3.500.000 so‘m pullarini hamda jami bahosi 3.320.000 so‘mlik oziq ovqat mahsulotlarini yashirin ravishda o‘g‘irlab, avtomashinaga ortib, voqea joyidan yashiringanliklarini maʼlum qilib, ushbu nomaʼlum shaxslarni aniqlab, ularga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Olib borilgan tergov-tezkor ishlar natijasida, mazkur jinoyatni Urgut tumani “Kamardon” mahallasida yashovchi 19 yoshli K.J. va B.N.lar sodir etganliklari aniqlanib, ulardan turli xildagi oziq-ovqat mahsulotlari tegishli tartibda ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olinib, boshqaruvida bo‘lgan “VAZ 2106” rusumli avtomashina ko‘zdan kechirilganda avtomashinadan 1 dona metall kesuvchi qaychi aniqlanib, ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan, avtomashina esa jarima maydonchasiga joylashtirilgan.
Mazkur holat yuzasidan Urgut tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan K.J. va B.N.larga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 169-moddasi 2-qismi “v,g” bandlari (o‘g‘irlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumon qilinuvchilar protsessual tartibda ushlangan.
Jinoyat ishi doirasida yuqorida ko‘rsatilgan “VAZ 2106” rusumli avtomashina kimga tegishli ekanligi o‘rganilganda, mazkur avtomashina Urgut tumani Kamardon mahallasida yashovchi 54 yoshli J.F.ga tegishli ekanligi va gumon qilinuvchilar ushbu avtomashinani shu kuni soat 02:30 larda fuqaro J.F.ning yashash uyi oldidan olib qochib, yuqorida ko‘rsatilgan o‘g‘irlik jinoyatini sodir etganliklari aniqlangan.
Hozirda, gumon qilinuvchilarga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilib, jinoyat ishi doirasida ularning xati-harakatlari transport vositasini olib qochish jinoyatini ham qamrab oluvchi moddalar bilan malakalangan.
Tergov harakatlari davom etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti