Bitta yer maydonini uch nafar shaxsga sotib daromad orttirmoqchi bo‘lgan firibgar ushlandi
Jizzax viloyati. 2020 yil noyabr oyida Sharof Rashidov tumani O‘zbekiston ko‘chasida yashovchi 39 yoshli Z.Z. o‘zganing mulkini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritish maqsadida, o‘ziga tegishli bo‘lgan xonadonning 6 sotix yer maydonini tanishi Sharof Rashidov tumani Yangihayot ko‘chasida yashovchi 31 yoshli D.D.ga 86 mln. so‘mga sotishini aytib, ishonchiga kirib, D.D.dan jami 86 mln. so‘m miqdoridagi pullarini qo‘lga kiritib, o‘zining shaxsiy ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgan.
Bundan tashqari, Z.Z. o‘zining jinoiy harakatlarini takroran davom ettirib, 2021 yil may oyida xonadonining aynan shu 6 sotix yer maydonini Sharof Rashidov tumani Nodirabegim ko‘chasida yashovchi 33 yoshli A.B.ga 75 mln. so‘mga sotishni vaʼda qilib, ishonchiga kirib, A.B.dan kelishilgan puldan 24 mln. so‘mini qo‘lga kiritib, yer maydonini hujjatlashtirib bermasdan, keyinchalik ushbu yer maydonini Sharof Rashidov ko‘chasida yashovchi 40 yoshli S.E.ga 75 mln. so‘mga sotib, S.E.ning nomiga hujjatlashtirib berganligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Sharof Rashidov tumani IIB huzuridagi Tergov guruhi tomonidan Z.Z.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 168-moddasi 3-qismi “a,b” bandlari (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Hurmatli fuqarolar! Birovga ishonch bildirishdan oldin chuqur o‘ylab ko‘ring. Firibgarlik qurboniga aylanib qolishdan ogoh bo‘ling!
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti