Buxorodagi YTHda 5 nafar fuqaro ogʼir jarohat olgan, 2 nafari esa vafot etgan
Buxoro. 2020 yilning 19 may kuni soat 13:30 da 31 yoshli M.J., boshqaruvidagi “Nexia” rusumli avtomashinasida Buxoro viloyat Qorakoʼl tumani hududidan oʼtuvchi 4R-76 yoʼlining 8-kilometriga yetganida, amaldagi yoʼl harakati qoidalarini qoʼpol ravishda buzib, oʼziga nisbatan qarama-qarshi yoʼnalishda harakatlanib kelayotgan 39 yoshli N.T., ning boshqaruvida boʼlgan “Lacetti” rusumli avtomashina bilan toʼqnashib, yoʼl-transport hodisasini sodir etgan.
Oqibatda, “Nexia” avtomashinasining yoʼlovchisi 19 yoshli Z.N., hodisa joyida, haydovchi M.J., esa tibbiyot birlashmasida vafot etganlar. Bundan tashqari, har ikki avtomashinadagi 6 nafar yoʼlovchilardan 5 nafari “ogʼir” tan jarohati, bir nafari esa “engil” tan jarohati olgan, ularning barchasiga tibbiy yordam koʼrsatilgan.
Mazkur holat yuzasidan Qorakoʼl tuman IIB huzuridagi Tergov boʼlimi tomonidan Oʼzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi (odamlar oʼlimiga olib kelgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qoʼzgʼatilgan.
Hurmatli haydovchilar avtomashina boshqarganingizda, oʼzingizdan tashqari yoʼl harakatining boshqa qatnashchilarining ham sogʼligi yoki xayotini xavf ostiga qoʼyishingiz mumkinligini unutmang, zero sizning bir soniyalik eʼtiborsizligingiz yoki birgina nojoʼya xatti-harakatingiz avvalambor oʼzingiz, eng achinarlisi esa atrofdagilarning ham umriga zomin boʼlishi mumkin. Barchamizni uyda oilamiz kutayotganligini yodingizda tutaylik!
Oʼzbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti