Do‘konni o‘margan shaxslar qo‘lga olinishdi
Jizzax viloyati. Joriy yilning 1 fevral kuni Zomin tumani IIB boshlig‘ining nomiga “Beshyuz” qishlog‘ida istiqomat qiluvchi, xususiy tadbirkor, 27 yoshli S.J. ariza bilan murojaat qilib, o‘z arizasida joriy yilning 29 yanvardan 30 yanvarga o‘tar kechasi, uch nafar nomaʼlum shaxslar, uning savdo do‘koniga, eshigini buzish yo‘li bilan kirib, ichida bo‘lgan narxi 3.000.000 so‘mlik 17 juft erkaklar oyoq kiyimlari, narxi 3.000.000 so‘mga teng 50 kg. mol go‘shti, 300.000 so‘mga teng 15 dona yelim idishlardagi o‘simlik yog‘i va 10.000.000 so‘m naqd pullarini o‘g‘irlab ketganligini maʼlum qilib, nomaʼlum shaxslarga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Mazkur holat yuzasidan Zomin tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan nomaʼlum shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi “v,g” bandlari (o‘g‘irlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Olib borilgan tergov-tezkor harakatlari natijasida ushbu jinoyatni 28 yoshli U.B., voyaga yetmagan 15 yoshli M.J. va J.S., lar hamda Tojikiston Respublikasi fuqarosi 28 yoshli K.B.,lar tomonidan oldindan o‘zaro jinoiy til biriktirib, sodir etilganligi aniqlanib, U.B.,dan 2 dona yelim idishdagi o‘simlik yog‘i va 2 juft erkaklar oyoq kiyimi tegishli tartibda ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.
Hozirda U.B. va K.B., lar JKning 169-moddasi 2-qismi “v,g” bandlari va 127-moddasi 3-qismi (voyaga yetmagan shaxsni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilish) bilan, voyaga yetmaganlar M.J. va J.S.,lar esa JKning 169-moddasi 2-qismi “v,g” bandlari bilan gumon qilinuvchi tariqasida jinoyat ishida ishtirok etishga jalb qilinib, protsessual tartibda ushlanganlar.
Tergov harakatlari davom etomoqda.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti