O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

Eʼlon: Ijaraga uy beriladi...

Toshkent shahar. 2022 yilning 11 yanvar kuni Nukus shahrida yashovchi 23 yoshli P.Z. Uchtepa tumani bo‘yicha IIO FMB boshlig‘i nomiga ariza bilan murojaat qilib, unda “OLX.UZ” sayti orqali ijaraga uy qidirib, Uchtepa tumanidagi xonadon ijaraga berilayotganligi haqidagi eʼlonda ko‘rsatilgan telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qilganida, uy egasi deb tanishtirgan nomaʼlum shaxs eʼlondagi uyni ijaraga berishga ishontirib, go‘yoki turmush o‘rtog‘ining nomiga ochilgan plastik karta hisobiga dastlab 1.590.000 so‘m miqdoridagi pul mablag‘larini o‘tkazib berishini aytib, 2022 yilning 05 yanvardan 07 yanvarga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida yuqorida ko‘rsatilgan pul mablag‘larini olgach, bergan vaʼdasini bajarmasdan, pullarini ham qaytarmayotganligi sababli, ushbu shaxsga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Mazkur holat yuzasidan Uchtepa tumani bo‘yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan nomaʼlum shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 1-qismi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, keyingi tergov harakatlarini o‘tkazish uchun Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasiga yuborilgan.

Olib borilgan tergov-tezkor tadbirlari natijasida, mazkur jinoyatni Toshkent shahar Bektemir tumanida yashovchi muqaddam bir-necha marotaba sudlangan xavfli retsidivist 28 yoshli Q.R. tomonidan sodir etilganligi aniqlagan.

Bundan tashqari, Q.R., aldash va ishonchni suiisteʼmol qilish yo‘li bilan o‘zganing mulkini qo‘lga kiritish maqsadida “OLX.UZ” saytiga Toshkent shahar Sirg‘ali va Chilonzor tumanlarida joylashgan go‘yoki o‘ziga tegishli bo‘lgan ikki xonali uyni ijaraga berishi to‘g‘risida eʼlon va xonadon fotosuratlarini joylashtirib, 2021 yilning 21 noyabr kuni 30 yoshli U.A.,dan 300.000 so‘m va 19 dekabr kuni 23 yoshli Yo.S.,dan 800.000 so‘m pul mablag‘larini plastik karta hisobiga o‘tkazib berishini aytib, pul mablag‘larini olgach, bergan vaʼdasini bajarmay, pullarini qaytarmasdan kelayotganligi aniqlangan.

Hozirda mazkur jinoyat ishi bo‘yicha Q.R. O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 3-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishida gumonlanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilingan.

Tergov harakatlari davom etmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti

Text to speech