Yer osti yo‘lida sodir etilgan talonchilik
Toshkent shahar. 2022 yil 24 fevral kuni soat 23:30larda 4 nafar nomaʼlum shaxslar o‘zgalar mol-mulkini ochiqdan-ochiq talon-toroj qilish maqsadida, Bektemir tumani “Qo‘yliq bozori” hududidagi yer osti yo‘lidan o‘tib ketayotgan Samarqand viloyatida yashovchi 17 yoshli E.B.ni (erkak) to‘xtatishib, uni kuch ishlatish bilan qo‘rqitib, cho‘ntagida bo‘lgan bahosi 1.300.000 so‘mlik “RedMi” rusumli telefon apparatini tortib olib, hodisa sodir bo‘lgan joydan yashirinishgan.
Olib borilgan tergov-tezkor harakatlari natijasida mazkur jinoyat muqaddam sudlanganlar 23 yoshli J.R. (erkak), 28 yoshli B.A. (erkak), 26 yoshli B.H. (ayol) hamda 18 yoshli Q.M.lar (ayol) tomonidan sodir etilganligi, talonchilik yo‘li bilan bilan qo‘lga kiritgan “RedMi” rusumli uyali telefon apparatini esa Toshkent shahar Bektemir tumanida joylashgan “Qo‘yliq” bozorida o‘zlariga notanish bo‘lgan fuqaroga 350.000 so‘mga sotib yuborganliklari aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Bektemir tumani bo‘yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan yuqoridagi shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 166-moddasi 2-qismi “v” bandi (talonchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumon qilinuvchilar protsessual tartibda ushlanganlar.
Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti