Erini eʼtiborini tortish uchun jinoyatga qo‘l urishgacha bordi
Namangan viloyati. 2023 yil 10 fevral kuni soat 11:15 da To‘raqo‘rg‘on tumani IIBga 21 yoshli B.M. qo‘ng‘iroq qilib, nomaʼlum shaxs To‘raqo‘rg‘on tumani Hamroh ko‘chasida joylashgan xonadoniga yuziga niqob taqqan holda kirib, uni va 1 yoshli qizini o‘ldirish bilan qo‘rqitib, hayot va sog‘lik uchun xavfli bo‘lgan zo‘rlik ishlatib, qo‘lida bo‘lgan pichoq bilan uning bo‘yin qismiga jarohat yetkazib, uyda bo‘lgan narxi 19 mln. 200 ming so‘mlik tilla-taqinchoqlarini bosqinchilik yo‘li bilan qo‘lga kiritib voqea joyidan yashiringanligi haqida xabar berib, nomaʼlum shaxsga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni va olib ketilgan tilla-taqinchoqlarini qaytarishda amaliy yordam berishni so‘ragan.
Mazkur holat yuzasidan To‘raqo‘rg‘on tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan nomaʼlum shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 164-moddasi 3-qismi “v” bandi (bosqinchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Olib borilgan tergov-tezkor harakatlari natijasida jabrlanuvchi B.M. o‘zining turmush o‘rtog‘i unga nisbatan beeʼtibor bo‘layotganligi sababli uning eʼtiborini o‘ziga jalb qilish maqsadida, shu kuni xonadonida hech kim yo‘qligidan foydalanib, barcha xonalarini titib tashlab, birga yashovchi qaynonasi yotoqxonasidan 19 mln. 200 ming so‘mlik tilla-taqinchoqlarini yashirib, bo‘yniga igna orqali shilinma tortib, go‘yoki yashash xonadoniga nomaʼlum shaxs g‘ayriqonuniy ravishda kirib, pichoq bilan o‘zi va chaqalog‘ini o‘ldirish bilan qo‘rqitib, tilla taqinchoqlarni olib ketganligi haqida To‘raqo‘rg‘on tumani IIBga yolg‘on xabar berganligi aniqlangan.
B.M.ning yashash xonadoni ko‘zdan kechirilganda o‘zi tomonidan yashirilgan tilla taqinchoqlar ashyoviy dalil sifatida xolislar ishtirokida rasmiylashtirib olingan.
Mazkur holat yuzasidan B.M. O‘zbekiston Respublikasi jinoyat kodeksning 237-moddasi 2-qismi “g” bandi (o‘ta og‘ir jinoyat sodir etishda ayblab sodir etilgan yolg‘on xabar berish) bilan ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilinib, unga nisbatan “garov” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Jinoyat ishi ayblov xulosasi bilan tegishli sudlov organiga yuborish masalasini hal etish uchun To‘raqo‘rg‘on tuman prokuraturasiga yuborilgan.
Tergov departamenti