O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

Esdan chiqib qolibdi...

Namangan viloyati. Joriy yilning 29 yanvar kuni Norin tumani Otquloch ko‘chasida yashovchi 32 yoshli M.M. tuman IIB boshlig‘i nomiga ariza bilan murojaat qilib, unda 2022 yil 28 yanvar kuni soat 21:30dan ertasi kuni soat 09:00gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida o‘ziga tegishli bo‘lgan “Lacetti” rusumli avtomashinasini yashash xonadoni oldida qarovsiz qoldirib ketganligi, nomaʼlum shaxs ushbu holatdan foydalanib, eshigini kalit tanlash yo‘li bilan ochib, avtomashinani nomaʼlum tomonga olib qochib ketganligini maʼlum qilib, avtomashinani topishda hamda nomaʼlum shaxsga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Olib borilgan tezkor-qidiruv ishlari natijasida, ushbu avtomashina Norin tuman “Istiqlol” ko‘chasida joylashgan 108 uy oldida qarovsiz va hech qanday shikastlarsiz hamda eshiklari qulflangan holatda tashlab ketilganligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Norin tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan nomaʼlum shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 267-moddasi 1-qismi (transport vositasini olib qochish) bilan qo‘zg‘atilgan.

Olib borilgan dastlabki tergov davomida, aslida avtomashina olib qochilmaganligi, aksincha shu kuni arizachi mast holda uyiga kelib, uyida ham spirtli ichimliklar isteʼmol qilishni davom ettirib, mast bo‘lib qolib, transport vositasini nomaʼlum shaxs o‘g‘irlab ketganligi to‘g‘risida haqiqiy holatga to‘g‘ri kelmaydigan, ayblovning sunʼiy dalillarini vujudga keltirgan holda tuman IIBga yolg‘on xabar berganligi aniqlangan.

Mazkur jinoyat ishi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 267-moddasi 1-qismidan 237-moddasi 2-qismi “a,g”-bandlariga (yolg‘on xabar berish)ga qayta malakalanib, shu kuning o‘zidayoq M.M. gumonlanuvchi tariqasida jinoyat ishiga jalb qilinib, protsessual tartibda ushlangan.

Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti

Text to speech